Akademiya Ma’naviyat va ma’rifat kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektor Habibullo Sadibaqosev boshchiligida Ma’naviyat va ma’rifat kengashining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Unda Akademiya rahbariyati, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari va bo‘lim boshliqlari ishtirok etishdi.
Yig‘ilishda bugun jahon miqyosida taraqqiyot sur’atlari shiddatli tus olgani, o‘ta ziddiyatli jarayonlarning ta’siri mamlakatimizda ham sezilayotgani qayd etilib, bu boradagi vazifalar belgilab olingani haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, so‘nggi yillarda ma’naviy-ma’rifiy sohalarda katta ishlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
Chindan ham, bugun dunyoda keskin kurash va raqobat hukm surib, manfaatlar to‘qnashuvi kuchaymoqda. Globallashuv jarayonlari insoniyat uchun beqiyos yangi imkoniyatlar bilan birga kutilmagan muammolarni ham keltirib chiqarmoqda. Milliy o‘zlik va ma’naviy qadriyatlarga qarshi tahdid va xatarlar tobora ortib borayotir. Dunyodagi keskin mafkuraviy oʻzgarishlar, radikal, agressiv oqimlar kuchayib borishi, yon-atrofimizda sodir boʻlayotgan voqea-hodisalar barchamizni tashvish va xavotirga solmasdan qoʻymaydi. Bugun ular o‘z niyatlarini tobora oshkor etmoqda, vayronkor, buzgʻunchi gʻoyalari bilan qanchadan-qancha yoshlarni toʻgʻri yoʻldan adashtirmoqda.
Akademiya prorektori loqaydlik va beparvolik eng katta xavf ekanini, bugun uchrayotgan ijtimoiy muammolarni kamaytirish uchun ma’naviy va ma’rifiy ishlarni yangi bosqichga olib chiqish kerakligini qayd etdi.
Shundan so‘ng Akademiya jamoasining ma’naviy-ma’rifiy ishlar ijrosidagi faolligi va olib borilgan ishlarning OAVda yoritilganligi bo‘yicha Matbuot kotibi Erkin Doripov ma’lumot berdi.
Fakultet dekanlari tomonidan professor-o‘qituvchilar, doktorant va talabalarning “Odob-axloq qoidalari”ga rioya qilish holati yuzasidan monitoring hisoboti eshitildi.
Shuningdek, yoshlarni yot g‘oyalar ta’siridan asrash va mafkuraviy tahdidlar (radikalizm, ekstremizm, missionerlik)ning oldini olishga qaratilgan targ‘ibot ishlari haqida axborot berildi.
Yoshlar bilan ishlash maʼnaviyat va maʼrifat bo‘limi boshlig‘i Abduvahob To‘xtanazarov tomonidan Akademiya tyutorlari faoliyatini o‘rganish va reytingini aniqlash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar hisoboti, “Odob-axloq komissiyasi” hamda Ma’naviyat va ma’rifat kengashi tarkibiga o‘zgartirish kiritish va tasdiqlash xususida axborot berdi.
Yoshlarni vatanparvarlik, milliy iftixor ruhida tarbiyalash, muomala madaniyatini yanada shakllantirish kerakligi qayd etildi.
Yig‘ilish davomida muassasa oldida turgan muhim va dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilinib, yechimini kutayotgan holatlar bartaraf etilishi hamda kelgusi vazifalar belgilab olindi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
Matbuot xizmati
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish