620

1-OKTABR – “O‘QITUVCHI VA MURABBIYLAR KUNI” MUNOSABATI BILAN O‘ZBEKISTON XALQARO ISLOM AKADEMIYASI REKTORINING BAYRAM TABRIGI

Assalomu alaykum, hurmatli ustozlar va aziz hamkasblar!

Sizni 1-oktabr – “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” umumxalq bayrami bilan chin qalbimdan samimiy tabriklayman.

Ustoz degan sharafli nomga munosib bo‘lish, o‘qituvchi kasbini ulug‘lab, kelajak avlodni barkamol voyaga yetkazish ulug‘ saodat. Zero, ustoz-muallimning mehnati bilan davlat va jamiyat taraqqiy etadi, olam ezgulikka, ilm-ma’rifat, ziyoga chulg‘anadi. 

Donishmand xalqimiz hamisha ustoz-muallimga o‘zgacha hurmat va e’tiborda bo‘lib keladi. Buni mutafakkir shoir Alisher Navoiyning quyidagi bayti ham tasdiqlaydi:

Haq yo‘linda kim senga bir harf o‘qitmish ranj ila,

Aylamak bo‘lmas ado, oning haqin yuz ganch ila.

Darhaqiqat, olimu-ulamolar, ustoz-murabbiylar mehnatini ulug‘lash kishini kamolotga, baxt va yorug‘ istiqbolga eltishi aniq. Bugungi kunda ham yurtimizda ta’lim tizimi islohotlariga ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Bu albatta, ilm-ma’rifat o‘choqlarida fidokorona mehnat qilayotgan barcha professor-o‘qituvchilar, tarbiyachi-murabbiylar mehnatining ham munosib qadrlanishiga asos bo‘lmoqda. Bu o‘rinda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan “O‘zbekistonda eng obro‘li inson — muallim bo‘lishi kerak”, degan g‘oyalari tahsinga sazovor. 

Har yili O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Yurtboshimiz tomonidan fidoyi va zahmatkash soha vakillariga tabrik yo‘llanib, ezgu tilak va kelgusi vazifalar bildirilishi an’anaga aylangan. Bu yilgi bayram tabrigida ham uzluksiz ta’lim tizimi xodimlari mehnatiga yuqori baho berilib, zimmalaridagi mas’uliyat yana bir bor ta’kidlandi. Ya’ni, tabrikda “Jamiyatimizda bog‘cha tarbiyachisi, maktab muallimi, oliygohlarning professor-o‘qituvchilari va ilmiy-ijodiy ziyolilarni bugun biz intilayotgan Uchinchi Renessansning to‘rt tayanch ustuni deb e’tirof etmoqdamiz. Shundan kelib chiqib, ularning hurmat-e’tiborini oshirish, xususan, muallim va ustozlarning qadri, sha’ni va g‘ururini tiklash, mashaqqatli va sharafli mehnatini moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish bo‘yicha boshlagan ishlarimizni albatta yangi pog‘onaga ko‘taramiz”, deya e’tirof etildi.

Ma’lumki, bugungi kunda O‘zbekistonda yangi bir uyg‘onish — Uchinchi Renessans davriga poydevor yaratilmoqda. Shubhasiz, bunda Siz, aziz ustoz va muallimlarning faol ishtirokingiz hamda fidoyi mehnatingiz muhim omil bo‘ladi. Zotan, bugun zamonaviy bilim va kasb-hunar, xorijiy tillarni puxta egallab, katta umid va ishonch bilan hayotga qadam qo‘yayotgan, ertangi kunimizning hal qiluvchi kuchi bo‘lgan ming-minglab farzandlarimiz kamolida o‘qituvchi va murabbiylarning beqiyos hissasi borligi tabiiy. Demak, davlatimiz va xalqimizning yorug‘ kelajagi, taraqqiyoti Siz, aziz ustozlar mehnati orqali ro‘yobga chiqadi!

Qadrli ustozlar!

So‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ta’lim-tarbiya, ilm-fan hamda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar natijasida boy ilmiy-tarixiy merosimizni o‘rganish va targ‘ib qilish ishlari yanada jadallashdi. Shu bilan birga, dunyoda ro‘y berayotgan voqea-hodisalar va ijtimoiy-siyosiy vaziyatning tahlili diniy-ma’rifiy soha faoliyati samaradorligini yanada oshirishni va malakali kadrlar tayyorlashning samarali tizimini yaratishni taqozo etmoqda.

Mamlakatimiz hamda xalqaro miqyosda o‘z nufuziga ega bo‘lib borayotgan O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida bugungi kunda 140 nafarga yaqin mahalliy va xorijiy eng ilg‘or professor hamda o‘qituvchilar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Albatta, har bir oliy ta’lim hamda ilmiy tadqiqot muassasasi tutgan mavqeida oliy malakali ilmiy-pedagogik kadrlar salohiyati asosiy o‘rin ega. Shu ma’noda, Akademiya huzuridagi Ilmiy kengashda so‘nggi yillarda “Islom tarixi va manbashunosligi”, “Qur’onshunoslik. Hadisshunoslik”, “Mumtoz Sharq adabiyoti va manbashunosligi” va “Dinshunoslik” kabi noyob ixtisosliklar bo‘yicha bir necha falsafa doktori hamda fan doktori ilmiy darajalari bo‘yicha dissertatsiya himoyalari muvaffaqiyatli amalga oshirilgani ahamiyatlidir. Bu boradagi ilmiy izlanishlarni yanada kengaytirish oldimizda turgan dolzarb masalalardan hisoblanadi.

Muhtaram ustoz va hamkasblar!

“Beshikdan qabrgacha ilm izla”, deydi dono xalqimiz. Ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiyning “Avlodlaringizga faqat bugunning emas, kelgusi zamonning ilmini o‘rgating”, degan hikmatlari ham ayni ma’noni mujassam etadi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Shu bois, har birimiz o‘z kasbimizga sadoqat bilan yondashib, ilm-fanning ilg‘or yutuqlari hamda donishmand xalqimizning inja qadriyat va bebaho merosini yosh avlodlarimizga yetkazishimiz ham farz, ham qarzdir. Bu yo‘lda barchaning ilmiy-pedagogik, tadqiqotchilik faoliyatiga muvaffaqiyat yor bo‘lsin. 

Yana bir bor Siz, azizlarni “O‘qituvchi va murabbiylar kuni” umumxalq bayrami bilan qutlar ekanman, sihat-salomatlik, baxt-saodat, xonadoningizga fayzu-baraka hamda shogirdlaringiz kamolini ko‘rib yurish saodatini tilayman!

 

Muzaffar KOMILOV,

Din ishlari bo‘yicha Qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori

 

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish