527

Yangi O‘zbekiston orzusi hayotiy ishonch va qudratga aylanmoqda

HARAKATLAR STRATEGIYASIDAN – TARAQQIYOT STRATEGIYASI SARI

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi Rustambek Qurbonovning “Yangi O‘zbekiston” gazetasi bosh muharriri Salim Doniyorovga bergan intervyusi

2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining beshinchi – XAVFSIZLIK, MILLATLARARO TOTUVLIK VA DINIY BAGʻRIKENGLIKNI TA’MINLASH HAMDA CHUQUR O‘YLANGAN, O‘ZARO MANFAATLI VA AMALIY TASHQI SIYOSAT SOHASIDAGI USTUVOR YO‘NALISHLAR sharhi

Millatlararo totuvlik va hamjihatlik – tinch va osoyishta hayotimiz, davlatlararo yaxshi qo‘shnichilik garovi

– Harakatlar strategiyasining beshinchi yo‘nalishida millatlararo totuvlikni ta’minlashga ham asosiy e’tibor qaratilgan. O‘tgan besh yilda Prezidentimiz rahbarligida erishilgan ulkan tarixiy yutuqlar zamirida ham, avvalo, xalqimiz birdamligi, bir butun ahil oila kabi birgalikda intilishlarimiz in’ikosini ko‘rish mumkin. O‘zbekistonda millatlararo totuvlikni ta’minlash borasida amalga oshirilgan davlat siyosati xalqaro e’tiroflarga sazovor bo‘layotgani har birimizda faxr uyg‘otadi. Ayting-chi, taraqqiyotimizning birinchi besh yilligi O‘zbekistonning ko‘p millatli xalqi hayotida qanday iz qoldirmoqda?

Rustambek QURBONOV, 

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi raisi:

– To‘g‘ri ta’kidladingiz. Yangi O‘zbekiston yetakchisi – Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida yurtimizda amalga oshirilgan katta siyosat epkini bugun har birimizning hayotimizda yorqin aksini topgan. Bu iqtisodiy yuksalish bo‘ladimi, oilalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘ladimi, barcha millat vakillariga teng sharoit va imkoniyat yaratib berish bo‘ladimi, xullas, har jabhada ko‘zni quvnatadigan yangiliklarni ko‘ramiz. 

Mehmondo‘stlik, ezgulik, qalb saxovati va tom ma’nodagi bag‘rikenglik xalqimizga xos fazilat. Ayni jihatlar sabab ham qadimiy va saxovatli zaminimizda ko‘p asrlar davomida turli millat va elat, madaniyat va din vakillari o‘zaro tinch-totuv yashab kelgan.

Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi sa’y-harakatlar inson huquq va manfaatlarini kafolatli ta’minlash borasidagi yangilanishlar, yildan-yilga obod bo‘layotgan qishloqlar, xalqimiz turmush darajasi yuksalib borayotgani, yirik investitsiya loyihalarining hayotga samarali tatbiq etilayotgani, qo‘shni davlatlar bilan bordi-keldilar yaxshilangani misolida ham namoyon bo‘lmoqda.

Albatta, yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari bir oila farzandidek yashab, davlatimiz rahbarining millatlararo munosabatlar sohasida yuritayotgan siyosatini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasi Prezidentimizning 2017-yil 19-maydagi “Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, Respublika baynalmilal madaniyat markazi va O‘zbekiston xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik va madaniy-ma’rifiy aloqalar jamiyatlari kengashi negizida tashkil etilgan.

Bag‘rikenglik va insonparvarlik madaniyatini rivojlantirish, millatlararo va konfessiyalararo hamjihatlikni, jamiyatda fuqarolar totuvligini mustahkamlash, barcha fuqarolarga millati va diniy e’tiqodidan qat’i nazar, teng huquq va imkoniyatlar yaratish, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat, Vatanga muhabbat, sadoqat ruhida tarbiyalash O‘zbekistonda davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri etib belgilangan.

Qo‘mita tomonidan 2017-2021-yillarda millatlararo munosabatlar sohasidagi davlat siyosatining mazmun-mohiyati va ahamiyatini keng ko‘lamda tushuntirish, mamlakatimizda yashayotgan turli millat va elat vakillari o‘rtasida do‘stlik va totuvlikni yanada mustahkamlash maqsadida 150 ta milliy madaniy markaz bilan hamkorlikda 10 mingga yaqin tadbir o‘tkazildi.

Millatlararo munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solish borasida ilg‘or xorijiy tajribalarni o‘rgangan holda, qonun hujjatlarini takomillashtirish bo‘yicha 23 ta konseptual hujjat loyihasi tayyorlandi. 2021-yilda milliy madaniy markazlar faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, millatlararo munosabatlarning tashkiliy-huquqiy asosini takomillashtirishga qaratilgan 3 ta muhim hujjat – O‘zbekiston respublikasi Prezidentining farmoni va qarori, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining farmoyishi qabul qilindi.

Prezidentimizning 2020-yil 29-dekabr kuni Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida ko‘p millatli xalqimizning azaliy do‘stona munosabatini yanada mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslar ilgari surilgan edi. Jumladan, 30-iyul – Xalqaro do‘stlik kuni munosabati bilan “Do‘stlik haftaligi”ni tashkil etish hamda ushbu haftalik doirasida “Do‘stlik” xalqaro forum-festivalini o‘tkazish taklifi bildirilgandi. Shuningdek, “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishonini ta’sis etish haqidagi tashabbus ham qo‘llab-quvvatlandi. Bu yil esa ushbu sanani O‘zbekistonda Xalqlar do‘stligi kuni etib belgilash taklifi ana shu tashabbuslarning mantiqiy davomi bo‘ldi. 

2021-yili ilk bor o‘tkazilgan “Xalqlar do‘stligi haftaligi” doirasida davra suhbatlari, turli millat vakillari kitoblari ko‘rgazmalari, Do‘stlik jamiyatlari faoliyatiga bag‘ishlangan fotoko‘rgazmalar, shuningdek, xalqaro onlayn konferensiya va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etildi.

Prezidentimizning 2021-yil 30-iyuldagi “Xalqlar do‘stligi kuni munosabati bilan bir guruh yurtdoshlarimizni mukofotlash to‘g‘risida”gi farmoniga muvofiq, mamlakatimizda millatlararo do‘stlik va totuvlikni mustahkamlash, jamiyatimizda turli millat va elat vakillari o‘rtasidagi o‘zaro hamjihatlik, bag‘rikenglik, mehr-oqibat muhitini asrash, milliy madaniyatlar, urf-odat va an’analarning o‘ziga xosligini saqlash hamda rivojlantirishga qo‘shgan katta hissasi uchun turli millatga mansub 62 vatandoshimiz davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlandi. 

Qo‘mitada “O‘zbekiston – bag‘rikeng diyor” shiori ostida o‘tkazilgan bayram tadbirida 231 nafar mahalliy va xorijiy hamkorga “Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni tantanali ravishda topshirildi.

Prezidentimiz dolzarb masalalar qatorida jamiyatimizda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni ta’minlashga ham alohida urg‘u berayotgani qo‘mitamiz zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi.

– Umuman, siz e’tirof etayotgan islohotlarning xalqaro miqyosdagi aks-sadosi qanday bo‘ldi?

– Bu haqda gapirganda, avvalo, so‘nggi besh yilda O‘zbekistonning ichki va tashqi siyosatida juda katta o‘zgarishlar bo‘lganini aytish joiz. Buni jahon hamjamiyati, xalqaro ekspertlar, turli davlatlar siyosiy arboblari ham e’tirof etmoqda. Ayniqsa, mamlakatimizda inson huquqlarini himoya qilish sohasidagi tub o‘zgarishlar jahon hamjamiyati e’tibor markazida bo‘lib turibdi. Bu yo‘nalishda keyingi yillarda mamlakatimizda tizimli ishlar qilindi. 

Jumladan, davlatimiz rahbari gender tenglik siyosati borasida ijtimoiy-siyosiy hayot va ishbilarmonlik sohasida ayollar rolini tubdan oshirish, yoshlar huquqlarini himoya qilish, majburiy mehnat va bolalar mehnatiga barham berish, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar sonini kamaytirish kabi muhim takliflarni ilgari surdi. Bu borada qisqa fursatda erishilgan natijalar bugun xalqaro jamoatchilik tomonidan keng e’tirof etilmoqda.

Ayni paytda yurtimizda ta’lim 7 tilda – o‘zbek, qoraqalpoq, rus, tojik, qozoq, qirg‘iz va turkman tillarida olib boriladi. Bunday ko‘rsatkich dunyoning boshqa birorta mamlakatida yo‘q. 38 ta Do‘stlik jamiyati va 150 ta milliy madaniy markazning aksariyatida yoshlar uchun “Yakshanba maktablari” tashkil etilgan.

Oxirgi to‘rt yilda yurtimizning millatlararo munosabatlar sohasidagi xalqaro nufuzini mustahkamlash maqsadida qo‘mita va do‘stlik jamiyatlari 16 ta xorijiy davlatdagi 21 ta turdosh tashkilot bilan hamkorlik memorandumlari imzoladi. Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining kam sonli millatlar masalalari bo‘yicha oliy komissari Lamberto Zanyerning O‘zbekistonga tashrifi amalga oshirildi.

O‘zbekistonda yashayotgan barcha millat va elatlar millati, tili va dinidan qat’i nazar, teng huquq va erkinliklarga ega ekani mamlakat Konstitutsiyasi va qonunlarida mustahkamlab qo‘yilgan. Barcha millat vakillariga o‘z milliy madaniyati, an’ana va urf-odatlarini saqlash hamda har tomonlama rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar yaratilgan.

Prezidentimizning 2005-yilgacha mamlakatimizga kelib doimiy yashayotgan, fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga ham to‘g‘ridan-to‘g‘ri yurtimiz fuqaroligini berish tashabbusidan so‘ng yillar davomida O‘zbekiston fuqaroligini olishni orzu qilib yashayotgan yurtdoshlarimizning orzu-umidlari ushaldi. 1995-yilgacha yurtimizga ko‘chib kelganlarga O‘zbekiston fuqaroligini to‘g‘ridan-to‘g‘ri berish tartibi belgilandi. Bu bilan 70 mingdan ortiq yurtdoshimizga fuqarolik olish imkoniyati yaratildi.

Bu ham inson huquqlarini ta’minlash borasida yurtimizda amalga oshirilayotgan ishlarning yana bir tasdig‘idir. Ushbu masalaning BMT minbaridan yana bir bor yangrashi esa, O‘zbekistonda demokratik islohotlarning ortga qaytmaydigan darajada tus olganiga isbotdir.

Hozirgi kunda 10 milliondan ortiq vatandoshimiz xorijda yashaydi. Ular etnik o‘zbeklar va O‘zbekistondan chiqqan turli millat vakillaridir. Bu vatandoshlarimiz tomonidan xorijiy davlatlarda 170 ga yaqin etnomadaniy jamiyat va tashkilot tuzilgan. Ko‘plab mamlakatlardagi vatandoshlarimizga ko‘maklashish, ular bilan aloqalarni yanada mustahkamlash masalalari qo‘mitamiz faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan hisoblanadi.

Prezidentimizning 2021-yil 11-avgustdagi qaroriga asosan, tashkil etilgan “Vatandoshlar” jamoat fondi xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni tarixiy yurti atrofida yanada jipslashtirish, vatandoshlar va ular tomonidan tuzilgan jamoat birlashmalarini qo‘llab-quvvatlashning amaliy mexanizmini yaratdi.

Bugungi kunda AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Isroil, Boltiqbo‘yi davlatlari, Ozarbayjon, Rossiya, Tojikiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston kabi 20 ta mamlakatda vatandoshlarimizning 158 ta tashkiloti faoliyat yuritib kelmoqda. Qo‘mita ular bilan hamkorlik o‘rnatgan va bu ishlar davom ettiriladi.

Bu zaminda istiqomat qilayotgan turli millat vakillari “O‘zbekiston — umumiy uyimiz!” shiori ostida birlashib, to‘y-marosimlar, turli bayramlarni birgalikda nishonlashadi. Eng asosiysi, barcha qardosh va birodar vatandoshlarning milliy urf-odatlarini asrab-avaylash uchun zarur sharoit yaratilgan. 

Bugungi kunda xalq diplomatiyasi mamlakatlar o‘rtasida o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlash, qo‘shni mamlakatlar bilan madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2021-yil 30-dekabr, 265-son

Izoh qoldirish