AKADEMIYA REKTORI XALQARO KONFERENSIYADA ISHTIROK ETMOQDA
Avval xabar qilganimizdek, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov rahbarligida bir guruh olimlarimiz Rossiya Federatsiyasidagi Bolgar islom akademiyasida xizmat safarida bo‘lib turibdi.
Bugun yurtimiz olimlari Bolgar islom akademiyasida 23-25-sentabr kunlari bo‘lib o‘tadigan “Zamonaviy ta’lim tizimida islomshunoslik va islom ilohiyoti fanlari: muammolar va istiqbol rejalari” mavzusidagi II Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ishtirok etdi. Rossiya musulmonlari markaziy diniy boshqarmasi va uning Tatariston Respublikasidagi boshqarmasi, Ilmiy va ta’limiy ilohiyot birlashmasi (NOTA), Islom madaniyati, ilm-fan va ta’limni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ko‘magida tashkil etilgan xalqaro konferensiyada islom olamidagi 30 dan ortiq nufuzli davlat tashkilotlari hamda 200ga yaqin taniqli olimlar dolzarb mavzudagi ma’ruzalari bilan qatnashmoqda.
Zamonaviy sharoitda islomshunoslik va islom ilohiyotshunoslik fanini rivojlantirishning dolzarb nazariy va amaliy masalalari muhokama etilayotgan mazkur yirik anjumanda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov ham “O‘zbekiston Respublikasida diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlarning ayrim o‘ziga xos xususiyatlari” (“Некоторые особенности реформ в религиозной сфере в Узбекистане”) mavzusidagi ma’ruzasi bilan ishtirok etib, yurtimizda diniy e’tiqod va vijdon erkinligini ta’minlash, diniy ta’lim sohasidagi yangilik va ilg‘or tajribalar xususida so‘z yuritdi.
Xususan, Akademiya rektori o‘z nutqida yurtimizda milliy an’ana va qadriyatlarimizni rivojlantirish, ulug‘ alloma ajdodlarimiz ilmiy merosini chuqur o‘rganish, yoshlarni ilm-ma’rifatli, intellektual barkamol avlod etib tarbiyalashga davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishi sifatida e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. So‘nggi yillarda mamlakatimizdagi diniy-ma’rifiy sohadagi islohotlar, Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatiga to‘xtalib o‘tdi. Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasidagi ta’lim va ilmiy faoliyatidagi yutuqlar, yosh kadrlarni tayyorlashda mamlakatimiz, xususan, Akademiyaning o‘ziga xos tajribasi bilan o‘rtoqlashdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektorining mazkur ma’ruzasi konferensiya qatnashchilarida katta taassurot qoldirib, o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish, birgalikda ilmiy-amaliy anjumanlarni muntazam o‘tkazish haqida takliflari bildirildi.
E’tiborlisi, xalqaro konferensiyada O‘zbekistonda Ziyorat turizmini rivojlantirish, qadim va muqaddas qadamjolarga sayyohlar oqimini ko‘paytirish borasida amalga oshirilayotgan keng miqyosli bunyodkorlik, ilmiy-ma’rifiy tadqiqotlar ham e’tirof etildi. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bilan rasmiy hamkorlik o‘rnatilgan holda, Rossiya Federatsiyasining Islom madaniyati, ilm-fan va ta’limni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi ko‘magida 90dan ortiq muftiyatlari ziyoratini tashkil etish borasidagi amaliy takliflar barcha ishtirokchilar tomonidan qo‘llab-quvvatlangani ahamiyatlidir. Zero, ziyorat sayyohligi asosida islom ilm-ma’rifatini o‘rganish, ulug‘ allomalar ma’naviy merosini anglash va tadqiq etishga qiziqishning ortishi ilm-u ziyoning keng yoyilishga omil bo‘lishi shubhasiz.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish