1

Yoshlar – yurtimiz kelajagi, ertamiz umidi

Mamlakatimizda yoshlar ta’lim-tarbiyasi davlat siyosatining eng muhim yoʻnalishlaridan biri sanaladi. Yoshlarning barkamol inson boʻlib ulgʻayishi uchun maʼnaviy tarbiyaga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada qabul qilinayotgan turli qaror va farmonlar, amalga oshirilayotgan tadbirlar, amaliy ishlar natijasida farzandlarimiz barcha sohalarda muvaffaqiyatga erishishmoqda. 

Xabaringiz bor, joriy yilning 24-fevral kuni Ko‘ksaroy qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan yoshlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqot o‘tkazilgan edi. Mazkur muloqot yoshlar siyosatida yangi bosqichni boshlab berdi hamda haftaning har payshanba kuni “Yoshlar kuni deb e’lon qilindi.

Mazkur muloqotda yoshlarning ma’naviy tarbiyasi va mafkuraviy immunitetini kuchaytirish, ularni yot g‘oyalardan asrash har birimizning vazifamizga aylanishi shartligi yana bir bor ta’kidlandi.

Shu munosabat bilan bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti talabalari uchun “Rektor va yoshlar uchrashuvi” hamda “Akademik minbari” loyihasi o‘tkazildi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, psixologiya fanlari doktori, akademik G‘ayrat Shoumarov, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etishdi.

O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi hamkorligida “Akademik minbari” loyihasi doirasida o‘tkazilgan muloqotda akademik G‘ayrat Shoumarov “Axborot manipulyatsiyasi: ijtimoiy tarmoqlar va internet saytlaridan foydalanishda eʼtibor qaratish lozim boʻlgan jihatlar” mavzusida ma’ruza qildi.

Muloqotda so‘zga chiqqanlar tomonidan bugungi kunda yurtimiz davlati siyosatining eng asosiy omillaridan biri – yoshlar ekani, barcha sohalar qatori yoshlarga ham katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidlandi. Amalga oshirilayotgan barcha islohotlar zamirida yoshlar uchun yetarli imkoniyatlar yaratilishi turganini qayd etildi. 

Shuningdek, muloqot davomida jahonda ro‘y berayotgan voqea va hodisalar har bir insonni ogohlikka, befarq bo‘lmaslikka chorlayotgani, “jaholatga qarshi ma’rifat” bilan kurashish dolzarb masala ekani qayd etildi.

Bu borada axborot manipulyatsiyasi, ijtimoiy tarmoqlar va internet saytlaridan foydalanishda eʼtibor qaratish lozim boʻlgan jihatlar masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.

Ayni paytda dunyoviy va diniy bilimlarning sayozligi, sof diniy tushunchalarning asl mazmunini bilmaslik ham diniy ekstremistik gʻoyalarning tarqalishiga sabab boʻlayotgani qayd etildi. Bu borada yoshlarga to‘g‘ri tushuncha berish, targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish kerakligi ta’kidlandi.

Shu bilan birga, dual ta’lim shaklini yanada kuchaytirish, ta’lim sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratish lozimligi ta’kidlandi.

Muloqot davomida talabalar tomonidan o‘qitish tizimi, sport to‘garaklari tashkil etish kerakligi qayd etildi.

Tadbir davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollari, takliflari bilan murojaat qildi. Yakunda kelgusida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish