475

Imom-xatiblar uchun Malaka oshirish o‘quvlari boshlandi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi huzuridagi Malaka oshirish markazida 2021-yil 29-noyabr kunidan respublikada faoliyat olib borayotgan viloyat, shahar/tuman Bosh imom-xatiblari uchun “Yangi O‘zbekistonda diniy soha xodimlari oldida turgan dolzarb vazifalar: muammo va yechimlar” mavzusida 72 soatlik malaka oshirish o‘quvlari boshlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilayotgan islohotlari mazmun-mohiyatini, 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining beshinchi yo‘nalishi aynan diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlikni ta’minlash masalasidan kelib chiqib, sohada amalga oshirilayotgan insonparvarlik va tinchlikparvarlik g‘oyalarining mazmun-mohiyatini keng jamoatchilikka yetkazish hamda jamiyat a’zolari o‘rtasida millatlararo totuvlik va dinlararo bag‘rikenglik muhitini yanada yaxshilash mazkur o‘quvlarni tashkil etishning maqsadi hisoblanadi. 

216 nafar tinglovchilar ishtirok etayotgan o‘quvlar ikki bosqichda tashkil etilishi rejalashtirilgan. 2021-yilning 29-noyabridan 11-dekabrga qadar o‘tkaziladigan birinchi bosqich o‘quvlarida 100 nafar bosh imom-xatiblar ishtirok etmoqda. 

O‘quv mashg‘ulotlarining birinchi kunini O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori M.Komilov kirish so‘zi bilan ochib berdi. Shuningdek, tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi mas’ul xodimi J.Najmiddinov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari X.Ishmatbekov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshliqlari B.Rustamov va M.Hakimovlar ishtirok etdi va tinglovchilarga bugungi kunda yurtimizda amalga oshirilayotgan diniy-ma’rifiy islohotlar to‘g‘risida va mazkur o‘quvlarning ahamiyati xususida ma’lumot berildi.

Dastlabki mashg‘ulotlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” kitobida ko‘tarilgan masalalar tahlili” mavzusida o‘tkazildi. 

Darsdan so‘ng tasdiqlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar rejasiga muvofiq tinglovchilarning turli ziyoratgohlarga tashriflari amalga oshirildi.

O‘quvlar davom etmoqda.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish