Akademiyada “Mehnati elda aziz ustozim!” nomli bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi
Ustozlik – dunyodagi eng e’zozli, ehtirom va e’tiborga loyiq, qalblarga yaxshilik, ezgulik, komillik olib kiruvchi muborak kasb sanaladi. U har bir insonning kelajagi uchun tamal toshini qo‘yishda muhim rol o‘ynaydi. Shuning uchun ham xalqimizning “ustoz otangdek ulug‘”, degan ibratli o‘giti zamirida o‘qituvchi va murabbiylarga bo‘lgan samimiy ehtiromi mujassamdir.
Darhaqiqat, jamiyatning buguni va kelajagi, uning madaniy-ma’rifiy va ma’naviy salohiyati ta’lim tizimining qay darajada rivojlanganligi bilan belgilanadi. Ta’lim-tarbiya tizimidagi islohotlarning muvaffaqiyati ko‘p jihatdan o‘qituvchi va murabbiylarga bog‘liq. Shu sababli mamlakatimizda o‘qituvchilar mehnatini qadrlashga, ularga har jihatdan g‘amxo‘rlik ko‘rsatishga harakat qilinmoqda.
Jumladan, yurtimizda har yili 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni keng miqyosda nishonlanadi. Ayni paytda respublikamiz bo‘ylab bayram tantanalari davom etmoqda. O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham sana munosabati bilan “Mehnati elda aziz ustozim!” deb nomlangan ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri tashkil etildi. Unda Akademiya rahbariyati, professor-o‘qituvchilar, xodimlar hamda talabalar ishtirok etdi.
Tantanali marosimni O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov o‘zining Akademiya professor-o‘qituvchilariga yo‘llagan bayram tabrigi bilan ochib berdi. Akademiya rektori o‘z nutqida talabalarga bilim va tarbiya berayotgan ustoz hamda murabbiylarni kasb bayramlari bilan qutlar ekan, so‘nggi yillarda davlatimiz rahbari tomonidan ta’lim sohasini tubdan isloh etish jarayonida o‘qituvchi va murabbiylarga izzat-ehtirom ko‘rsatish, ularni kuchli ijtimoiy himoyalash, moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish masalasiga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Ayniqsa, islom dinining asl mohiyati, butun dunyo sivilizatsiyasi rivojiga tamal toshini qo‘ygan ajdodlarimizning bebaho ma’naviy merosini yoshlarga har tomonlama chuqur va mufassal o‘rgatishda ustoz va murabbiylarning hissasi salmoqli ekanligini qayd etdi.
Darhaqiqat, ilm har qanday zamonda va makonda ham najot yo‘li, zulmatni yorituvchi nur, insonni kamolotga yetaklovchi buyuk ne’mat sanaladi. Buyuk alloma Imom Buxoriy hazratlari bundan o‘n ikki asr oldin “Dunyoda ilmdan boshqa najot yo‘q va bo‘lmagay”, deb bejizga yozib qoldirmagan.
Tantanali marosimda ko‘p yillik samarali mehnati, kasbiga fidoiyligi va intelektual qobiliyati bilan yuksak hurmat va ehtiromga sazovor bo‘lgan bir guruh pedagog xodimlariga esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, 1-oktabr – O‘qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan tashkil etilgan “Akademiya kubogi” sport o‘yinlarining sovrindorlarini taqdirlash marosimi o‘tkazildi.
Bayram tadbiri davomida Akademiya talabalari tomonidan she’r-qo‘shiqlar, teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari, Dutorchi qizlar guruhining musiqiy chiqishlari namoyish etildi. Akademiyada faoliyat olib borgan marhum professor-o‘qituvchilarning xotirasiga bag‘ishlangan videorolik yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. Taniqli san’atkorlar tomonidan ijro etilgan qo‘shiqlar barchaga manzur bo‘ldi.
Muxtasar aytganda, o‘qituvchi va murabbiylarning jamiyatdagi qadri va nufuzini yuksaltirish eng muhim vazifa hisoblanadi. Zero, yetuk kadrlar kamoloti, millat kelajagini bunyod etishda ularning o‘rni va roli beqiyosdir.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish