520

BUGUN TUGʻILGAN KUN – ZOHIDJON ISLOMOV

Bugun 28-noyabr – O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori, filologiya fanlari doktori, professor Zohidjon Islomov tavallud topgan kun.

Zohidjon Islomov 1956-yil 28-noyabrda Toshkent shahrida ishchi oilasida tug‘ilgan.

Ilm-ma’rifat hukm surgan, farzandlar baxt-iqbolini hayotdagi ustuvor maqsadi deb bilgan oilada o‘sib-ulg‘aygan Zohidjon Islomov maktabni oltin medal bilan, a’lo baholarga tamomlab, 1974-1979-yillarda Toshkent davlat universitetining Sharq fakultetida tahsil oladi va oliygohni imtiyozli diplom bilan tugatadi. 

Zohidjon Islomov mehnat faoliyatini 1979-yilda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti kichik ilmiy xodimi sifatida boshlaydi. Shundan so‘ng 1982-1985-yillarda Iroq Arab Respublikasida tarjimon, 1985-1998-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi Hamid Sulaymonov nomidagi Qo‘lyozmalar instituti katta laboranti, kichik va katta ilmiy xodimi, ilmiy kotibi, Ilmiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari lavozimlarida mehnat faoliyatini olib boradi. O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasi adabiyot muzeyi direktor o‘rinbosari, Toshkent islom universiteti islomshunoslik ilmiy tadqiqot markazi direktori vazifalarida sidqidildan mehnat qiladi. 2007-2018-yillar mobaynida Toshkent islom universiteti fan, ilmiy meros va diniy tadqiqotlar bo‘yicha prorektori bo‘lib ishlaydi. 2018-yildan hozirgacha O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori sifatida samarali mehnat qilmoqda.

Atoqli olim 1994-yilda “Mahmud Zamaxshariyning “Muqaddamatu-l-adab” asaridagi turkiy fe’llar tahlili” mavzudagi nomzodlik, 1999-yilda esa “Mahmud Zamaxshariyning “Muqaddamatu-l-adab” asarining qo‘lyozma manbalari va arabcha-turkiy fe’llar so‘zligining yig‘ma ilmiy-tanqidiy matni” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini himoya qilib, filologiya fanlari doktori ilmiy darajasini oladi. Ilm yo‘lidagi sobitqadamlik, tinimsiz tadqiqotlar natijasida ustoz Zohidjon Islomov 2004-yilda “Islom tarixi va manbashunosligi” ixtisosligi bo‘yicha professor deb e’tirof etiladi.

Jonkuyar ustoz Mahmud Zamaxshariy ilmiy merosini tadqiq etishni yangi bosqichga olib chiqdi. Zohidjon Islomov uzoq yillar mobaynida allomaning “Muqaddamatu-l-adab”, “Kashshof” va boshqa ko‘plab asarlari ustida tadqiqotlar olib bordi. Natijada “Mahmud Zamaxshariy “Muqaddamatu-l-adab” asaridagi ayrim turkiy fe’llarning ma’no xususiyatlar”, “Kofiya”ning nodir nusxasi haqida”, “Al-Kashshof”ning nodir bir qo‘lyozma nusxasi haqida”, “Muqaddamatu-l-adab”ning tuzilish prinsiplari”, “Dunyo xazinasiga teng asar” va boshqa ko‘plab ilmiy maqolalar e’lon qildi. Olim ilmiy tadqiqotlari natijasida yuzlab ilmiy maqolalar, qator o‘quv darsliklari va kitoblar muallifiga aylandi.

E’tirof etish joizki, ustozlik martabasi ‒ buyuk sharafdir. Zero, tamaddunning poydevori bo‘lgan bu kasb egalari haqida har qancha gapirsak ham oz. Gʻazal mulkining sultoni, hazrat Alisher Navoiy bejizga shunday demaydilar:

Agar shogird shayhulislom, agar qozidur,

Agar ustoz rozi – Tangri rozidur.

Darhaqiqat, ustozlik martabasi, shogirdlarni kamolga yetkazish, ularga ham ilmiy, ham hayotiy saboq berish, chin ustoz rutbasiga erishish har kimga ham nasib etavermaydi. Professor Zohidjon Islomov esa ana shu qutlug‘ baxtga musharraf bo‘lgan.

Mehribon ustozning ilmiy faoliyatida yuqori malakali mutaxassislarni tayyorlash ham muhim o‘rin egallaydi. U kishining rahbarligida 21 nafar fan nomzodi va fan doktorlari yetishib chiqdi. Ayni paytda Zohidjon Islomov rahbarligida 10 ga yaqin yosh tadqiqotchilar doktorlik dissertatsiyalari ustida ish olib bormoqda. 

Yetuk manbashunos olim dinshunoslik, islomshunoslik, islom tarixi va manbashunosligi bo‘yicha nashr etilayotgan adabiyotlar, risola, qo‘llanma, maqolalarni ilmiy ekspertizadan o‘tkazishda faol qatnashib, bu sohalar bo‘yicha ilmiy kadrlarni tayyorlashda jonbozlik ko‘rsatmoqda. 

Zohidjon Islomov ko‘plab nufuzli oliy ta’lim va vazirlik-idoralar qoshida ochilgan ilmiy kengashlar a’zosi hisoblanadi.

Atoqli olim mustaqilligimizning 30 yilligi arafasida “O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 30 yilligi” esdalik nishoni, Prezidentimiz tashabbusi bilan joriy etilgan “Tarbiya” fanini yaratishdagi jonkuyarligi, mualliflaridan biri sifatida esa O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligining “Xalq ta’lim fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rahbariyati va jamoasi mehribon ustoz, samimiy inson Zohidjon Islomovning tavallud ayyomi bilan muborakbod etadi. U kishiga uzoq umr, oilaviy totuvlik, sihat-salomatlik, farzandlar kamolini ko‘rish baxti nasib etishini tilab qoladi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish