427

Rossiya Islom instituti bilan hamkorlik aloqalari yanada kengaymoqda

So‘nggi yillarda islom dinining asl mohiyati, butun dunyo sivilizatsiyasi rivojiga tamal toshini qo‘ygan ulug‘ mutafakkirlarning bebaho ma’naviy merosini chuqur va har tomonlama o‘rganish, xalqaro darajadagi zamonaviy mutaxassis kadrlarni tarbiyalashga alohida e’tibor qaratilayotir.

Bu borada O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi xorijning nufuzli oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirib boryapti. O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov va bir guruh olimlarimizning Rossiya Federatsiyasi Tatariston Respublikasidagi xizmat safarlari davomida ana shu jarayonlar aks etmoqda.

Soha rivojiga bag‘ishlangan navbatdagi uchrashuvlardan biri Rossiya Islom instituti rektori, siyosiy fanlar doktori, professor, Tatariston Respublikasi Fanlar akademiyasining akademigi Rafik Muxametshin bilan o‘tkazildi.

Samimiy muloqot davomida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov yurtimizda diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar, vijdon erkinligi masalalari, milliy an’ana va qadriyatlarimizni rivojlantirishga davlat tomonidan katta ahamiyat berilayotganini ta’kidladi. Ulug‘ allomalarning ilmiy merosini chuqur o‘rganish, yoshlarni ilm-ma’rifatli etib tarbiyalash har bir mamlakatning ustuvor vazifasi ekanligini qayd etdi.

Bu borada O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasidagi ta’lim va ilmiy faoliyatidagi yutuqlar haqida to‘xtalib o‘tdi. Uchrashuvda islom dini va uning ilm-ma’rifatini keng tadqiq etish bo‘yicha dunyoda o‘z nufuzi va ilmiy salohiyatiga ega har ikki oliy ta’lim muassasasi hamkorligini yanada rivojlantirish, bu borada talabalar hamda yosh ilmiy tadqiqotchilar almashinuvini tizimli yo‘lga qo‘yish yuzasidan amaliy vazifalar belgilab olindi.

Shuningdek, kredit-modul o‘qitish tizimini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish, o‘quv dasturlari almashinuvi borasida o‘zaro tajribalar o‘rtoqlashildi. O‘z navbatida Rossiya Islom instituti rektori, siyosiy fanlar doktori, professor Rafik Muxametshin O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasiga tashrif buyurib, talabalarga islom tarixi, zamonaviy islom dini tendensiyalari mavzusida mahorat darsi o‘tishga tayyorligini bildirdi.

Ayniqsa, pandemiya davrida ham talabalarning uzluksiz ta’lim olishi uchun masofaviy o‘qitish tizimini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ilg‘or tajribalar asosida o‘zaro hamkorlik qilish bo‘yicha ham kelishuvlarga erishilgani o‘ziga xos ahamiyatga ega.

Ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazilgan uchrashuv yakunida O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov Rossiya Islom instituti rektori Rafik Muxametshinga samimiy qabul hamda hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha amaliy takliflari uchun minnatdorlik bildirdi.

 

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

Matbuot xizmati

Qo‘shimcha mutolaa uchun tavsiya

Izoh qoldirish