Gender tenglikka bag‘ishlangan qo‘llanma bo‘yicha trening o‘tkazildi
Jamiyat hayotining turli sohalarida gender tenglikni ta’minlash mamlakat taraqqiyotining muhim jarayoni hisoblanadi. So‘nggi yillarda yurtimizda bu jihatga alohida e’tibor berilmoqda. Xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash, ijtimoiy muhofaza qilish borasida bir qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Tarixda ilk bor milliy parlamentimizda xotin-qizlar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetdi. Bu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyodagi 190 ta parlament orasida 37-o‘ringa ko‘tarildi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi ham gender tenglikni ta’minlash masalasida ko‘plab xalqaro tashkilotlar bilan samarali hamkorlik qilmoqda. Jumladan, BMT Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi bilan hamkorlikda “Islomda gender tenglikning o‘ziga xos tamoyillari” nomli o‘quv qo‘llanmaning ishlab chiqilgani buning yorqin misolidir.
Mazkur kitob Jamg‘armaning “Islomda gender” mavzusidagi loyihasi doirasida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektori Bahromjon Mamadiyev, “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi mudiri Mirodil Haydarov hamda kafedra dotsenti, yuridik fanlari doktori Nigora Yusupova tomonidan yaratilgan.
Qo‘llanmada islomda gender tenglik mohiyati, ayol huquqlari va erkinliklariga doir islom konsepsiyasi, islom huquqida ayolning huquqiy maqomini tadqiq etishga bag‘ishlangan maqolalar o‘rin olgan. Mazkur kitob bu sohadagi ilk tadqiqot hisoblanadi.
Bugun shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida mazkur kitob va unda aks etgan mavzular bo‘yicha trening dars o‘tkazildi. Unda BMT Aholishunoslik jamgʻarmasining Gender masalalari bo‘yicha mutaxassisi Dilora Ganiyeva, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islomshunoslik va islom sivilizatsiyasini o‘rganish ICESCO” kafedrasi mudiri Mirodil Haydarov, kafedra dotsenti, yuridik fanlari doktori Nigora Yusupova, Xalqaro hamkorlik bo‘limi boshlig‘i Bahodir Xo‘jayev, Akademiya magistrantlari hamda Malaka oshirish markazi tinglovchilari ishtirok etishdi.
Tadbirda kitob mualliflari so‘zga chiqib, gender tushunchasi va uning ijtimoiy hayotdagi ahamiyati, mamlakatimiz qonunchiligida ayol va erkaklarning teng huquqliligi tamoyillari mustahkamlab qo‘yilganini ta’kidlashdi.
Trening yakunida qatnashchilar tomonidan kitob va unda qayd etilgan mavzular yuzasidan savollar berildi. Mazmunli seminar uchun minnatdorlik bildirildi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish