1

Islom sivilizatsiyasi markazi – muhtasham ilm-ma’rifat va madaniyati timsoli

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan barpo etilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi mamlakatimizdagi eng muhim ilmiy-ma’rifiy maskanlardan biri sifatida yosh tadqiqotchilar va olimlar uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda.

Shu kunlarda Buxoroda ikkinchi Osiyo xotin-qizlari forumi bo‘lib o‘tadi. Mazkur forumda ishtirok etish uchun O‘zbekistonga tashrif buyurgan Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibining o‘rinbosari, Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) ijrochi direktori Diyene Keyta ham O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazida bo‘ldi. 

Hurmatli mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamentining boshlig‘i, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov hamda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov kutib oldi. 

Keyingi yillarda O‘zbekistonning UNFPA bilan hamkorligi sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. O‘zaro hamkorlik aloqalari rivojlanib bormoqda.

Akademiya rektori Muzaffar Kamilov markazning koʻlami va imkoniyatlari haqida toʻxtalib, ushbu noyob majmua muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbuslari asosida salkam 10 gektar hududda barpo etilgani, binoning umumiy foydalanish maydoni 50 ming kvadrat metrni tashkil etishini qayd etdi. 

Ekskursiya davomida Markazning “Islomdan avvalgi davr”, “Birinchi Renessans”, “Ikkinchi Renessans” va “Yangi O‘zbekiston – Yangi Renessans poydevori” bo‘limlarida taqdim etilgan ekspozitsiyalar bilan yaqindan tanishildi.

Markazda namoyish etilgan minglab eksponatlar mamlakatimiz ilmiy, ma’naviy va madaniy merosining muhim tarkibiy qismini tashkil etib, tariximizning eng yorqin sahifalarini qayta jonlantiradi. 

Muzey ekspozitsiyasini shakllantirish va boyitish boʻyicha ham katta ishlar amalga oshirilib, oʻtgan yilning oʻzida 1,5 mingdan ortiq eksponat, jumladan, 800 ga yaqin qadimiy qoʻlyozma, arxeologik topilma va tarixiy xaritalar ekspozitsiyaga joylashtirilgan. Xorijiy auksion uylari, yirik kolleksionerlar va art-dilerlar bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilib, 743 ta eksponatning asl nusxalari yurtimizga keltirilgani taʼkidlandi.

Markazning asosiy zali – muqaddas Qurʼon zalida dunyodagi eng qadimiy oltita Qurʼoni karimdan biri boʻlgan moʻtabar Usmon Musʼhafi oʻzining yuksak maqomiga munosib sharafli oʻrin topgan. Shuningdek, turli davrlarga oid nodir Qurʼon qoʻlyozmalari ham shu yerda jamlangan. 

Yakunda BMT Bosh kotibining o‘rinbosari, Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) ijrochi direktori Diyene Keyta markaz unda katta taassurot qoldirgani, ushbu muhtasham majmua dunyo ma’naviy-ma’rifiy rivojiga ulkan hissa qo‘shishini e’tirof etdi.

Markazning hurmatli mehmonlar kitobiga dil so‘zlarini yozib qoldirdi.

Izoh qoldirish