1

Kengash majlisi tanqidiy-tahliliy ruhda o‘tib, muhim masalalar muhokama qilindi

Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi majlislar zalida Akademiya Kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy sohani rivojlantirish departamenti rahbari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori, Kengash raisi Muzaffar Kamilov, Akademiya rahbariyati hamda Kengash a’zolari ishtirok etdi. 

Yig‘ilish avvalida Islom iqtisodiyoti va xalqaro munosabatlar fakulteti yoshlar bilan ishlash bo‘yicha dekan o‘rinbosari Otabek Rasulovga siyosiy fanlar bo‘yicha falsafa doktori (PHD) diplomi topshirildi. 

Shundan so‘ng majlis kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama qilinib, oliy ta’lim muassasasi oldida turgan ustuvor vazifalar, erishilgan yutuqlar va mavjud kamchiliklar atroflicha tahlil qilindi. O‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan ishlar sarhisob qilinib, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklarni bartaraf etish va faoliyat samaradorligini oshirish muhim ekani ta’kidlandi. 

Dastlab Akademiya rektori, Kengash raisi Muzaffar Kamilov Akademiya Kengashining yangilangan tarkibini tasdiqlash yuzasidan axborot berdi. 

Xalqaro hamkorlik bo‘yicha prorektor Olim Astanakulov akademiyaning xalqaro aloqalarini yanada kengaytirish, xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan ilmiy hamkorlikni mustahkamlash, iqtidorli yoshlar va xorijiy fuqarolarni ta’lim jarayoniga keng jalb qilish masalalari xususida ma’lumot berdi. 

Shuningdek, fakultet kengashlari faoliyatidagi mavjud muammolar va kelgusi vazifalar haqida fakultet dekanlari Ilyos Mirziyotov, Jahongir Tohirov hamda Farhod Karimov so‘z yuritdi. 

Talabalarning pedagogik va malakaviy amaliyoti natijalari xususida talabalar amaliyoti bo‘limi boshlig‘i vazifasini bajaruvchi Bahodir Baxtiyorov axborot berdi. 

Yoshlar masalalari va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi prorektor Habibullo Sadibaqosev mamlakatimizda Qurbon hayitini yuqori saviyada o‘tkazish, shuningdek, bayram munosabati bilan talabalar uchun belgilangan ta’til kunlarini mazmunli tashkil etish yuzasidan ma’lumot taqdim qildi. 

Kengash kotibi Jaloliddin Bo‘riyev tomonidan 2025/2026-o‘quv yili uchun e’lon qilingan professor-o‘qituvchilar tanlovini o‘tkazish bo‘yicha hisobot tinglandi. 

Majlis davomida Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor vazifasini bajaruvchi Ilhom Bekmirzayev tomonidan “O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining “Faxriy doktor”, “Faxriy professor” va “Faxriy dotsent” unvonlarini berish tartibi to‘g‘risida”gi Nizomni tasdiqlash, shuningdek, “Mahmudxo‘ja Behbudiy” nomidagi maxsus stipendiyaga nomzodlarni tavsiya etish masalalari yuzasidan axborot berildi. 

O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor vazifasini bajaruvchi Maxfuza Alimova esa akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan tayyorlangan o‘quv adabiyotlarini nashr guvohnomasini olish uchun tavsiya etish masalalari haqida ma’lumot berdi. 

Yig‘ilishda Akademiyada ma’naviy-ma’rifiy muhitni yanada mustahkamlash, talabalarning odob-axloq qoidalari hamda kiyinish madaniyati talablariga rioya etishini nazorat qilish, yoshlarni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularda yot g‘oya va mafkuralarga qarshi mustahkam immunitet shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi. 

Shu bilan birga, diniy-ma’rifiy sohada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar va mavjud muammolar ham tanqidiy-tahliliy ruhda ko‘rib chiqildi. 

Yig‘ilish yakunida kelgusida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan muhim vazifalar belgilab olindi.

Izoh qoldirish