Kengash majlisida muhim masalalar muhokama qilindi
Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi majlislar zalida Akademiya Kengashining an’anaviy navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori, Kengash raisi Muzaffar Kamilov, Akademiya rahbariyati, Kengash a’zolari, professor-o‘qituvchilar hamda xodimlar ishtirok etishdi.
Rektor Muzaffar Kamilov majlisni ochib berar ekan, 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni bilan barcha ayollarni tabrikladi. Ularning ishlariga muvaffaqiyat, oilaviy baxt, sihat-salomatlik tiladi.
Dastlab “Arab tili va adabiyoti “al-Azhar” kafedrasi katta o‘qituvchisi Omon Musayevning 80 yoshga to‘lgani hamda Texnik foydalanish va xo‘jalik bo‘limi xodimi G‘aybulla To‘laganovning 70 yoshga to‘lgani munosabati bilan taqdirlash marosimi o‘tkazildi. Fidoyi insonlarning ko‘p yillik faoliyatlari, samarali mehnatlari e’tirof etildi.
Akademiya kengashi majlisi avvalida bir guruh o‘qituvchilarga ilmiy unvon va diplomlar topshirildi.
Shundan so‘ng majlisda oliy ta’lim muassasasi zimmasida bajarilishi zarur bo‘lib turgan ishlar, mavjud yutuq va kamchiliklar muhokama qilindi.
Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektor H.Sadibaqosev tomonidan maʼnaviy-maʼrifiy ishlar tizimini takomillashtirish boʻyicha Akademiyada amalga oshirilayotgan ishlar tahlili va istiqboldagi rejalar hamda “Yoshlar markazi” platformasi faoliyatini yoʻlga qoʻyish toʻgʻrisida axborot berildi.
Axborot resurs markazi mudiri Mohinur Xasanova esa Akademiya axborot resurs markazining oʻquv adabiyotlari bilan taʼminlanganligi holati, elektron katalogning shakllantirilganligi, shuningdek talabalar oʻrtasida kitobxonlikni targʻib qilish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar xususida so‘z yuritdi.
Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining ilmiy, ilmiy-pedagogik va mehnat faoliyati bilan shugʻullanuvchi ilmiy darajaga ega xodimlarni moddiy ragʻbatlantirish komissiyasining 1-sonli yigʻilishi bayonnomasining ijrosi toʻgʻrisida Ilmiy ishlar va innovatsiyalar boʻyicha prorektor Irgash Daminov ma’lumot berdi.
Shundan so‘ng prorektorlar turli masalalar bo‘yicha so‘zga chiqishdi. Xususan, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining ayrim Nizom va yoʻriqnomasini tasdiqlash, Akademiyada tayyorlangan bosma va elektron oʻquv nashrlarni ekspertizadan oʻtkazish va Akademiya grifini berish tartibi toʻgʻrisida Nizom, akademik qarzdor talabalar uchun qayta oʻqish jarayonini tashkil etish boʻyicha yoʻriqnoma hamda Akademiyaning “Faxriy professor” va “Faxriy dotsent” unvonlarini berish tartibi toʻgʻrisida Nizomni tasdiqlash xususida ma’lumot berildi.
Majlisda Akademiya Kengashi kotibi Jaloliddin Boʻriyevning 2025/2026-oʻquv yili uchun eʼlon qilingan professor-oʻqituvchilar tanlovini oʻtkazish toʻgʻrisidagi hisoboti tinglandi.
Yig‘ilishda FL-9524115099-sonli “Oʻzbekistonda islom kapital bozorini shakllantirish metodologiyasini yaratish” fundamental loyihasining birinchi yili yakunlari boʻyicha oraliq hisobotini tasdiqlash toʻgʻrisida loyiha rahbari, akademik Nurislom Tuxliyevning axboroti eshitildi.
Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi akademik litseyi iqtidorli oʻquvchilarini “Rektor stipendiyasi”ga tavsiya etish toʻgʻrisida litsey direktori Firuz Rashidov axborot berdi.
Yigʻilishda Akademiyada maʼnaviy-axloqiy muhitni yanada kuchaytirish, yoshlarni vatanparvarlik, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, ularda yot gʻoya va mafkuralarga qarshi immunitetni mustahkamlashni yanada kuchaytirish kerakligi ta’kidlandi.
Kengashda sohadagi shu kabi yutuqlar e’tirof etilgan holda, diniy-ma’rifiy sohada bajarilishi zarur bo‘lgan galdagi vazifalar va mavjud muammolar ham tahlil qilindi.
Yig‘ilish yakunida muhim vazifalar belgilab olindi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
Matbuot xizmati
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish