8-dekabr – “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilingan kun” munosabati bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektorining BAYRAM TABRIGI
Assalomu alaykum, qadrli hamkasblar, aziz talabalar!
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi — mustaqil davlatimiz asosi, yurtimiz taraqqiyoti kafolatidir. Zero, Bosh Qomusimizning Birinchi bo‘lim Asosiy prinsiplar I bob, 1-moddasida “O‘zbekiston — suveren demokratik respublika” deb qat’iy belgilanib, mustaqil demokratik jamiyat barpo etish, ozod va erkin hayot qurishning qonuniy asosi ifodalangan.
Shu nuqtai nazardan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 29 yilligi bilan barcha yurtdoshimiz qatorida Siz aziz professor-o‘qituvchilar, doktorant va talabalar hamda mutaxassis-xodimlarni chin qalbimdan muborakbod etishdan baxtiyorman.
Hurmatli hamkasblar, aziz talaba-yoshlar!
Bugungi kunda o‘z taraqqiyotining yangi bosqichida ishonch bilan dadil odimlayotgan Yangi O‘zbekiston iqtisodiy-siyosiy, ijtimoiy-huquqiy, madaniy-ma’rifiy sohalardagi islohotlari bilan dunyo hamjamiyati hurmat-e’tirofini qozonmoqda. Bunga, albatta, mamlakatimiz iqtisodiy ravnaqi, xalqimiz turmush tarzidagi farovonlik, yosh avlod kamoloti yo‘lidagi tub islohotlar samarasi asos bo‘lmoqda.
Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 29 yillik bayramidagi tabriklarida “Hayotimiz qomusi bo‘lgan Konstitutsiyamiz mustaqillik yillarida erishgan barcha yutuq va marralarimizning mustahkam huquqiy poydevori bo‘lib kelayotganini hammamiz yaxshi bilamiz va yuksak qadrlaymiz”, deb ta’kidlab o‘tganlari bejiz emas.
Aziz hamkasblar!
Ma’lumki, Konstitutsiyamizda yoshlarning huquq va erkinliklarini ta’minlash eng katta qadriyatlardan biri sifatida mustahkamlab qo‘yilgan. Jumladan, 41 va 42-moddalarda har kimning bilim olish huquqi kafolatlangan. Har kimga ilmiy va texnikaviy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi berilib, davlat jamiyatning madaniy, ilmiy va texnikaviy rivojlanishiga g‘amxo‘rlik qilishi ko‘rsatilgan. Shuningdek, Konstitutsiyaning 18-moddasiga muvofiq, O‘zbekistonda barcha fuqarolar bir xil huquq va erkinliklarga ega bo‘lib, jinsi, irqi, millati, tili, dini, ijtimoiy kelib chiqishi, e’tiqodi, shaxsiy va ijtimoiy mavqeyidan qat’iy nazar, qonun oldida teng ekani qayd etilgan. Shunga ko‘ra, barcha yoshlarimiz bilim olish, kasbhunar o‘rganish, mehnat qilish, dam olish hamda ijtimoiysiyosiy va madaniy hayotda o‘z o‘rniga ega bo‘lishda zarur huquq va kafolatlar bilan ta’minlangan.
Yakuniga yetayotgan 2021-yil — “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” davomida ham yurtimizda o‘g‘il-qizlarimizning barkamol voyaga yetishi, ilm-fan sirlari va zamonaviy kasb-hunarlarni egallashi, san’at va madaniyat sohasidagi iste’dodlarini namoyish etishi uchun keng imtiyoz va sharoitlar yaratildi. Fikrimiz isbotini Akademiyamizning bakalavriatura hamda magistratura bosqichlari 1-kurslariga qabul kvotalarining o‘sganida, ularning chuqur bilim olishi uchun yanada keng zamonaviy shart-sharoitlar yaratilganida ham ko‘rish mumkin. E’tiborlisi, o‘g‘il-qizlarimizning dunyoda raqobatbardosh mutaxassis-kadrlar bo‘lib, jamiyatda o‘z munosib o‘rniga ega bo‘lishi bundan keyin ham asosiy maqsadimiz bo‘ladi!
Ma’lumki, ta’lim-tarbiya, fan hamda mehnat faoliyati (ishlab chiqarish) uzviyligi va integratsiyasi jamiyatni harakatlantiruvchi kuch hisoblanadi. Bunda esa prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir!”.
Shu nuqtai nazardan, barchamiz uchun zamonaviy bilimlarni o‘zlashtirish, chinakam ma’rifat va yuksak madaniyat egasi bo‘lish hayotimiz mazmuni, asosiy ehtiyojga aylanishi kerak.
Yana bir bor Akademiya jamoasini O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 29 yilligi bilan tabriklab, ilm-ma’rifat o‘rganish, uni olamga yoyish orqali inson va jamiyatga saodat ulashishdek ulug‘ maqsad yo‘lida mustahkam sog‘lik, oilaviy baxt va tilayman.
Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin!
Muzaffar KOMILOV,
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori
Izoh qoldirish