559

ICESCO tashkilotining XIV Bosh konferensiyasi boshlandi

Misr Arab Respublikasi poytaxti Qohira shahrida Ta’lim, fan va madaniyat bo‘yicha islom tashkiloti (ICESCO)ning XIV Bosh konferensiyasi ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tashkilotga a’zo 60 dan ziyod davlat vakillari ishtirok etayotgan nufuzli anjumanda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov yurtimiz delegatsiyasi rahbari sifatida qatnashdi.

Ta’kidlash joiz, tashkilot 1979-yilda tashkil topgan bo‘lib, bosh qarorgohi Marokash davlati poytaxti Rabot shahrida joylashgan. Tashkilot a’zo davlatlar o‘rtasida ta’lim, fan, madaniyat va kommunikatsiya sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash va qo‘llab-quvvatlash, madaniyatlar, xalqlar va dinlar o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirishga ko‘maklashishga xizmat qiladi. Islom olami va dunyo tamadduni rivojida O‘zbekiston Respublikasining o‘rni beqiyos bo‘lgani bois ICESCO tashkiloti bilan o‘zaro hamkorlik aloqalari rivojlanib bormoqda. 

Konferensiyada Misr Arab Respublikasi Prezidenti Abdulfattoh as-Sisiy hamda ICESCO Bosh kotibi, doktor Salim al-Malik qatnashib, anjuman ishiga muvaffaqiyat tilashdi. 

Shundan so‘ng ICESCO tashkiloti Ijroiya kengashining 13- hamda 14- Bosh konferensiya sessiyalari davridagi faoliyati hisoboti tinglandi. Tashkilotning 2022-2025 yillarga mo‘ljallangan o‘rta muddatli Strategiyasi taqdim etilib, kelgusi to‘rt yillik rejasi belgilab olindi.

Muhokamalar davomida turli davlat delegatsiyalari tomonidan ta’lim, ilm-fan va texnologiya, madaniyat sohalarini yanada rivojlantirish borasidagi hisoboti hamda kelgusi reja va takliflari ko‘rib chiqildi. Shuningdek, butun jahonda kuzatilayotgan koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish, uning salbiy asoratlarini bartaraf etish, sog‘liqni saqlash, ekologik muammolarga ham alohida e’tibor qaratildi. Pandemiyadan so‘ng ta’lim sohasidagi yangilanishlar haqida ma’ruzalar tinglandi.

Konferensiya o‘z ishini davom ettirmoqda. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish