527

“Dinimiz fidoyilari” kitobi taqdimoti o‘tkazildi

Tarixiy xotirasiz kelajak bo‘lmaydi. Yurtimizda tavallud topib, fozil inson sifatida elimizga tanilgan ulamolar, olimlarni xotirlash, ularning suronli va tahlikali yillardagi hayoti va ijodini o‘rganish, o‘sib kelayotgan yosh avlodga yetkazish muhim vazifa hisoblanadi. Zero, davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, “Ma’rifatparvar bobolarimiz merosini chuqur o‘rganishimiz kerak.  Bu ma’naviy xazinani qancha ko‘p o‘rgansak, bugungi kunda ham bizni tashvishga solayotgan juda ko‘p savollarga to‘g‘ri javob topamiz. Bu bebaho boylikni qancha faol  targ‘ib etsak, xalqimiz, ayniqsa, yoshlarimiz bugungi tinch va erkin hayotning qadrini anglab yetadi”.

Shu maqsadda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Muftiy Boboxonovlar jamg‘armasi hamkorligida “Dinimiz fidoyilari (tarix, xotiralar, saboqlar)” nomli kitobining taqdimoti o‘tkazildi. 

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida tashkil etilgan tadbirda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Ibrohim Inomov, Muftiy Boboxonovlar jamg‘armasi direktori, kitob muallifi Amirsaid Usmonxo‘jayev, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti rektori Uyg‘un Gʻofurov, yurtimizdagi diniy ta’lim muassasalari rahbarlari, islom dini rivojida xizmat qilgan ulamolar, taniqli olimlar, Muftiy Eshon Boboxonov oilasi a’zolari, Akademiya professor-o‘qituvchilari hamda talabalar ishtirok etdi. 

“Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi tomonidan tashkil etilgan tadbirni tarix fanlari doktori, professor Saidakbar Agzamxodjayev olib bordi. Taqdimotni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov kirish so‘zi bilan ochib berdi.

 

– Haqiqiy tarix, o‘tmishni bilmasdan turib inson bugungi kunini qadriga yetmaydi, kelajagiga o‘zining istiqbol rejasini tuza olmaydi, – deydi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov. – Chunki tarix insonning eng katta suyanchig‘i, tarix uni tutib turadigan o‘q ildiz, desak yanglishmagan bo‘lamiz. Tariximizda o‘chmas iz qoldirgan, millatimiz, dinimiz fidoyilari haqidagi mazkur kitobning nashr etilishi zamirida juda katta mehnat, mashaqqatlar yotibdi. Zero, bu kitobni bugungi kun yoshlaridan tariximizning bir bo‘lagi sifatida qabul qilishlarini istardim. 

 

Tadbirda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi o‘rinbosari Ibrohim Inomov so‘zga chiqib, O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Nuriddin Xoliqnazarovning kitob taqdimotiga bag‘ishlangan tadbir ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi.

 

– Dunyoda shunday insonlar bo‘ladiki, ular boylik to‘plashga intilmaydi. Balki ma’naviyatni yuksaltirishga harakat qiladi. O‘z boshidan o‘tkazganlarini Alloh sinovi deb biladi. Qismatidan rozi bo‘ladi. O‘zidan kelajak avlod ibrat olsa arziydigan hayot saboqlari qoldirishga harakat qiladi. Boboxonovlar sulolasi mana shunday insonlar bo‘ladi. Taraqqiyotimizning yangi davrida dinimiz ravnaqi yo‘lidagi xayrli ishlari tufayli katta imkoniyatlar berildi. Shukronalar bo‘lsinki, bu mustaqillik mevasining totli ne’matidir. Buning qadrini anglash uchun Boboxonovlar sulolasi muftiylik qilgan vaqtlarini eslashning o‘zi kifoya qiladi. Alloh taolo “Bas, albatta, har bir qiyinchilik bilan birga yengillik bordir”, deb bayon qilganidek, mashaqqatli kunlar ortidan oydin va yorqin kunlar bo‘y ko‘rsatdi. Mustabid tuzum davrida diniy va milliy qadriyatlardan uzilgan xalqimiz istiqloldan keyin emin-erkin o‘z e’tiqodiga mos hayot kechira boshladi. Yangi O‘zbekistonda bu kabi xayrli ishlar yanada keng quloch ochdi.

Tadbirda “Dinimiz fidoyilari” kitobi muallifi Amirsaid Usmonxo‘jayev so‘z olib, kitobning yaralish tarixi haqida to‘xtalib o‘tdi. Butun umrini mamlakatimizda islom dini ravnaqi va musulmonlar manfaati yo‘lidagi xayrli ishlarga bag‘ishlagan Muftiy Boboxonovlar oilasi ham dinimiz fidoyilaridan ekanini ta’kidladi.

 

Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar Muftiy Boboxonovlar salohiyatli alloma, yetuk din arboblari sifatida nafaqat yurtimiz, balki xorijda ham e’tirof etilishini qayd etishdi. Boboxonovlar sulolasining din qayg‘usida jon kuydirish, xalqni ma’rifatli qilish, islom dini sofligi, musulmonlar birdamligi, mamlakatda islom dinini turli bid’at va xurofotlardan tozalash, dindorlar o‘rtasidagi ixtilofli holatlarga barham berish borasidagi sharafli xizmatlari haqida so‘z yuritishdi.

 

Tadbirda Muftiy Boboxonovlar hayoti va ma’naviy-ma’rifiy faoliyati to‘g‘risida hujjatli film namoyish etildi. Uchrashuv yakunida muallif tomonidan “Dinimiz fidoyilari” kitobi O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Axborot-resurs markaziga taqdim etildi. 

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Nov
08
MUFTIY BOBOXONOVLAR MEROSI
IMOM DORIMIY
19:38
Jul
26
MUFTIY BOBOXONOVLAR MEROSI
“Dinimiz fidoyilari” kitobi taqdim etildi
11:32

Izoh qoldirish