454

Takrorlanib turuvchi tarix

Buyuk ipak yo‘li chorrahasida joylashgan diyorimiz qadimdan turli tamaddunlar tutashuvi natijasida nafaqat tijorat, ayni paytda ilm-fan, madaniyat ham yuksak taraqqiy etgan, shu bilan birga, turli dinlar qaror topgan zamin bo‘lgan. Misol uchun, yurtimizda zardushtiylik dini qadimdan mavjud bo‘lgan bo‘lsa, buddaviylik I-II asrlarda, mazdakiylik IV–VI asrlarda kirib kelgan. Kushonlar davrida yuqoridagi uchala din ham mavjud bo‘lgan. Lekin keyinchalik zardushtiylik dini boshqa dinlardan ustun kelgan.

Buddaviylik bilan birga uning hikmatlari, maqollari ham xalq ongida unutila boshlangan. Zardushtiylik dinida buddaviylikka nisbatan hikmatlar, maqollar kamroq bo‘lgani bois, mahalliy xalq muqaddas islom dini ta’limotini tezda o‘zlashtirgan.

Turli madaniyatlar va dinlar tutashuvi, har bir tamaddun va dinning ulgisi, ayniqsa, islom dinining mustahkam ta’limotiga asoslangan ilm-fan tez orada yuksak natijaga erishishi shubhasiz edi. Shunday bo‘ldi ham. IX–XI asrlarda birinchi Renessans davri kuzatildi. Bu davrda islom ma’rifati asosida turli-tuman fanlarga qiziqish kuchaydi.

Mahmud Zamaxshariy, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Abu Muin Nasafiy, Muhammad Muso Xorazmiy, Abu Rayhon Beruniy, Abu Ali ibn Sino, Ahmad Farg‘oniy, Abu Nasr Forobiy, Yusuf Xos Hojib, Mahmud Koshg‘ariy kabi buyuk ajdodlarimiz serqirra iste’dod sohiblari bo‘lish bilan birga o‘z fanlari bo‘yicha butun olamga ustozlik maqomiga erishdilar.

Ikkinchi Renessans davri ilm-fan homiysi Sohibqiron Amir Temur nomi bilan bog‘liq. Bobomiz turli hududlardagi iste’dodli olimlar, shoirlar, hunarmandlar, me’morlarni Samarqandda jamladi va ilm-fan taraqqiyoti uchun kerakli barcha shart-sharoitlarni yaratib berdi.

Ikkinchi Renessans davri “islom madaniyatining oltin asri” deb ataldi. Bu davrda Qozizoda Rumiy, Mirzo Ulug‘bek, Gʻiyosiddin Koshiy, Ali Qushchi singari benazir olimlar, Lutfiy, Sakkokiy, Hofiz Xorazmiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi mumtoz shoir va mutafakkirlar maydonga chiqdi. Sharafiddin Ali Yazdiy, Mirxond, Xondamir kabi tarixchilar, Mahmud Muzahhib, Kamoliddin Behzod singari musavvirlar, ko‘plab xattot va sozandalar, musiqashunos va me’morlarning shuhrati dunyoga yoyildi.

Hayoti va ilmiy faoliyati birinchi Renessans davriga to‘g‘ri kelgan Abu Lays Samarqandiy turli ilmlar, xususan, fiqh sohasida faoliyat yuritib, ilk bor o‘zidan ilgari o‘tgan to‘rt mazhab imomlari, jumladan, hanafiy mazhabi yirik vakillarining fikr va fatvolari jamlangan asarlar yozdi.

Abu Lays Samarqandiy fiqh ilmida yuksak martabaga erishgan, o‘z zamonasida unga teng keladigan olim topilmas, uning “al-Faqih” (tengi yo‘q islom huquqshunosi) deb atalishi esa shunga dalolat qiladi. Olimni zohid deb ham ataganlar. Zohid deganda, mansab, amaldan yiroq, hayotini ilm-fanga, ibodatga baxshida etuvchi kishilar tushunilgan.

Abul Mahomid Hasiyriy “al-Hodiy al-Hasiyriy” asarida “258/872 sanada vafot etgan Samarqand hofizi faqih Abu Lays: “Samarqandda 40 yil fatvo berdim, ushbu 40 yilda faqat ilgari o‘tgan ulamolarning so‘zlariga tayandim... Mening kitobimdan qiyomat kuni g‘iybatdan biror narsa chiqmaydi. Esimni taniganimdan beri (ayrim kitoblarda o‘ng qo‘limni chap qo‘limdan ajratganimdan buyon, deyilgan) yolg‘on gapirmadim, hech kimga qushning boshini suvga solib ko‘targanda boshida qolgan suvchalik yomonlik istamadim”, degan”.

Abu Lays fozil, taqvodor, buyuk imom bo‘lib, yuz ming hadisni yod bilgan. U shayxul islom darajasiga ko‘tarilgan. O‘z davrida eng zaruriy ilm – fiqhni egallagani bois, fatvolar aytishga loyiq bo‘lgan va uning fatvo hamda hikmatli so‘zlari kishilar orasida tarqalgan. 

Manbalarda allomaning 24 nafar ustozi bo‘lgani keltiriladi. Olimning barcha ustozlari hanafiy mazhabi ulamolari bo‘lib, ularning ko‘pchiligi silsilasi Noʻmon ibn Sobit Abu Hanifa, Abu Yusuf, Muhammad ibn Hasanga borib taqaladi. Kitoblarda Abu Lays Samarqandiyning 41 nomdagi asari haqida ma’lumotlar uchraydi. Brokkelman, Fuat Sezgin kabi taniqli olimlar uning 25 ta asari jahon qo‘lyozma fondlarida saqlanayotganini aytib o‘tgan.

Abu Lays Samarqandiyning hayoti va ilmiy faoliyatini, uning islom dinining turli sohalarida yozgan asarlarini, ayniqsa, fiqhga oid 11 ta, shu jumladan, biz tadqiq etayotgan “Uyun al-masoil” asarini o‘rganib (asar O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida tarjima qilinyapti – T.N.), alloma vaqtdan qanday o‘zib ketgan ekan-a, degan hayrat tug‘ilishi tabiiy.

Olimning “Esimni taniganimdan beri yolg‘on gapirmadim”, degan gapi shu hayratimizga javob bo‘ladi. Ya’ni, yolg‘ondan yiroq bo‘lish barcha barakaning omilidir. Shu jihatdan bugun tobora noyob bo‘lib borayotgan eng go‘zal fazilatlar – oliy maqsad (Alloh roziligi)ga erishishda imon-e’tiqod, halollik, poklik, rostgo‘ylik, o‘z ustida tinimsiz ishlash va hokazo xislatlarni o‘zida mujassam etgan bobolarimiz yuksak darajalarga erishdilar.

Xalqimizda “Oqqan daryo oqaveradi”, degan gap bor. Darhaqiqat, bugun O‘zbekiston yoshlarining tomirlarida dunyo ilm-faniga tamal toshini qo‘ygan buyuk mutafakkirlar qoni oqyapti. Tarix takrorlanib turadi. Yurtimizda yana daholar tug‘ilishi uchun sharoit bo‘lsa, bas. Bugun ana shu sharoit va imkoniyatlar yaratilyapti.

Tolibjon NIZOMOV,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi tayanch doktoranti

Manba: “Yangi O‘zbekiston” gazetasi 2021-yil 29-оktabr, 216-son

Izoh qoldirish