451

Akademiya rektori Qohirada o‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashdi

Shu kunlarda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov hamda Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi xodimi Ixtiyor Abdurahmonovlar Misr Arab Respublikasi poytaxti Qohira shahrida xizmat safarida bo‘lib turibdi.

Tashrifning ilk kuni yurtimiz delegatsiyasi a’zolari O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi tashabbusi bilan Misr Arab Respublikasida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

“O‘zbekistonda diniy-ma’rifiy sohada olib borilayotgan islohotlar” mavzusida bo‘lib o‘tgan tadbirni O‘zbekistonning Misrdagi Favqulodda va muxtor elchisi Mansurbek Qilichev kirish so‘zi bilan ochib berarkan, talabalarni yaqinlashib kelayotgan 8-dekabr – O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 29 yilligi munosabati bilan muborakbod etdi. Bosh qomusimiz yurtimizda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mustahkam asosi ekanligini, erkin va obod, demokratik jamiyat barpo etish kafolati bo‘lib xizmat qilayotganini qayd etdi.

Shundan so‘ng Akademiya rektori Muzaffar Komilov O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi hamda shaxsan elchi janoblari Mansurbek Qilichevga ko‘rsatilayotgan iltifot va amaliy yordam uchun minnatdorlik bildirdi. Akademiya rektori o‘z nutqida so‘nggi yillarda yurtimizda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar, milliy an’ana va qadriyatlarimizni rivojlantirishga davlat tomonidan katta ahamiyat berilayotgani haqida so‘z yuritdi. Ulug‘ allomalarning ilmiy merosini chuqur o‘rganish, yoshlarni ilm-ma’rifatli etib tarbiyalash har bir mamlakatning ustuvor vazifasi ekanligini qayd etdi.

Samimiy muloqot davomida Muzaffar Komilov O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasidagi ta’lim va ilmiy faoliyatidagi yutuqlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Talaba-yoshlarga tinchlik dini bo‘lgan islom dinining mazmun-mohiyati, yurtimizda tug‘ilib, dunyo tamadduni rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk mutafakkirlarimizning bebaho ma’naviy merosini chuqur tadqiq etish, xalqaro darajadagi zamonaviy mutaxassis kadrlarni tarbiyalash Akademiyaning ustuvor maqsadi ekanligini ta’kidladi. O‘z navbatida Misr Arab Respublikasida tahsil olayotgan yoshlar ilm o‘rganish yo‘lida bardavom bo‘lib, yurtimiz rivoji yo‘lida xizmat qilishlari kerakligini qayd etdi.

Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi. Uchrashuv yakunida O‘zbekistonning Misrdagi elchixonasi tomonidan talabalar uchun bayram dasturxoni tashkil etildi. Bu talabalarda katta taassurot qoldirdi. 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi delegatlarining Misr Arab Respublikasiga qilgan xizmat safarlari davom etmoqda.     

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish