591

Diniy bag‘rikenglik – xalq diplomatiyasining poydevori

Globallashuv jarayonida diniy bag‘rikenglik, dinlararo totuvlik, o‘zaro hamkorlik masalasi taraqqiy etgan mamlakatlarning tinchligi va taraqqiyoti uchun eng muhim tamoyillardan biri bo‘lib xizmat qiladi.

Bugungi kunda yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari bir oila farzandlaridek, teng huquqlilik hamda o‘zaro hamjihatlikda yashab, Vatanimizni yanada ravnaq toptirish yo‘lida mehnat qilib kelmoqda. 

Ta’kidlash joizki, jamiyatimizda do‘stlik va bag‘rikenglik muhitini yanada mustahkamlash maqsadida joriy yilning noyabr oyida “Bag‘rikenglik haftaligi” o‘tkazilmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Diniy bag‘rikenglik – xalq diplomatiyasining poydevori” mavzusida ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Shanxay Hamkorlik Tashkilotining O‘zbekistondagi Xalq diplomatiyasi markazi tomonidan tashkil etilgan tadbirda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Shanxay Hamkorlik Tashkilotining O‘zbekistondagi Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobuljon Sobirov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Ibrohim Inomov, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shukurillo Umarov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Xalqaro hamkorlik masalalari bo‘yicha prorektori Bahromjon Mamadiyev, “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi mudiri Mahfuza Alimova, Rus pravoslav cherkovi Toshkent va O‘zbekiston yeparxiyasi rahbari, mitropolit Vikentiy Morar, dinshunos va huquqshunos olimlar, soha bo‘yicha ekspertlar, OAV vakillari, Akademiya o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.

Uchrashuvni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov ochdi va olib bordi. Anjumanda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov so‘zga chiqib, hamkorlikda amalga oshirilishi rejalashtirilgan tadbir ikki tomon uchun ham juda manfaatli bo‘lishiga umid bildirdi. Shanxay Hamkorlik Tashkilotining O‘zbekistondagi Xalq diplomatiyasi markazi bilan olib borilayotgan hamkorlik aloqalaridan mamnun ekanligini qayd etdi.

– O‘zbekiston – Buyuk ipak yo‘li chorrahasida, turli madaniyat va sivilizatsiyalar tutashgan muborak zamin hisoblanadi, – deydi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov. – Shu sababli asrlar davomida yurtimizda istiqomat qilib kelayotgan turli millat va diniy e’tiqod vakillar yagona oiladek ahil-inoq yashab kelmoqda. Mehmondo‘stlik, o‘zaro hurmat, barchaga ezgulik sog‘inish, umuman, bag‘rikenglik bizning xalqimizga xos fazilat sanaladi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 8-moddasida ham “O‘zbekiston xalqini millatidan qat’i nazar, O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi”, deb belgilab qo‘yilganini e’tirof etish joiz. Bu – yurtimizdagi barcha insonning huquq va burchlari tengligi kafolatidir.

SHHT Tashkilotining O‘zbekistondagi Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobuljon Sobirov yig‘ilganlarni seminar bilan qutlar ekan, markaz tomonidan so‘nggi yillarda diniy-ma’rifiy sohaga katta e’tibor qaratilayotganini ma’lum qildi. Xalq diplomatiyasi markazi faoliyati gumanitar tarkibiy qismi turli xalqlar va etnik guruhlar, madaniy an’analar va diniy e’tiqodlar vakillarini bir platformada to‘plash imkoni berishini ta’kidladi.

Aytish kerak, markaz davlatimiz rahbarining 2018-yil 26-iyunda “O‘zbekistonda Shanxay Hamkorlik Tashkilotining xalq diplomatiyasi markazi tashkil etilishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori asosida tashkil etilgan.

Qobuljon Sobirov nutqida davom etarkan, SHHT Tashkilotining O‘zbekistondagi xalq diplomatiyasi markazi SHHT mamlakatlari o‘rtasida o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilikni, millatlararo va dinlararo totuvlikni mustahkamlashga, sivilizatsiyalararo muloqotni kuchaytirishga ko‘maklashishga xizmat qilishi haqida so‘z yuritdi.

Eslatib o‘tamiz, Akademiyada 2021-yilning 8-noyabr kuni Shanxay Hamkorlik Tashkilotining O‘zbekistondagi Xalq diplomatiyasi markazi direktori Qobuljon Sobirov bilan uchrashuv bo‘lib o‘tgan edi. Mazkur muloqotda tomonlar hamkorlikda SHHTga a’zo davlatlar diniy vakillari va respublikadagi diniy konfessiyalar hamda islomshunos olimlar o‘rtasida seminar o‘tkazishga kelishib olishgan edi.

Davra suhbatida “Diniy fundamentalizm va ekstremizmning vujudga kelishidagi yot g‘oyalar tarqalishini oldini olishga qaratilgan profilaktik chora-tadbirlar”, “Konfessiyalararo munosabatlarda ziddiyatlarni bartaraf etish va bag‘rikenglikni ta’minlashda fanning o‘rni va imkoniyatlari”, “Ajdodlarimiz ilmiy-ma’naviy merosida bag‘rikenglik masalalarini yoritilishi”, “Xalq diplomatiyasining diniy bag‘rikenglik tamoyillariga amal qilishdagi o‘rni” kabi mavzularda ma’ruzalar olib borildi.

Qizg‘in munozara ostida o‘tgan seminarda so‘zga chiqqanlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan so‘nggi yillarda diniy-ma’rifat, turli diniy e’tiqodlar vakillari o‘rtasidagi o‘zaro do‘stlik va totuvlikni yanada mustahkamlash, diniy bag‘rikenglik tamoyillarini yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida e’tibor qaratilayotganiga urg‘u berdilar. 2017-2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasidagi beshinchi yo‘nalish xavfsizlik, diniy bag‘rikenglik va millatlararo totuvlik masalalariga bag‘ishlangani haqida eslatib o‘tildi. 

Yurtimizda yashayotgan barcha millat va elat vakillari yagona oila sifatida O‘zbekiston xalqini tashkil etishi, ular bir-birlari bilan hamjihat bo‘lib, yurtimiz ravnaqi yo‘lida sidqidildan mehnat qilayotganliklarini ta’kidlashdi. 

Tadbir yakunida tomonlar mazmunli o‘tgan seminar barcha uchun foydali bo‘lgani, bu kabi uchrashuvlar o‘zaro aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini qayd etishdi.


O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish