433

Malaka oshirish o‘quvlarining ikkinchi bosqichi yakunlandi

Bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi majlislar zalida Akademiya huzuridagi Malaka oshirish markazi tomonidan tashkil etilgan malaka oshirish o‘quv kurslari ikkinchi bosqichini tugatgan tinglovchilarga sertifikat topshirish tadbiri bo‘lib o‘tdi. 

Uchrashuvda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Ibrohim Inomov, Akademiya birinchi prorektori Davronbek Maxsudov, Malaka oshirish markazi direktori Husniddin Ahmedov, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshliqlari Bobomurod Rustamov, Muhiddin Hakimov hamda respublikada faoliyat olib borayotgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, shahar va tuman bosh imom-xatiblari ishtirok etdi.

Tadbirni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov tabrik so‘zi bilan boshlab berdi. Mamlakatimizda diniy-ma’rifiy soha rivojida imom-xatiblarning munosib hissasi borligi, amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarda aynan soha vakillarining xizmatlari yaqqol namoyon bo‘layotgani ta’kidlandi. Tashkil etilgan malaka oshirish o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli yakunlaganlari bilan qutlandi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Ibrohim Inomov Idora raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarovning imom-xatiblarga yo‘llagan tabriklarini etkazib, soha vakillarini el-yurt xizmatida bo‘lib, yangidan yangi yutuqlarni qo‘lga kiritishlarida omad tiladi. 

Shuningdek, malaka oshirish tinglovchilari — imom-xatiblar ham so‘zga chiqib, yakunlangan o‘quvlar mazmunli va foydali ma’lumotlarga boy bo‘lgani, buning uchun tashkilotchilarga o‘z minnatdorchiliklarini bildirishdi.

Tadbir so‘ngida 2021-yil 13-25-dekabr kunlari respublikada faoliyat olib borayotgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyat, shahar va tuman bosh imom-xatiblari uchun “Yangi O‘zbekistonda diniy soha xodimlari oldida turgan dolzarb vazifalar: muammo va yechimlar” yo‘nalishi bo‘yicha tashkil etilgan 72 soatlik malaka oshirish kursini muvaffaqiyatli tugatgan tinglovchilarga sertifikat hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Tinglovchilarga o‘tilgan dars mashg‘ulotlari ma’ruzalarining elektron shakli, disk, tarqatma materiallar sifatida “Islom niqobidagi mutaassib guruhlar”, “Dolzarb raddiyalar”, “Muhim savol-javoblar” hamda “Ijtimoiy-ma’naviy muhit barqarorligini ta’minlash asoslari” nomli o‘quv qo‘llanma, kitob va risolalar taqdim etildi.

Yurtimizda olib borilayotgan diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar, bosh imom-xatiblar oldida turgan dolzarb vazifalar yuzasidan amalga oshiriladigan kelgusidagi vazifalar belgilanib olindi.

Ta’kidlash kerak, mazkur o‘quvlar ikki bosqichda tashkil etildi. Birinchi bosqich o‘quvlari 2021-yil 29-noyabr – 11-dekabr kunlari bo‘lib o‘tdi. Birinchi bosqichida 100 nafar bosh imom-xatiblar qatnashdi. Ikkinchi bosqich o‘quvlari esa 13-15-dekabr kunlari bo‘lib o‘tdi va unda 116 nafar bosh imom-xatiblar ishtirok etdi.

Ushbu malaka oshirish o‘quv mashg‘ulotlari tasdiqlangan o‘quv reja va dastur orqali olib borildi. O‘quvlar zamonaviy interfaol uslubda, axborot va ta’lim texnologiyalari asosida ma’ruza va seminar-treninglar tarzida o‘tkazildi. Shuningdek, jamoani shakllantirish va taym menejmenti bo‘yicha maxsus seminar-treninglar tashkil etildi.

Malaka oshirish o‘quvlariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, O‘zbekistondagi islom sivilizatsiyasi markazi, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Toshkent islom instituti, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining malakali mutaxassislari va sohaning yetuk professor-o‘qituvchilari jalb etildi.


O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish