393

YXHT maxsus vakili diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarni e’tirof etdi

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkilotining amaldagi raisining musulmonlarga nisbatan murosasizlik va diskriminatsiya bo‘yicha shaxsiy vakili Mehmet Pachadji boshchiligidagi delegatsiya a’zolari mehmon bo‘lishdi.

Uchrashuvda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Dilshod Eshnayev, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita Noislomiy konfessiyalar bilan ishlash bo‘limi boshlig‘i Behzod Qodirov, Akademiya prorektorlari Zohidjon Islomov, Bahrom Mamadiyev va boshqalar ishtirok etdi.

Samimiy muloqot avvalida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov mehmonlarni Akademiyaga tashrif buyurganliklari bilan tabriklab, Akademiya Yevropada Xavfsizlik va Hamkorlik Tashkiloti bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatishdan mamnunligini ta’kidladi. Shundan so‘ng so‘nggi yillarda yurtimizda diniy-ma’rifiy sohaga berilayotgan e’tibor masalalariga to‘xtalib o‘tdi. Islom dini rivoji yo‘lida beqiyos xizmat qilgan buyuk muhaddis bobolarimizning diniy va ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish va targ‘ib etish maqsadida Imom Buxoriy, Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari, Toshkentda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi, uning qoshida Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tashkil etilgani haqida ma’lumot berdi.

Akademiya rektori barcha sohalar qatorida ta’lim sohasiga berilayotgan e’tibor masalalari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining ilmiy-pedagogik faoliyati, talabalarga yaratilgan sharoitlarga alohida to‘xtaldi. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham muqaddas islom dinini fundamental tadqiq etish, ulug‘ allomalar ma’naviy merosini tadqiq etish orqali dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qo‘shadigan yuksak salohiyatli mutaxassis-kadrlar tayyorlash oliy ta’lim muassasasining ustuvor maqsadi ekanligini ta’kidladi. 

Uchrashuv davomida xorijlik mehmonlar tomonidan O‘zbekiston millatlar va dinlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglikni ta’minlashda jahon hamjamiyatiga namuna ekanligini e’tirof etib, bu borada O‘zbekistonning o‘ziga xos tajribasi haqida savollari bilan murojaat qilishdi.

— Tashrifdan ko‘zlangan asosiy maqsad — O‘zbekistonda din erkinligi va fuqarolik jamiyatlari faoliyatini o‘rganishdan iborat, — deydi Mehmet Pachadji. — Guvohi bo‘lyapmizki, so‘nggi besh yilda yurtingizda bu borada juda katta o‘zgarishlar amalga oshirilgan. O‘zbekiston ko‘p millatli, konfessiyali mamlakat bo‘lgani uchun davlat tomonidan olib borilayotgan siyosat bizni quvontirmoqda. Buni yurtingizda istiqomat qiladigan turli millatlar, din vakillari bilan o‘tkazgan uchrashuvlarimiz tasdiqlaydi. Tazyiq-bosimlar, ko‘ngilsiz ixtiloflar sodir bo‘lmagani, barcha yagona oila sifatida shakllangan jamiyat bo‘lgani uchun hech kim norozilik kayfiyatida emas. Albatta, bu holatni e’tirof etish joizdir.

Tadbirda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi o‘rinbosari Dilshod Eshnayev qo‘mita tomonidan konfessiyalararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik sohasida olib borilayotgan ishlar haqida so‘z yuritdi. Bugungi kunda yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari ahil-inoqlikda yashab kelayotgani, ularning huquq va erkinliklarini ta’minlash, ta’lim olish, kasb-hunar egallashi uchun barcha zarur sharoitlar yaratilganini qayd etdi. Joriy yilning 5-iyulida davlatimiz rahbari tomonidan imzolangan “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi yangi qonun bu boradagi islohotlarning uzviy davomidir dedi u.

Davra suhbatidan so‘ng xorijlik mehmonlar “Manbalar xazinasi” bo‘limidagi noyob va qadimiy qo‘lyozmalarni ko‘zdan kechirdi. 

Tashrif yakunida mehmonlar O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rahbariyatiga yuqori darajadagi mehmondo‘stlik uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.


O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish