489

Yangi O‘zbekiston qutlug‘ makonga, Uchinchi Renessans ezgu maqsadga aylansin!

SHUKUH

Elimizda “Baraka odamning o‘zida” degan go‘zal hikmat bor. Tiriklik tashvishlaridan xoli chog‘da sog‘lom aql bilan mushohada qilib ko‘rgan kishi bu so‘z zamirida nechog‘liq teran ma’no borligini anglaydi. Ota-onasidan millionlarga teng boylikni meros qilib olgach, uni havoga sovurib, bir chaqaga zor bo‘lib qolgan kishilar qismati bu gapning yaqqol isbotidir.

Shuning uchun bo‘lsa kerak, ko‘pni ko‘rib, hayotning katta qozonida xo‘p qaynagan keksalarimiz har bir duosida “baraka bersin”, degan tilakni qayta­-qayta takrorlaydi. Ha, Yaratganning o‘zi barchani barakadan ayirmasin...

Yangi O‘zbekiston deganda nimani anglamoq lozim?

Balandparvoz savol tashlanibdi, deb malomat qilishga shoshilmang. 

Keling, shu savolga birgalashib javob qidiraylik. 

Sahobiylardan bizgacha yetib kelgan bir gap bor: “Eshitdik va itoat qildik”. Shunday bo‘lmasa, e’tiqod darzlanib, jamiyat parokanda, yosh-u qari bir-­biriga itoatsiz, xalqdan hayo ko‘tarilar darajadagi bir ahvol yuz berib, kishilarni ishonchday muqaddas ne’mat tark etar ekan. Shu bois, bugungi o‘zbek xalqining har bir vakilidan Yangi O‘zbekiston g‘oyasiga, mafkurasiga, maqsadiga ishonish talab etiladi.

Negaki, ishonchsiz maqsadga yetib bo‘lmaydi...

Shahar va qishloqlarimizda qad rostlayotgan bir-­biridan go‘zal imoratlar, birin-­ketin ishga tushayotgan yangi-­yangi zavod­-fabrikalar, sport majmualari, zamonaviy issiqxonalar, qamrovi va soni ham tobora kengayib borayotgan oliy o‘quv yurtlari, ko‘zlarni quvnatib, ko‘ngillarga o‘zgacha shukuh bag‘ishlayotgan xiyobonlar, yillar mobaynida ta’mirlanmagan yo‘llarning obod bo‘layotgani, qir­-adirlar orasida bo‘lsa­-da, shahar tusini olayotgan obod qishloqlar hamda turar joy majmualari yurt qiyofasini tubdan o‘zgartirib yuborayotgani ayni haqiqat.

Mamlakatdagi o‘zgarishlarni yuqorida sanab o‘tilgan bunyodkorliklar nuqtai nazari bilan o‘lchovchi kishi Yangi O‘zbekiston deganda shularni tushunar, ehtimol. Ammo bugunning ziyoli qatlami, yoshlar ta’lim-­tarbiyasiga, mafkura va ma’naviyat masalalariga mas’ul bo‘lgan mutasaddilar, el so‘rab turgan rahbarlarning Yangi O‘zbekiston g‘oyasini bu tarzda qabul qilishi anchayin soddalik bo‘lardi, nazarimizda.

Teran nigoh

Bugun yosh-u qarida kelajakka ishonch birdek uyg‘ongani, so‘z erkinligi borasidagi olg‘a siljishlar, ommaviy axborot vositalarining jamoatchilik nazoratidagi o‘rni tobora mustahkamlanib borayotgani, atrofdagi qardosh xalqlar bilan samimiy munosabatlar qaror topgani, din va e’tiqod erkinligi masalasidagi tahsinga sazovor islohotlar, valyuta bozoridagi inqilobiy o‘zgarishlar, banklar faoliyatida, naqd va virtual pul aylanmasidagi ijobiy yutuqlar, xalq bilan muloqot, propiska muammosining yechimi, kambag‘allikni qisqartirish borasidagi chora­tadbirlar, bir vaqtlar hatto mavjudligi inkor etilgan, mamlakat obro‘siga dog‘ tushiradi, deb hisoblangan mehnat muhojirlari muammosi yechimiga doir qarorlar, mamlakatda ishsizlikni bartaraf etishga qaratilgan islohotlar keng quloch yozgani, yillar mobaynida ko‘z yumib kelingan energetika taqchilligi muammolari yechimi borasida boshlangan sa’y­-harakatlar, eng muhimi, jamiyatda ilmga rag‘bat tuyg‘ulari qayta bosh ko‘targani, davlat darajasida qo‘llab­-quvvatlanayotgani ham mana shu sizu biz yashab turgan Yangi O‘zbekistonda sodir bo‘lmoqda.

Ha, bugungi O‘zbekiston zohiran shu kabi o‘zgarishlar bilan yangilanmoqda.

Bu jarayonlar botinida yillar mobaynida o‘zgarishsiz qolib kelayotgan eski usullardan voz kechilgani, Yangi O‘zbekiston siyosati markaziga insonparvarlik, adolat mezoni muhim omil sifatida qo‘yilayotgani, mamlakat ziyolilari, elu elatimiz yangicha fikrlay boshlagani, yoshlar ta’limi, tarbiyasi, jismoniy va ruhiy sog‘lomligiga e’tibor qaratilayotgani, eng muhimi, najot ilmda ekani anglanib, “jaholatga qarshi – ma’rifat” g‘oyasi olg‘a surilayotgani ko‘rinadi.

Shu kabi jarayonlar sababli bugungi O‘zbekiston barakali, fayzli, shukuhli yurtga aylanib boryapti. Bu bizdan ko‘ra ko‘proq ko‘ylakni kiyib to‘zdirgan, tuzumlar, boshqaruv, davlat rahbarlarining birqanchasini ko‘rib, o‘zining munosib bahosini bera olishga qodir bo‘lgan oqsoqollarning, duosi ijobat keksalarimizning, uyg‘oq fikrli kayvonilarimizning gapi. Xalqimizning “Qari bilganni pari bilmas” degan hikmatiga iqror bo‘lsak, ulug‘larimizning bugunga bergan munosib bahosiga tan bermay iloj yo‘q...

Ha, baraka odamning o‘zida.

Barakasi borga ergashgan xalq esa aslo xor bo‘lmaydi.

Inson qadri uchun maydonga tushganlar

Qirq ikki yillik umrimning esimni tanigan, harholda aniqroq xotirlay oladigan o‘ttiz to‘rt yili ko‘z oldimdan birma-­bir kinotasmasiday o‘taveradi. O‘zlikni anglash yo‘lida bosib o‘tilgan bu yo‘l, qanchalik mashaqqatli bo‘lmasin, millatimiz uchun yutuqlar yo‘li bo‘lib ko‘rindi menga.

...Istibdod zanjirini uzishga intilgan ziyolilar, jonfido vatandoshlar qismati, elga bosh bo‘lganlarning oqilligi, sabru bardoshi bois, qo‘lga kiritilgan Vatan mustaqilligi va ozod xalqning orzumanda kunlari...

Alvon pioner galstugini bo‘ynimizdan na yechishni, na taqishni bilmay yurgan, shuncha vaqt ulug‘langan, alqangan ideallar chilparchin bo‘lgan, biz — maktab o‘quvchilarining, muallimlarimizning karaxt holati, mafkurasizlik...

Loqaydlik oqibatida mamlakat infratuzilmasining ko‘z oldimizda vayron bo‘lgani, chuqurlashgan energetika muammosi. O‘z rafiqasini yashab turgan uyiga doimiy ro‘yxatga qo‘yolmagan, o‘z puliga olgan uyini o‘zgalar nomiga rasmiylashtirib, uyi va pulidan ayrilgan sho‘rliklar, kun sari zaiflashib boravergan ijtimoiy himoya, ish qidirib yurtdan chiqqan muhojirlar qismati...

Ha, shular o‘tdi ko‘z oldimdan.

Yana 1998-yili Toshkent davlat universiteti jurnalistika fakultetiga hujjat topshirishga kelganim, tahririyatga maqola olib borganim, u yerda bir kishi men bilan suhbatlashib ko‘rgach: “Erkak kishi ekansiz, bo‘yningizga ro‘zg‘or yuki tushadi, uka. Jurnalistning to‘rt so‘m oyligi yo‘lkiraga ham yetmaydi. Yaxshisi, “bozorchi” bo‘lish kerak hozirgi zamonda”, deb nasihat qilgani.

Ko‘nglim cho‘kkani...

Ko‘p o‘tmay boshqa bir gazeta tahririyatida maqolamni qabul qilib olgan Vasila opaning: “Hozir hamma o‘zini pul topishga urgan. Yigitlar ham yo iqtisodchi yoki yurist bo‘laman, deyishdan boshqasini bilmaydi. Lekin bu o‘tkinchi: ikki yil, besh yil, boring, o‘n yil davom etar. Bir kun kelib jamiyatga biz ham kerak bo‘lamiz. Sizning kelajakka intilishingiz tahsinga loyiq. Sizday yigitlarni ko‘rsam, xursand bo‘laman”, degani.

Mening ham mamnun bo‘lganim...

Tahririyatlarning tuprog‘ini yalab, qattiqqurug‘ini totib ko‘rgach, gohida o‘z kasbimdan pushaymon bo‘lganlarim. Ba’zi voqealarning tub mohiyatini anglab-­anglamay isyon qilganlarim, “oq” deb yurganlarim “qora” bo‘lib chiqqach, o‘zimdan uyalganlarim...

Vayron bo‘lgan Vatanning ko‘z oldimda qad rostlayotgani. 

Va Vasila opaning bashorati ro‘yobga chiqqani.

Oxir­oqibat Yangi O‘zbekiston fenomeni!

Inson qadrini baland bilganlar, ularga ergashgan el.

... Yana shular o‘tdi xayoldan.

Bugungi O‘zbekistonda majburiy mehnat yo‘q. Bolalarning majburiy mehnati ham. O‘g‘il­-qizimiz ilm olish, hunar o‘rganish bilan band. Holbuki, bu yigit­-qizlarning ota-­onalari – biz, 15 yoshli o‘smirlar oilamizdan olisda, Mirzacho‘lning kimsasiz dalalarida kuzning zaxkash kunlari shiyponlarda diydirab tong ottirgan, kechgacha 50 kilogramm paxta terolmaganimiz uchun maktabdoshlar oldida izza qilinib, muallimlarimizning tarsakisini totib ko‘rgan sobiq o‘quvchilarmiz...

BMT ma’lumotlariga ko‘ra, bugun dunyodagi har o‘ninchi bola majburiy mehnatga jalb qilinmoqda. Yaratganga shukrlar bo‘lsinki, O‘zbekiston farzandlari bu ro‘yxatda yo‘q. Majburiyatlarning barchasi bekor bo‘lgan. Hatto majburiy obuna ham...

Negaki, o‘zini ziyoli sanagan kimsani biror yumushga, hatto obunaga ham majburlash shart emas. Zamon bilan hamnafas bo‘lish, ongu tafakkurini ilm-u fan, iqtisod, siyosat, madaniyat va o‘zi uchun kerakli bo‘lgan boshqa yangiliklar bilan to‘ldirib borish uchun kerakli nashrga o‘zi obuna bo‘ladi...

Yangi O‘zbekiston fenomenining bir qirrasi shu aslida.

Yana bir qirrasi Alloh xalqimizga ato etgan oqillik.

Xalq ilmga, mukammal hunarli bo‘lishga, tijoratga ham, ziroatga ham ilm bilan yondashishga va nihoyat, mamlakatda Uchinchi Renessansga tamal toshini qo‘yishga da’vat etilmoqda. Bu chorlovga o‘zini chin ma’noda vatanparvar deb hisoblagan har bir fuqaro “labbay”, deb javob berishi lozim.

Toki biz – bugungi o‘zbek xalqining har bir farzandi uchun Yangi O‘zbekiston qutlug‘ makonga, Uchinchi Renessans ezgu maqsadga aylansin!

Abduhamid MUXTOROV,

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, xalq ta’limi a’lochisi, 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi “Ziyo” media markazi direktori

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2022-yil 6-yanvar, 3-son

 

Izoh qoldirish