Yoshlar bandligini ta’minlash – jamiyatni taraqqiy ettirishning muhim omili
Bugungi globallashuv davrida taraqqiyotning yuksak marralarini koʻzlab intilayotgan har bir davlat oldida yoshlarning qalbi va ongini yot gʻoyalardan asrashdek muhim vazifalar ustuvor boʻlib turibdi. Bunga erishish uchun, avvalo, yoshlarning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish lozim.
Yurtimizda 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar soni 18 milliondan ziyod va bu ularga oid masalalar bilan ishlashda yangicha yondashuv va talablarni yuzaga chiqarmoqda. Jamiyatimizdagi islohotlar jarayonida bu masalalarga ustuvor ahamiyat berilayotgani navqiron avlodni ertangi kunimizning munosib davomchilari etib tarbiyalashda muhim omil boʻlayotir.
Ayniqsa, yoshlar bandligini taʼminlash va boʻsh vaqtlarini mazmunli tashkil etish ustuvor masala sanaladi. Mehnat bozorida yoshlarga munosib ish oʻrinlarini topib berish mamlakat istiqboli uchun muhim ahamiyatga ega.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2026-yil 20-apreldagi farmoni bilan tasdiqlangan “Yangi O‘zbekiston yoshlar – 2030” strategiyasida yoshlar bandligini ta’minlash, ularning mehnat bozoriga kirib kelishiga ko‘maklashish, 2025/2026-o‘quv yili bitiruvchilarini ish joylariga samarali taqsimlash maqsadida bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkalari va “Karyera kuni” tadbirlarini o‘tkazish vazifasi yuklatilgan.
Shu maqsadda bugun Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida 2025-2026-oʻquv yili bitiruvchilari hamda ish beruvchi vazirliklar, idoralar, turli tashkilot, korxona va muassasalar oʻrtasida bevosita muloqotini taʼminlash maqsadida “Bitiruvchi yoshlar – Uchinchi Renessans poydevori” shiori ostida ish beruvchi tashkilot vakillari va talabalar uchrashuvi oʻtkazildi.
Unda Akademiyaning bakalavriat yo‘nalishi bitiruvchi talabalari hamda magistrlari ishtirok etdi.
Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish departamenti rahbari, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov kirish soʻzi bilan ochib berdi.
Akademiya rektori o‘z nutqida yoshlar – kelajagimiz poydevori ekani, ularni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash esa davlatimiz siyosatining ustuvor maqsadi ekanini qayd etdi. Keyingi yillarda Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida muqaddas islom dinini ilmiy nuqtayi nazardan, fundamental tadqiq etish, ulugʻ allomalar maʼnaviy merosini qayta kashf etish orqali dunyo sivilizatsiyasiga munosib hissa qoʻshadigan yuksak salohiyatli mutaxassis-kadrlar tayyorlash jarayonida ham koʻplab yangiliklar amalga oshirilganini e’tirof etdi.
Taʼkidlash joiz, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida talabalar hamda ish beruvchi tashkilotlar bilan “Karyera kuni” uchrashuvning oʻtkazilishi muntazamlik kasb etgan.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 2025-yil 15-sentabr kuni O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida soha xodimlari bilan o‘tkazgan muloqoti davomida ta’lim sohasida “2026 yil yoshlarni zamonaviy kasb-hunarga o‘rgatish yili” bo‘lishini ma’lum qilib, “Biz yoshlarimizni nafaqat zamon bilan hamnafas, balki kelajakka tayyor qilib tarbiyalashimiz kerak. Hech qachon unutmaylik, kelajak – zamonaviy bilimlar bilan qurollangan yangi kasb egalariniki bo‘ladi”, deya ta’kidlagan edilar.
Yakunlanayotgan o‘quv yili davomida Akademiya talabalarning ishlab chiqarish amaliyotlari va uzoq muddatli stajirovka jarayonlarini samarali tashkil etishda katta natijalarga erishdi. Hamkor tashkilotlar tomonidan tashkil etilgan mahorat darslari va qo‘shma loyihalar yoshlarning amaliy ko‘nikmalarini shakllantirishda katta yordam berdi.
Ayniqsa, Prezidentimizning 2026-yil 24-fevraldagi yoshlar bilan uchrashuvi doirasida belgilangan vazifalar hamda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirining 2026-yil 5-martdagi tegishli buyrug‘i ijrosini ta’minlash maqsadida “Bitiruvchidan – professional kadr sari!” shiori ostida “Workshop” tadbirlari o‘tkazildi.
Bu kabi tadbirlar yoshlar bandligini ta’minlash, ularning kasbiy salohiyatini oshirish hamda mehnat bozoriga samarali integratsiyasini kuchaytirish maqsadida tashkil etildi.
Tizimli sa’y-harakatlarimiz natijasini bugun aniq raqamlarda ham ko‘rishimiz mumkin. Joriy o‘quv yilida Akademiyani jami 673 nafar bitiruvchi yoshlar tamomlamoqda. Islomshunoslik, Mumtoz sharq filologiyasi hamda Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti hamda 10 ta kafedra faoliyat yuritmoqda.
Quvonarlisi, korxona va tashkilotlar bilan yo‘lga qo‘yilgan mustahkam aloqalar tufayli bugungi kunga kelib, bitiruvchilarning 52% foizi o‘qishni tamomlamasdanoq o‘zining doimiy ish joyi va bandligiga ega bo‘lib ulgurdi. Bu oliy ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasining amaldagi yaqqol isbotidir.
Bundan tashqari, bugungi yoshlar xalqaro mehnat bozori talablariga ham to‘liq javob bera oladi. Bitiruvchilarning 145 nafardan ortig‘i bugungi kunda IELTS, CEFR va boshqa turdagi nufuzli milliy hamda xalqaro til sertifikatlariga ega ekanligi, ularning nafaqat mahalliy, balki xorijiy kompaniyalarda ham muvaffaqiyatli karyera qurishiga keng yo‘l ochadi.
Bugungi “Karyera kuni” shunchaki bo‘sh ish o‘rinlari yarmarkasi emas. Bu oliy ta’lim tashkilotlari va ish beruvchilar o‘rtasidagi samarali muloqot maydoni hamdir. Mazkur maydon bitiruvchi yoshlarimizning mehnat bozoriga muvaffaqiyatli integratsiyalashuviga, ularning o‘z imkoniyati hamda qiziqishlariga mos, munosib ish topishlariga zamin yaratadi.
Taʼkidlash joizki, globallashuv davrida zamonaviy bilimlarni oʻzlashtirish, chinakam maʼrifat va yuksak madaniyat egasi boʻlish, uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerak. Shu bois, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida koʻplab yangiliklar amalga oshirildi.
Talaba-yoshlar xalqaro taʼlim standartlari asosida tahsil olmoqda. Ularga oʻz sohasining yetuk olimlari, mutaxassislari saboq beryapti. Xalqaro miqyosda ham oʻz nufuziga ega boʻlib borayotgan Akademiya muntazam ravishda oʻz moddiy-texnik bazasini ham rivojlantirib, talabalarning xalqaro taʼlim standartlari asosida taʼlim olishi uchun barcha zarur sharoitlarni yaratib bermoqda.
Bitiruvchilarni munosib ish oʻrni bilan taʼminlash maqsadida hozirda ko‘plab korxona, tashkilot va muassasalar bilan hamkorlik shartnomalari imzolangan. Jumladan, talabalar respublikamizdagi barcha taʼlim muassasalari, tashkilot va idoralarda amaliyot olib boryapti.
Tadbir davomida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi hamda Adliya vazirligi, Rahimov School va Gross sug‘urta kompaniyasi bilan bilan hamkorlik memorandumlari imzolandi.
Rasmiy marosimlardan soʻng ishga tanlov yuzasidan ish beruvchilarning bitiruvchilar bilan suhbat jarayonlari tashkil etildi.
Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Din ishlari bo‘yicha qo‘mitasi, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti, “Ko‘kaldosh” o‘rta maxsus islom bilim yurti, Hadis ilmi maktabi, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Tarix instituti, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi, O‘zbekiston Milliy arxivi va boshqa 50 dan ziyod hamkor tashkilotlar vakillari qatnashdilar.
Tadbirda faollik ko‘rsatgan bir guruh ish beruvchi tashkilotlar vakillariga Akademiya tomonidan esdalik sovg‘alari hamda tashakkurnomalar topshirildi.
Shundan so‘ng ish beruvchilarning bitiruvchilar bilan suhbat jarayonlari tashkil etildi. Shu kunning o‘zida talabalar bilan mehnat shartnomalari tuzildi.
Muxtasar aytganda, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi yoshlarning taʼlim olishi, kasb-hunar egallashi yoʻlida zamonaviy, ilgʻor-innovatsion shart-sharoitlarni yaratib bermoqda. Bugungi tadbir esa ana shu ishlarning amaliy davomi hisoblanadi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
Matbuot xizmati
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish