483

21-OKTABR – “O‘ZBEK TILI BAYRAMI” MUNOSABATI BILAN O‘ZBEKISTON XALQARO ISLOM AKADEMIYASI REKTORINING TABRIGI

Assalomu alaykum, hurmatli professor-o‘qituvchilar va aziz talaba-yoshlar!

1989-yil 21-oktabr — “Davlat tili haqida”gi Qonun qabul qilingan kun sifatida O‘zbekiston Respublikasi tarixida muhim sana. Negaki, ona Vatanimiz mustaqilligining qo‘lga kiritilishida ushbu huquqiy hujjatning ahamiyat beqiyos. Zero, o‘zbek tiliga davlat maqomining berilishi xalqimizning o‘z huquq va manfaatlarini himoya qilishdagi muhim odim bo‘lganini katta avlod yaxshi eslaydi. 

Shu bois, Siz-azizlarni bugungi “O‘zbek tili bayrami” kuni bilan chin qalbdan tabriklayman. Qadim va betakror ona tilimizning qadri yanada yuksalib, O‘zbekiston nomi tenglar ichra teng bo‘lib, dunyoga tanilaversin!

Aziz Vatandoshlar!

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganining 30 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida “Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyatdir”, deya ta’kidlagan edilar.

Darhaqiqat, ona til – davlat timsoli, mulki, millatning madaniy va ma’naviy boyligi, xalqning madaniyati, urf-odati, tarixini ifodalovchi vositadir. Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri, turkiy tillarning katta oilasiga mansub bo‘lgan o‘zbek tilining tarixi xalqimizning ko‘p asrlik kechmishi, uning orzu-intilishlari, dard-u armonlari, zafarlari va g‘alabalari bilan chambarchas bog‘liqdir. Moziyda yashab o‘tgan allomalarimiz, ota-bobolarimiz aynan shu til orqali jahon tamadduniga beqiyos hissa qo‘shgan. Shu go‘zal va muhtasham zabonda Bilga hoqon va Kul tigin bitiklari, Alpomish-u Xamsa asarlari kabi ne-ne buyuk madaniyat namunalari, ulkan ilmiy kashfiyotlar, badiiy durdona asarlar yaratilgan. Modomiki shunday ekan, o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchiligimiz timsoli, bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyat, ulug‘ ajdodlarimizdan bizga yetib kelgan benazir xazina sifatida namoyon bo‘ladi.

Qadrli ustozlar, aziz talaba-yoshlar!

Bugungi kunda nafaqat mamlakatimiz, balki dunyo miqyosida o‘zbek tilini e’zozlash, uni o‘rganish yangi bosqichga ko‘tarildi. Ayniqsa, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT Bosh Assambleyasi 75-sessiyasida ilk marta o‘zbek tilida nutq so‘zlashi ona tilimizning nufuzi va mavqeyini yanada oshirdi. Bashariyat tomonidan “Navoiy tili” deb e’tirof etiladigan ona tilimizning jahonda tan olinishida nihoyatda muhim tarixiy voqelik bo‘ldi. Shuningdek, 2019-yil 4-oktabrdagi “O‘zbekiston Respublikasining “Davlat tili haqida”gi Qonuni qabul qilinganining o‘ttiz yilligini keng nishonlash to‘g‘risida” gi qaror hamda “O‘zbek tilining davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon asosida yurtimizda “O‘zbek tili bayrami kuni” keng nishonlanmoqda. Bu ona tilimizga bo‘lgan katta hurmat va ehtirom namunasidir.

Muhtaram hamkasblar, qadrli yoshlar!

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham o‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayoti va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, yoshlarni vatanparvarlik, milliy an’ana va qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalash, mamlakatimizda davlat tilini to‘laqonli joriy etishni ta’minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Akademiyaning ish yuritish hujjatlari, nashr etilayotgan kitob-to‘plamlar, Akademiya rasmiy saytida e’lon qilinayotgan yangiliklar, maqolalar Qonun talablari asosida yuritilmoqda. “O‘zbek tili va mumtoz Sharq adabiyoti” kafedrasi tomonidan esa talaba-yoshlarga jahon adabiyoti durdonalari bilan birgalikda o‘zbek tili, madaniyati, ilm-fani rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan buyuk allomalarimiz merosi chuqur o‘rgatilayotir. Shu o‘rinda mazkur sharafli vazifani sidqidildan ado etayotgan jonkuyar va mehribon ustozlarimiz, faol yoshlarimizning kelgusi faoliyatlariga muvaffaqiyat tilayman.

Ulug‘ ma’rifatparvar Abdulla Avloniy “Hifzi lison” maqolasida “Milliy tilni yo‘qotmak – millatning ruhini yo‘qotmakdir”, deya ta’kidlaydi. Yana bir ma’rifatparvar, o‘nga yaqin dunyo tillarini puxta o‘rgangan olim Is’hoqxon Ibrat esa “Bizning yoshlar, albatta, boshqa tilni bilish uchun sa’y-harakat qilsinlar, lekin avval o‘z ona tilini ko‘zlariga to‘tiyo qilib, ehtirom ko‘rsatsinlar. Zero, o‘z tiliga sadoqat – bu Vataniy ishdir”, deya yozib qoldirgani bejiz emas. Zero, dunyo tillarini chuqur o‘rgangan holda o‘z ona tilini e’zozlagan farzand o‘zligini yo‘qotmaydi, xalqini aziz-u mukarram bilib, mamlakat taraqqiyotiga o‘zini daxldor biladi!

Muhtaram azizlar!

So‘zim yakunida Siz, azizlarni 21-oktabr – “O‘zbek tili bayrami” kuni bilan yana bir bor tabriklayman!

Barchangizga uzoq umr, oilalaringizga fayz-u baraka, baxt-u saodat tilayman. Talaba-yoshlarimizning esa o‘zbek tili qadrini ulug‘lagan holda, bir necha chet tillarini mukammal egallagan Vatanimizning munosib farzandlari bo‘lib kamol topishlariga ishonamiz! 

Necha asrlardan buyon dunyo sivilizatsiyasi rivojida o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘lib kelayotgan o‘zbek tili xalqaro maydonlarda mangu jarang sochaversin!

 

Muzaffar KOMILOV,

Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori

Izoh qoldirish