Vatan himoyasi – muqaddas burch!
Tinchlik, osoyishtalik hukm surgan joyda ezgu ishlar hamisha bardavom bo‘ladi. Bu hayotiy haqiqatni xalqimiz istiqlol yillarida barcha sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, millatlararo totuvlik, hamjihatlik, olijanoblik va mehr-oqibat kabi insoniy tuyg‘ular har qachongidan yuksak cho‘qqiga ko‘tarildi. Mazkur yutuqlar zamirida bugungi zamon talablari asosida shakllantirilgan Qurolli Kuchlarimizning ham alohida o‘rni bor. Chunki milliy armiyamiz yurtimiz mustaqilligi, uning xavfsizligi va hududiy yaxlitligining ishonchli kafolati hisoblanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30-yilligi hamda 14-yanvar – “Vatan himoyachilari kuni” munosabati bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Vatan himoyasi – muqaddas burch!” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi ofitserlari, mehmonlar, Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda xodimlari ishtirok etdi. Tadbirni Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov tabrik so‘zi bilan ochib, O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tizimida so‘nggi yillarda amalga oshirilgan keng ko‘lamli islohotlar, Davlatimiz rahbarining O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30-yilligi munosabati bilan yo‘llagan tabrigining mazmun-mohiyati xususida so‘z yuritdi.
– Shukrlar bo‘lsinki, bugun yurtimizda Vatan himoyachilari kuni, tom ma’noda, umumxalq bayramiga, vatanparvarlik, mardlik va jasurlik kabi yuksak fazilatlar timsoliga aylanib ulgurdi, – deydi Muzaffar Komilov. –E’tirof etish joiz, so‘nggi yillarda Qurolli Kuchlarimizni modernizatsiya qilish, uning harbiy-texnik va jangovar salohiyatini oshirish, harbiy xizmatchilar jismoniy va ma’naviy tayyorgarligini yuksaltirish, ularni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, yoshlarni vatanparvarlik ruhida voyaga yetkazish bo‘yicha ulkan ishlar amalga oshirilmoqda.
Ushbu islohotlarning samarasi o‘laroq, Milliy uyg‘onish — uchinchi Renessans davriga poydevor qo‘yilayotgan yangi O‘zbekistonda kamol topayotgan yoshlar bugun har jihatdan Amir Temur, Jaloliddin Manguberdi kabi buyuk sarkardalarimizga munosib ravishda jismonan va ma’nan sog‘lom, Vatanga fidoyi va intellektual salohiyatli avlod bo‘lib ulg‘aymoqda.
Qayd etish kerak, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Vatanparvar oyligi” doirasida oliy ta’lim muassasasi professor-o‘qituvchilari hamda xodimlari o‘rtasida sportning mini futbol, voleybol, shaxmat-shashka, stol tennisi turlari bo‘yicha bellashuvlar tashkil etildi. Akademiya a’zolari o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida o‘tgan bahslar qiziqarli va do‘stona sur’atda kechib, ishtirokchilarning shijoatini yanada ko‘tardi. Salomatliklari uchun ayni muddao bo‘ldi. Musobaqa yakunlariga ko‘ra, g‘olib va sovrindorlar aniqlanib, mutasaddilar tomonidan taqdirlandi.
Rasmiy marosimlardan so‘ng Akademiya iqtidorli talaba-qizlari tomonidan tashkil etilgan “Dutorchi qizlar” ansambli tomonidan xalqimizning bir necha asrlik milliy qo‘shiqlarining ijro etilishi tadbirga yanada fayz ulashdi.
Ko‘tarinki ruhda o‘tgan bayram davomida O‘zbekiston Qurolli Kuchlari safida muddatli harbiy xizmatni o‘tab kelgan Akademiya talabalari tomonidan “Askar maktubi” monologi va qo‘shig‘i, Vatan, yurt himoyasi yo‘lida sharafli mehnat qilayotgan harbiylarimizning matonati aks etgan she’rlar, harbiy qo‘shiqlar, harbiy orkestr jamoasining musiqiy chiqishlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
Mazkur sahna ko‘rinishlarida Vatan himoyachilarining mardonavor mehnati va vazifasi aks etib, bu orqali yoshlarda ona yurtiga bo‘lgan muhabbat tuyg‘ularini yanada oshirdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish