651

Akademiyada “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kurslarining ilk tinglovchilari taqdirlandi

Xabaringiz bor, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida yurtimiz aholisining diniy-ma’rifiy ehtiyojlarini qondirish maqsadida “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kurslari tashkil etilgandi. Ayni paytda mazkur mashg‘ulotlarning ilk tinglovchilarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un Gʻofurov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi O‘quv ishlari bo‘yicha prorektori Ibrohim Usmonov, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti “Tahfizul Qur’on” kafedrasi mudiri Jahongir Ne’matov, Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda tinglovchilari ishtirok etdi.

Tadbirni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov kirish so‘zi bilan ochib berarkan, aholining diniy savodxonligini oshirish maqsadida “Qur’oni karim va tajvid” o‘quv kurslari tashkil etilganini ta’kidladi. Mazkur quvonchli voqea so‘nggi yillarda davlatimiz tomonidan diniy-ma’rifiy sohaga berilgan katta e’tiborning yorqin namunasi ekanligini qayd etdi. Bu orqali esa islom dini rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk allomalarimizning bebaho merosini yanada keng targ‘ib qilish, terrorizm, diniy ekstremizm, turli oqimlardan yoshlarni asrash mumkinligini qayd etdi.

Aytish kerak, 144 soatga mo‘ljallangan mazkur mashg‘ulotlarning avgust-noyabr oylaridagi ilk kursiga 60 nafar tinglovchi qabul qilingan edi. Ayni paytda yana 60 nafar tinglovchi Qur’oni karim va tajvid bilimlarini o‘rganmoqda. Ularga diniy sohadagi yetuk olimlar, professorlar saboq berayotir. Tadbirda o‘quv kurslarining ilk bitiruvchi tinglovchilari o‘rtasida Qur’oni karimni chiroyli o‘qish bo‘yicha bellashuv o‘tkazildi. Shundan so‘ng mutasaddilar tomonidan tanlov g‘oliblariga esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, ularga saboq bergan fidoyi ustozlar hamda 60 nafar tinglovchi esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish