1

Prezident Murojaatnomasi – barqaror taraqqiyot sari ishonchli qadam

Xabaringiz bor, 2025-yilning 26-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasi yo‘llangan edi. 

Mazkur Murojaatnoma mazmun-mohiyati, qamrov doirasi va strategik ahamiyati bilan har qachongidan ham zalvorli boʻldi. Unda davlatimiz rahbari soʻnggi toʻqqiz yil davomida amalga oshirilgan islohotlarni izchil tahlil qilib, mamlakat taraqqiyotida erishilgan yutuqlarni aniq raqam va dalillar asosida koʻrsatib berdi. 

Jamiyat hayotining har bir jabhasini yanada rivojlantirish, xalqimiz farovonligini taʼminlashga doir muhim vazifalar, aniq rejalarni taqdim etadigan Murojaatnoma yil davomida dasturulamal boʻlishi shubhasiz.

Shu bois, joylarda Murojaatnomaning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan davra suhbatlari, o‘quv seminarlar tashkil etilmoqda. 

Jumladan, bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Milliy yuksalishning yangi O‘zbekiston modeli” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani o‘tkazildi.

Tadbirni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisining birinchi o‘rinbosari Homidjon Ishmatbekov kirish so‘zi bilan ochib berishdi.

Konferensiyada Respublika mahallalari uyushmasi huzuridagi Mahalla akademiyasi rahbari Xurshid Ochilov, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari Otabek Hasanov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Kasbiy ta’lim agentligi direktorining Davlat tili bo‘yicha maslahatchisi Ilhom Xolmuratov, O‘zbekiston Ekologik partiyasi Markaziy Kengashi Ijroiya qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Baxriddin Hofizov, O‘zbekiston Respublikasi Odil sudlov akademiyasi professori Xudoyqul Azizov, Akademiya professor-o‘qituvchilari, siyosatshunos olimlar hamda talabalar ishtirok etishdi.

Anjumanda soha mutaxassislari tomonidan “Mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash, ularga Yangi O‘zbekiston qiyofasini olib kirish”, “Iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish”, “Ichki bozorda talabni rag‘batlantirish”, “Kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish”, “Ekologik muvozanatni ta’minlash, “yashil” energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanish” hamda “Zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimi” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Tadbirda davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasi mazmun-mohiyati, asosiy yo‘nalishlari, unda ilgari surilgan fikrlar, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda amalga oshirilishi belgilangan asosiy vazifalar, ularni samarali tashkil etish yo‘llari xususida so‘z yuritildi. 

Ta’kidlanganidek, mazkur Murojaatnoma davlat va jamiyat hayotining turli jabhalarini yanada rivojlantirish, inson huquq va manfaatlarini ta’minlash, taraqqiyotimizning yangi bosqichi uchun dolzarb vazifalarni belgilab berdi. 

 

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish