467

SAMARQAND JAMOATCHILIGIGA IKKI NODIR ASAR TAQDIM ETILDI

Joriy yil 14-oktabrda Samarqand shahrida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi tomonidan nashr etilgan Imom Moturidiyning “Taʼvilot al-Qurʼon” asarini 30-juzi hamda Oʻzbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi va Oʻzbekiston xalqaro islom akademiyasi tomonidan musulmon huquqshunosi, Ustrushana — hozirgi Jizzaxdan yetishib chiqqan buyuk alloma Muhammad ibn Mahmud Ustrushaniyning “Jomiʼ ahkom as-sigʻor” (Bola huquqlari kodeksi) asarlarining oʻzbek tilidagi ilk nashri taqdimotlariga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

Unda  Markaz va Xalqaro islom akademiyasi olimlari, Samarqand viloyati oliy oʻquv yurtlari talaba va oʻqituvchilari, viloyat yozuvchilar uyushmasi aʼzolari, mahallalar faollari, olimlar, imom-xatiblar hamda OAV xodimlari  ishtirok etishdi.

Tadbir ochilishida soʻzga chiqqan Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Sh.Ziyodov jamoatchilikka, ayniqsa, yoshlarga vatanimiz tarixini va buyuk ajdodlarimiz ilmiy merosini xalqchil tilda yetkazish hamda ularning jahon ilm-fani rivojiga qoʻshgan beqiyos hissalarini chuqur va ilmiy asosda ochib berish borasida olib borilayotgan diniy-maʼrifiy islohotlar samaralari haqida toʻxtalib, taqdimoti oʻtkazilayotgan ikki nodir asarning qiymati jihatidan yuksak tarixiy, ilmiy, maʼnaviy va diniy ahamiyati haqida soʻzlab berdi.

Taʼkidlanganidek, oʻz aqida va eʼtiqodini toʻla anglagan insongina bugungi davrda tahdid solishi mukin boʻlgan turfa yot gʻoyalardan oʻz vaqtida himoyalana oladi. Imom Moturidiyning “Taʼvilot al-Qurʼon” asari barcha mavhum tuyulgan masalalarga aniqlik kiritib beruvchi, inson qalbidagi har qanday shubhani bartaraf qiluvchi benazir manba. Asarning mohiyatiga koʻra moturidiylik taʼlimotida insonning aqlga tayanishi, tafakkur yuritishi muhim hisoblanadi. Taqlid qilish, boshqalarga koʻr-koʻrona ergashish esa keskin qoralanadi.

Taqdimot tadbirida soʻzga chiqqanlar Muhammad ibn Mahmud Ustrushaniyga mansub “Jomiʼ ahkom as-sigʻor” asarining muhim ijtimoiy va siyosiy qiymatiga ham batafsil toʻxtaldilar. Mazkur asar umuminsoniy ahamiyatga ega inson huquqlari haqidagi gʻoyaning ildizlari Oʻzbekiston zamini bilan bogʻliq  ekanligini xalqaro miqyosda targʻib qiladi hamda  Qadim Ustrushana ilmiy-madaniy markazida faoliyat koʻrsatgan olimlarning ilmiy merosiga mutaxassislarning eʼtiborini jalb etadi.

Yigʻilganlar Ustrushaniyning beqiyos asari soʻnggi yillarda Yangi Oʻzbekistonda buyuk allomalarimiz ilmiy merosini oʻrganish va keng targʻib etish boʻyicha amalga oshirilayotgan xalqaro ahamiyatga ega islohotlarning amaliy natijasi ekanligini taʼkidlab, u jamiyatimizda qaror topgan hanafiy mazhabining insonparvarlik, bagʻrikenglikka asoslangan moʻtadil taʼlimotining ahamiyatini yanada mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidlashdi.

Taqdimot tadbiri mavzuga oid  savol va javoblar bilan yakunlandi. 

Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish