1

Xotira abadiy, qadr muqaddas

Ikkinchi jahon urushining tugaganiga 81 yil boʻldi. Shuncha vaqt oʻtsa-da, urushning achchiq tarixi, u olib kelgan mislsiz kulfat va musibatlar insoniyat xotirasidan oʻchgani yoʻq. Aksincha, bu mudhish xotiralar bizga tinchlik va osoyishtalik naqadar bebaho neʼmat ekanini doimo eslatib turadi. 9-may – Xotira va qadrlash kuni zamirida esa ana shunday mohiyat mujassam.

Ayni paytda yurtimiz bo‘ylab 9-may – Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan turli ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, xotira kechalari o‘tkazilmoqda. Har yili mazkur sana mamlakatimizda o‘zgacha shukuhda nishonlanadi.

Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 16-aprel kuni “9-may – Xotira va qadrlash kuniga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolanishi bayram mazmun-mohiyatini yanada oshirdi. 

Hujjatga muvofiq, inson qadrini ulug‘lash, millati, tili va dinidan qat’i nazar, barcha yurtdoshlarimizga mehr va e’tibor ko‘rsatish, o‘sib kelayotgan yosh avlodni Vatanga mehr va sadoqat ruhida tarbiyalash maqsadida bir qator chora-tadbirlar belgilandi.

Ushbu tadbirlar mohiyatida xalqimizning tarixiy qahramonligi, fidokorona mehnatini ulugʻlash, yosh avlodni ona vatanga sadoqatli, bugungi tinch, osoyishta hayotni asrab-avaylashga qodir insonlar etib tarbiyalash maqsadi mujassam.

Shu munosabat bilan bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Burch, jasorat, matonat!” nomli ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi. 

Mazkur tadbirda Akademiya vakillari, iste’fodagi harbiy xizmatchilar, ustoz-muallimlar hamda talabalar ishtirok etdi.

Marosimni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi Diniy-ma’rifiy masalalar bo‘yicha departamentining boshlig‘i, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov tabrik so‘zi bilan ochib berarkan, o‘tganlarni yodga olish, ajdodlar xotirasiga hurmat bajo keltirish barchamizning insoniylik burchimiz ekanligini ta’kidladi.

Shundan so‘ng Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari faxriysi, “Shon-sharaf” ordeni sohibi, iste’fodagi general-leytenat Ilhom Ibragimov so‘zga chiqib, mazkur bayramning ahamiyati, uning milliy davlatchiligimizda tutgan o‘rni haqida so‘z yuritdi.

Rasmiy qismdan so‘ng Akademiya talabalar teatr studiyasi tomonidan Zulfiya Zokirovaning “Umr” asari asosida yaratilgan “Ilhaq” filmi doirasida tayyorlangan spektakl taqdim etildi.

Bu asarda urush ortidagi xalqimizning, mushtipar onalarimizning, ayollarimizning jasorati, matonati, fidoiyligi, mehnatsevarligi, oilasiga, Vataniga bo‘lgan mehri va sadoqati namoyish etilgan.

Besh farzandini urushga yuborib, birortasi tirik qolmasa-da, Zulfiya aya asar davomida mag‘rur qaddi, yuzidagi farzandlari kamolidan xursandligi asta-asta qayg‘uga, alamga aylanadi. 

Zulfiya aya timsolida minglab onalarimizning yuragining bir parchasi yosh navqiron farzandlarini urushga yuborib, unsiz yig‘lagan qalbini, kelinlari timsolida o‘zbek ayollarining oilasiga, turmush o‘rtog‘ining pok xotirasiga bo‘lgan sadoqatini ham ko‘rish mumkin. Zulfiya aya Zokirova qalbida ilhaq bo‘lib farzandlarini kutgan ona timsoli. 

Talabalar tomonidan kuchli dramatik tarzda ijro etilgan sahnalar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi. 

Urush, ayriliq, sog‘inch hissi aks etgan she’rlar, qo‘shiqlar tadbirga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi. 

Tadbir davomida talaba-yoshlar bugungi tinch-osoyishta, farovon hayot qanchalik bebaho ne’mat ekanligi, uni ko‘z qorachig‘idek asrab-avaylash muqaddas burchligini yana bir bor his qilishdi.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish