Ilmli va ma’naviyatli yoshlar – yurt kelajagi poydevori
Dunyo tamaddunini zamonaviy bilim va intellektual salohiyatga ega bo‘lgan yoshlarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Shu bois, yoshlarning iqtidorini aniqlash va uni rivojlantirish muhim masalaga aylangan. Zero, yoshlik – orzu! Bu – jasoratga intilish! Yoshlik – kelajakka tuzilgan ulkan rejalar. Bu – istiqbolning boshlanishi.
Darhaqiqat, yurtimizda ham keyingi yillarda o‘g‘il-qizlarga o‘z imkoniyatlarini namoyish etishi uchun zarur imkoniyat va shart-sharoitlar yaratilmoqda. Ajdodlarimizning boy merosini o‘rganib, har taraflama yetuk, diniy va dunyoviy bilimlarni puxta egallagan barkamol avlodni voyaga yetkazishda o‘zining salmoqli hissasini qo‘shib kelayotgan O‘zbekiston xalqaro islomsunoslik akademiyasi ham o‘zining navbatdagi bitiruvchilarini umr yo‘lining yangi davri sari kuzatmoqda.
Ko‘zda ham diplom olishdagi quvonch, ham to‘rt yillik unutilmas davrlari o‘tgan maskan bilan xayrlashishdagi sog‘inch yoshlari. Mehmonlar uchun ajratilgan o‘rindiqlarda farzandlarining yutuqlaridan mamnunlik va faxr tuyayotgan ota-onalar. Rafiqasiga yelkadosh bo‘lib, jajji farzandini ko‘tarib olgan er yigitlar. Bularning barchasi bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Oq yo‘l sizga, aziz bitiruvchi!” mavzusida o‘tkazilgan ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbirida aks etdi.
Mazkur marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamentining boshlig‘i, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, Akademiya professor-o‘qituvchilari, bitiruvchi talabalar hamda ularning ota-onalari ishtirok etdi.
Tantanali marosimni Akademiya rektori Muzaffar Kamilov tabrik so‘zi bilan ochib berdi.
Ma’lumot o‘rnida aytish kerak, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar, Islomshunoslik va Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti hamda 10 ta kafedra faoliyat yuritmoqda. 2025/2026-o‘quv yilida 591 nafar talaba bakalavriat hamda 125 nafar yigit-qiz magistratura bosqichini tamomlamoqda.
Ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbirida bir guruh bitiruvchi yoshlar hamda faol talabalar taqdirlandi.
Shuningdek, Akademiya tarixida ilk bor tahsil olishda har tomonlama faol boʻlgan, oʻqishni aʼlo baholar bilan tamomlab, imtiyozli diplom olishi belgilangan hamda talabalik davri davomida Akademiyaning maʼnaviy-maʼrifiy hayotida oʻzining tashabbuskorligi bilan alohida oʻrin egallagan, ijtimoiy faol hamda Akademiya nufuzini oshirishga xizmat qilgan talaba-yoshlar munosib ragʻbatlantirish maqsadida “Akademiya faxri” koʻkrak nishoni, guvohnomasi hamda “Akademiya faxri” maxsus diplomi bilan taqdirlash tizimi joriy 2025-2026-oʻquv yilidan yoʻlga qoʻyildi.
Ushbu tashabbus doirasida Akademiyaning mazkur oʻquv yilida bitirayotgan jami 42 nafar aʼlochi va har tomonlama faol talaba-yoshlari taqdirlandi.
Samimiy va qizg‘in muloqot shaklida o‘tgan uchrashuvda bitiruvchi talabalar hamda ularning ota-onalari so‘z olib, Akademiya rahbariyati va ustozlarga minnatdorlik bildirishdi.
Teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishlari, talabalar tomonidan kuylangan kuy-qo‘shiqlar, she’rlar, mehmon san’atkorlarning chiqishlari yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
Matbuot xizmati
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish