445

O‘zligimiz, kuch-qudratimiz timsoli

18-NOYABR – O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI DAVLAT BAYROGʻI QABUL QILINGAN KUN

Shayx Najmiddin Kubro yurt bayrog‘ini yov qo‘liga topshirishni istamay, uni mahkam tutgancha jon bergandi. Amir Temur zamonida esa, bayroqni pastga tutish yoki sarbozning qo‘lidan tushib ketishi xosiyatsiz sanalgan. Bayroq tushirilishi mag‘lubiyat va chekinish ishorasi bo‘lgan. “Temur tuzuklari”da ta’kidlanishicha, dushman ustidan g‘alaba qozongan amirlar va sipohiylarga davlat timsollari – tug‘ va nog‘ora in’om qilingan. Bu Sohibqiron davlatida saltanat ramzlari nechog‘li baland maqom tutgani va muhim ijtimoiy-siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy ahamiyat kasb etganidan dalolatdir. 

Davlat ramzlari azaldan ota-bobolarimiz tomonidan ana shunday muqaddas timsol sifatida hamisha ko‘z qorachig‘iday asrab-avaylab kelingan. Xalqqa kuch baxsh etgan tug‘ bahodirlarga, mard o‘g‘lonlarga ishonib topshirilgan. 

O‘zbekiston davlat bayrog‘i ham hurligimiz, ozodligimiz, bugungi erkin va baxtli hayotimiz, porloq istiqbolimiz ramzi sifatida hamisha boshimiz uzra hilpirab turadi. 18-noyabrda milliy bayrog‘imiz qabul qilinganiga 30 yil to‘ladi. 

Bayrog‘imiz va undagi har bir belgi, rang zaminimizda qadimdan mavjud tarixiy an’analarni, milliy-madaniy qadriyatlarni o‘zida ifoda etadi. Jumladan, bayroqdagi moviy rang xalqlarimiz qadimdan ahil-inoq yashab kelayotgan musaffo osmonimiz hamda obi-hayot ramzidir. Oq rang – davlatimiz fuqarolarining o‘zaro hamjihatlikda, bir-birini hurmat qilib, diniy bag‘rikenglik tamoyillari asosida tinch-totuv yashayotgani timsoli. Yashil rang esa tabiat yangilanishi hamda yurtimiz zamini, serhosil dalalari ramzidir.

Bayrog‘imiz davlat idora va muassasalari, o‘quv yurtlari, O‘zbekiston a’zo bo‘lgan xalqaro tashkilotlar, chet ellardagi elchixona va doimiy vakolatxonalarimiz peshtoqida hilpirab turadi. Bayram va tantanalarda, mamlakatimiz vakillari qatnashayotgan xalqaro miqyosdagi siyosiy, madaniy-ma’rifiy tadbirlarda, sport musobaqalarida Vatanimiz sha’ni, xalqimiz g‘ururini yorqin aks ettiradi. Xalqaro sport bellashuvlarida g‘alaba qozongan sportchilarimiz sharafiga yurtimiz bayrog‘i ko‘tarilgan lahzada qalbimizda g‘urur-iftixor tuyg‘usi osmon qadar yuksaladi.

Qonunchiligimizga ko‘ra, davlat bayrog‘i tasviri tushirilgan belgilardan foydalanishning ham o‘z tartib-qoidasi bor. Jumladan, ulardan nodavlat tashkilotlar hujjatlarining rekvizitlari yoki reklama materiallarida, shuningdek, ishlab chiqarilayotgan yoki realizasiya qilinayotgan tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) o‘tkazish uchun tijorat maqsadida foydalanish mumkin emas. Davlat ramzlari to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish fuqarolarga BHMning 3 barobaridan 5 barobarigacha, mansabdor shaxslarga esa 3 barobaridan 10 barobarigacha miqdorda jarima solinishiga sabab bo‘ladi. 

Davlat bayrog‘i tasviri tushirilgan belgilar O‘zbekiston Respublikasi Fuqaro havo kemalari davlat reestri yoki Davlat havo kemalari davlat reestriga kiritilgan havo kemalariga, shuningdek, Aviasiya ma’muriyati hisobida turuvchi eksperimental havo kemalariga, qonun hujjatlarida belgilangan hollarda avtomototransport vositalari va ular tirkamalarining davlat ro‘yxatidan o‘tkazish raqam belgilariga hamda O‘zbekiston Respublikasining asosiy chegara belgisiga qo‘yiladi.

Davlat bayrog‘i tasviri tushirilgan belgilardan O‘zbekiston Respublikasiga tegishlilikni belgilash maqsadida predmetlar, o‘quv-tarbiya jarayoni, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi davlat mukofotlarining elementi sifatida foydalanilishi mumkin. 

Qurolli kuchlarimiz safiga chaqirilgan, harbiy ta’lim muassasalarini tamomlagan yoshlarimiz davlatimiz bayrog‘i poyida Vatanni ko‘z qorachig‘iday asrash, uni o‘z sha’ni va nomusiday munosib himoyalashga qasamyod qiladi.

Qonunchilikka muvofiq, fuqarolarimiz, shuningdek, O‘zbekistonda turgan boshqa shaxslar davlatimiz bayrog‘ini hurmat qilishi shart va unga behurmatlik uchun jazo muqarrar.

Milliy bayrog‘imiz ana shunday muqaddas va e’zozli, saodatli hayotimiz asosidir. Uning timsolida dunyoning har qaysi nuqtasida bo‘lsak ham O‘zbekiston degan muqaddas vatanimiz, himoyachimiz, suyanchimiz borligini his qilamiz. Shu bois, davlat ramzlarini asrab-avaylash, ularni hurmat qilish o‘zligimizga, yurtga sadoqatni ifoda etadi. Ular, jumladan, milliy bayroq xalqimizning, vatanimizning yorqin timsolidir. Uni ko‘z qorachig‘idek asrash, oyoq osti bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik, avvalo, Vatanni, onani, o‘zlikni asrash deganidir.

Bugun yurtimizda qad rostlayotgan osmono‘par binolarda, obod va ko‘rkam manzillarda barpo etilayotgan zamonaviy inshootlar peshtog‘ida bayrog‘imiz hilpirab turibdi. Uning mavjlanib tebranishi ko‘rgan ko‘zni quvnatadi, yurtimizda tinchlik, osoyishtalik, mehr-oqibat muhiti mustahkam ekanini namoyon etadi.

Feruza MUHIDDINOVA,

Toshkent davlat yuridik universiteti professori

Manba: “Yangi Oʻzbekiston” gazetasi 2021-yil 17-noyabr, 231-son

Izoh qoldirish