613

“Markaziy Osiyoda islom sivilizatsiyasi: o‘tmish va hozirgi zamon” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya bo‘lib o‘tdi

Markaziy Osiyo mintaqasi jahon sivilizatsiyasi markazlaridan biri sifatida e’tirof etiladi. Ajdodlarimiz tafakkuri bilan qadimgi toshyozuv va bitiklar, ming-minglab qo‘lyozmalar, turli sohalarga oid fundamental asarlar yaratilgan. Mazkur sarhaddan jahon ilm-fan taraqqiyoti rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan, ilm-fanning barcha sohalari, jumladan, islomiy ilmlarda ham jahonga dong taratgan buyuk allomalar kamol topgan.

Bashariyat tamaddunining nodir sahifalari ana shunday buyuk va moʻtabar zotlarning hayotlari bilan chambarchas bog‘liqdir. Mintaqa xalqlari tarixi, madaniyati, diniy an’ana va urf-odatlari, alloma va olimlar hayot yo‘llarini o‘rganish, ularning merosini tadqiq etish muhim vazifa sanaladi. So‘nggi yillarda o‘tmishda yashab o‘tgan ajdodlar ilmiy merosini  tadqiq etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida Markaziy Osiyoda islom sivilizatsiyasining o‘rnini o‘rganish va targ‘ib qilish maqsadida “Markaziy Osiyoda islom sivilizatsiyasi: o‘tmish va hozirgi zamon” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyasi o‘tkazildi.

Tadbir IRCICA – Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq qilish xalqaro markazi hamda “Islom tarixi va manbashunosligi – IRCICA” kafedrasi hamkorligida tashkil etildi. Xalqaro anjuman “Markaziy Osiyo mintaqasida islom madaniyati va san’ati”, “Markaziy Osiyo mutafakkirlari ilmiy-ma’naviy merosi”, “Markaziy Osiyo tarixiy yodgorliklari epigrafikasi va arxitekturasi” hamda “Markaziy Osiyo xalqlarining urf-odat va an’analaridagi umumiylik va o‘ziga xoslik” kabi yo‘nalishlarga bo‘lindi. 

Konferensiyani O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining jamoat va diniy tashkilotlar bilan hamkorlik masalalari bo‘yicha maslahatchisi, O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Shoazim Minovarov, IRCICA – Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish xalqaro markazi Bosh direktori Mahmud Erol Qilich hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov tabrik so‘zlari bilan ochib, anjuman ishiga muvaffaqiyat tilashdi.

Onlayn formatda o‘tkazilgan tadbirni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi mudiri, tarix fanlari doktori Ne’matullo Muhamedov olib bordi. Nufuzli ilm mashvaratida Istanbul texnika universiteti Arxitektura fakulteti dotsenti Aras Neftchi, IRCICA – Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish xalqaro markazi tarix fanlari doktori, professor Ashirbek Mo‘minov, tadqiqotchi Veysel Bulut, IRCICA tashkiloti San’at va hunarmandchilik dasturi rahbari va Xattotlik bo‘limi mudiri Said Kasimoglu, Turkiyaning Marmara universiteti Ilohiyot kafedrasi professori Nejdet Tosun, Markaziy ilmiy kutubxona, Qozog‘iston Respublikasi Ta’lim va fan bo‘yicha vazirlikka qarashli Markaziy ilmiy kutubxona mudiri Gulshat Abikova, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov, xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktorlari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi professori, siyosiy fanlar doktori Zohidullo Munavvarov, tarix fanlari doktori Saidakbar Agzamxodjayev, turli davlat va jamoat tashkilotlari, hamkor muassasalar rahbarlari, professor-o‘qituvchilar, yosh olimlar, ilmiy-tadqiqotchilar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi. 

Ilmiy-amaliy anjumanda “Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi va arxitekturasi xususiyatlari”, “Movarounnahr ilmiy-madaniy markazlari”, “Samarqand va Buxoroda fanlar tarixini o‘rganishda al-Hasiriy ijodining ahamiyati”, “Mahmud Zamaxshariy ilmiy merosiga oid yangi ma’lumotlar”, “Xattotlikning islom madaniyatidagi o‘rni va ahamiyati (IRCICA faoliyati misolida)”, “Musulmon sharqida kutubxonachilik tarixi va an’analari”, “O‘rta Osiyolik sufiy va shoir Salohiddin Soqib O‘shiy (1843-1910)”, “Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining moʻtadil islom targ‘ibotidagi o‘rni”, “Qozog‘istondagi birinchi kitob muzeyining tarixi”, “Islom sivilizatsiyasi rivojida Termiziy allomalarining tutgan o‘rni”, “Markaziy Osiyodagi islom madaniyati va san’atini o‘rganish xususiyatlari” kabi mavzulardagi ma’ruzalari tinglandi.

Konferensiyada Markaziy Osiyo xalqlari tarixi va madaniyati hamda yozma yodgorliklari va ilmiy merosiga oid mavzular ham muhokama qilindi. Umuman olganda, anjuman mavzulari xilma-xil va dolzarb bo‘lib, unda respublikamizdagi taniqli olimlar, tarixchilar, islomshunoslar, etnograflar va manbashunoslarning ma’ruzalari orqali o‘zining amaliy ifodasini topdi.

Islom sivilizatsiyasi rivojlana boshlagach, u turli yo‘nalishlarga ajralib, o‘ziga xos qadriyatlari bilan shakllandi,deydi IRCICA tashkiloti San’at va hunarmandchilik dasturi rahbari va Xattotlik bo‘limi mudiri Said Kasimoglu.Bu san’at turlaridan biri xattotlikdir. Xattotlik – islom sivilizatsiyasi doirasida arab yozuviga qarab tug‘ilib rivojlangan tasviriy san’at turlaridan biri hisoblanadi.

Islom kirib kelgan va tarqalgan jamiyatlarning madaniy merosida xattotlik san’ati alohida o‘rin tutadi. Xattotlik san’ati bilan so‘zning chiroyi ma’no muqaddasligi bilan birlashtirilgan. Odamlarga ma’lumot yetkazishning eng qimmatli vositalaridan biriga aylandi. Uning yordamida go‘zallikni idrok etish hissi rivojlanadi. Bundan tashqari, xattotlik san’ati narsalarning moddiy va ma’naviy qiymatini oshiruvchi va ularga yuqori badiiy baho beradigan sehrli va ta’sirli aloqa hisoblanadi. 

Men ishonamanki, islom olami xattotligi har doim musulmon jamiyatlarining madaniy hayotida alohida o‘rnini saqlab, har qanday madaniyat vakillari va san’at ixlosmandlarining e’tiborini tortadi. Boshqa tomondan, IRCICA bu san’atni asl manbasi va an’anaviy tamoyillari bilan uyg‘un holda saqlash va rivojlantirish maqsadida ishlashni va tadbirlarni tashkil qilishni davom ettiradi.

Anjuman davomida so‘nggi yillarda yurtimizda Uchinchi Renessansning ilmiy-ma’naviy poydevorini mustahkamlash, yoshlarni Vatanga muhabbat, milliy-diniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, mamlakatning islom sivilizatsiyasini rivojlantirish borasidagi rolini yanada oshirish hamda buyuk allomalarning jahon tamadduniga qo‘shgan hissasini milliy va xalqaro miqyosda ommalashtirish jarayoni qizg‘in davom etayotganligi ta’kidlandi.

Darhaqiqat, yurtimizdagi umummilliy yuksalishlar, tarixiy uyg‘onish jarayonlarining ildizlari, uning mazmun-mohiyatini aholi, ayniqsa, yoshlarga yetkazish, ularni ilm-ma’rifatga da’vat etish borasida sezilarli qadamlar tashlanmoqda. Muqaddas islom dini bilan bog‘liq boy merosni ilmiy tadqiq etish, uning Markaziy Osiyo sivilizatsiyasi rivojidagi o‘rnini innovatsion usullar orqali targ‘ib qilinmoqda.

Ayniqsa, tobora qad rostlayotgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi “Uchinchi Renessans – Yangi O‘zbekiston” g‘oyasini keng targ‘ib qiluvchi, mamlakat tarixining yangi yuksalish davridagi yutuqlarini ilmiy asosda o‘rganuvchi, uni keng jamoatchilikka yetkazib beruvchi hamda moddiy-madaniy meros namunalari, islom dini bilan bog‘liq qadimiy va boy an’analarni targ‘ib qiluvchi ilmiy-ma’rifiy maskan bo‘lib xizmat qilishi shubhasiz.

Konferensiyada so‘zga chiqqanlar Markaziy Osiyoning islom sivilizatsiyasi rivojidagi tarixiy o‘rni, mintaqa allomalarining ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish borasida tadqiqotchilarning olib borgan ilmiy-ijodiy izlanishlari va tadqiqotlari natijalarini keng targ‘ib etish borasida kelishib olishdi.

Qizg‘in munozara, savol-javoblar ostida o‘tgan onlayn-anjuman yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Hamkor tashkilotlar bilan ilmiy-amaliy aloqalarni yanada davom ettirish borasida fikrlar almashildi. Konferensiyaga taqdim etilgan ma’ruzalar alohida to‘plam holida chop etilishi, unda yoshlarning ilmiy maqolalari ham o‘rin olishi ta’kidlandi.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi 

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish