1

Islom dinida xalq diplomatiyasi va mediatsiya tamoyillari

Tinchlik bu insoniyatga Alloh taolo tomonidan berilgan eng oliy ne’mat hisoblanadi. Tinchlikning qadriga yetish, uni asrab-avaylash zimmamizdagi eng oliy burchdir. Hech shubhasiz, yurtimizda turli sohalarda erishilayotgan barcha yutuqlar zamirida jamiyatimizda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik hisoblanadi. Zero, ijtimoiy taraqqiyotning barcha davrlarida davlat va jamiyatning rivojlanishi barqarorlik va tinch-osoyishta hayot kechirishga uzviy bog‘liq. Ayniqsa, islom dini tinchlik va ezgulik dini bo‘lib, tarixan u xalqlar o‘rtasidagi birdamlik, diplomatik munosabatlarga sabab bo‘lgan.

Shu maqsadda bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Islom dinida xalq diplomatiyasi va mediatsiya tamoyillari” mavzusida ilmiy seminar bo‘lib o‘tdi.

Mazkur seminar O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi “Ijtimoiy fanlar va huquq” kafedrasi hamda O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi tomonidan hamkorlikda tashkil etildi.

Tadbirni Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Irgash Daminov hamda O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Xalq diplomatiyasi markazi direktori o‘rinbosari Zafar Abdurahmonov kirish so‘zi bilan ochib berishdi.

Anjumanda Qozog‘iston xalqi Assambleyasi qoshidagi Respublika mediatsiya kengashining raisi, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Milliy qurultoy a’zosi, professional trener-mediator Sherzod Po‘latov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi professori, “Davlat va huquq” instituti bo‘lim boshlig‘i Jo‘raboy Toshqulov, Toshkent davlat yuridik universiteti dotsenti Abdumuxtor Rahmonov, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi bo‘lim boshlig‘i Shukrullo Jo‘rayev, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etishdi.

Seminarda “Millatlararo totuvlikni mustahkamlashda mediatsiya va xalq diplomatiyasi: Qozog‘iston tajribasi”, “Mediatsiyaning huquqiy asoslari: islomiy qadriyatlar va milliy qonunchilik uyg‘unligi”, “Islomda tinchlik va muloqot tamoyillari – xalq diplomatiyasining asosiy manbai sifatida”, “Islom huquqida nizolarni hal etish va hakamlik sudlari tamoyillari”, “Islom huquqida bag‘rikenglik va totuvlik g‘oyalari” hamda “Islom ta’limotida xalq diplomatiyasi va ijtimoiy hamjihatlik tamoyillari” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.

Ma’lumki, mediatsiya kelib chiqqan nizoni taraflar o‘zaro maqbul qarorga erishishi uchun ularning ixtiyoriy roziligi asosida mediator ko‘magida hal qilish usuli hisoblanadi. Mediatsiya maxfiylik, ixtiyoriylik, taraflarning hamkorligi va teng huquqliligi, mediatorning mustaqilligi va xolisligi printsiplari asosida amalga oshiriladi.

Shubhasiz, islom dini ayrim yovuz maqsadli kimsalar zo‘r berib aytayotganidek, jaholat tarqatadigan din emas, aksincha, o‘z mohiyatiga ko‘ra, haqiqat, ezgulik, adolat, xayrixohlik va bag‘rikenglik dini sanaladi. 

Seminarda bugungi tahlikali va murakkab davrda tinchlikparvar islom dinining bag‘rikenglikka yo‘g‘rilgan ta’limotini o‘rganish, o‘zaro tajriba almashish, mavjud hamkorlikni mustahkamlash masalalari batafsil muhokama qilindi. 

Islom dinida xalq diplomatiyasi va mediatsiya tamoyillari borasida fikr almashildi.

Yakunda ekspertlarning ma’ruzalari yuzasidan savol-javoblar o‘tkazildi.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish