1

O‘zbekiston – Indoneziya: boy madaniyatlar va ilm-fan uyg‘unligi

Keyingi yillarda O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasida barcha sohalarda hamkorlik munosabatlari rivojlanib bormoqda. Ayniqsa, madaniy-ma’rifiy, turizm, ilm-fan sohalaridagi aloqalar yangi bosqichga ko‘tarildi.

Ana shu hamkorlik aloqalarining tadrijiy davomi sifatida bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “O‘zbekiston – Indoneziya tajriba almashinuv dasturi: O‘zbekistondagi mahalla va Indoneziyadagi kampung institutlarining ijtimoiy hamohangligini va barqarorligini mustahkamlash” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy seminar bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir O‘zbekiston va Indoneziya o‘rtasidagi do‘stona munosabatlar, ilm-fan, ta’lim, madaniyat va turizm sohalaridagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, shuningdek, jamiyatda bag‘rikenglik va ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. 

Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamentining boshlig‘i, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, O‘zbekiston Mahallalari uyushmasi raisi Qahramon Quranboyev, Indoneziya Respublikasining O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iz Respublikasi bo‘yicha Favqulodda va muxtor elchisi, professor Siti Ruhaini Juhayatin, Sunan Kalijaga davlat islom universiteti rektori, professor Nurhaydi, shuningdek, mahalliy va xorijiy olimlar, ekspertlar hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi. 

Seminar doirasida har ikki davlatning milliy liboslari va an’anaviy taomlari ko‘rgazmasi tashkil etildi. Shuningdek, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi talabalari tomonidan tayyorlangan badiiy-madaniy dastur, milliy qo‘shiq va raqs chiqishlari ishtirokchilarda katta taassurot qoldirdi. 

Tadbir davomida “O‘zbekiston va Indoneziyada ijtimoiy uyg‘unlik va barqarorlikni mustahkamlashda madaniyatlararo diniy savodxonlikning ahamiyati”, “Toshkent mahallalari va Indoneziya qishloqlarida bag‘rikenglik hamda ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlash borasida O‘zbekiston va Indoneziya tajribasi” mavzularida ma’ruzalar tinglanib, o‘zaro fikr almashildi. 

Tadbir yakunida O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi hamda Indoneziyaning Sunan Kalija davlat islom universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

Qolaversa, xorijlik mehmonlar Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrif buyurib, O‘zbekistonning boy ma’naviy merosi va mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ma’rifiy islohotlar bilan yaqindan tanishdilar.

Mazkur xalqaro seminar ikki mamlakat o‘rtasidagi ilmiy-ma’rifiy hamkorlikni yanada mustahkamlash, madaniyatlararo muloqotni rivojlantirish hamda jamiyatda o‘zaro hurmat va bag‘rikenglik muhitini kuchaytirishga xizmat qildi.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish