Yangi Oʻzbekistonda taʼlim islohoti
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida 2026-yilda amalga oshiriladigan eng muhim 6 ta ustuvor yoʻnalish haqida fikr yuritildi va ularning toʻrtinchisi sifatida “Kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish” belgilandi.
Mamlakatimiz rahbari bunda oliygohlarga kirish istagida boʻlmagan yoshlarning texnikumlarga yuborilishligi va yaqinda texnikumlarga zamonaviy qiyofa va yangicha muhit olib kirish boʻyicha besh yillik dasturning tasdiqlanganligi toʻgʻrisida gapirdi.
Prezidentimiz bu haqida shunday dedi:
“Mening niyatim – yoshlarimiz talab yuqori boʻlgan kasblar boʻyicha dunyoda raqobatdosh boʻlsin, kerak boʻlsa, boshqalardan bir pogʻona ustun tursin. Ushbu maqsadga erishish yoʻlida kasbiy taʼlimning eng muhim boʻgʻini boʻlgan texnikumlarni yangi sifat bosqichiga olib chiqamiz”.
Eʼtibor berib qaralsa, bu oʻrinda gap professional taʼlimning isloh qilinishi zarurati haqida gap ketmoqda. Professional taʼlimning islohi deganda mehnat bozori talablariga mos, amaliy koʻnikmalarga ega mutaxassislar tayyorlashga qaratilgan oʻzgarishlar majmuasi nazarda tutiladi. Mazkur islohotni amalga oshirish uchun quyidagi maqsadlarni amalga oshirish zarur boʻladi: birinchidan yoshlarni kasb-hunarga tez va sifatli oʻrgatish; ikkinchidan bitiruvchilarning ish bilan taʼminlanishini amalga oshirish; uchinchidan taʼlimni iqtisodiyot ehtiyojlari bilan bogʻlash.
Bugungi kunda taʼlim muassasalari tuzilmasini yangilash jarayoni ketmoqda. Texnikumlar, kollejlar va kasb-hunar maktablari tarmogʻi qayta shakllanmoqda. Mamlakatda oʻrganilgan tizimlar asosida 600 ga yaqin texnik institutlar (texnikumlar tarmogʻi) tashkil etiladi. Bu institutlar kasbiy va ishlab chiqarish yoʻnalishlariga moslashtirilgan oʻquv dasturlari bilan faoliyat yuritadi. Qolgan kasb-hunar maktablari va kollejlar yangi tizimga integratsiyalanadi, bu esa taʼlim sifatini barqaror oshirish va ish beruvchilarning talablariga javob berish imkoniyatini beradi.
Texnikumlar va professional taʼlim islohoti quyidagi yoʻnalishlarda amalga oshirish rejalashtirilgan:
Modulli taʼlim tizimi, yaʼni oʻquv jarayonini mustaqil va mantiqiy tugallangan qismlar (modullar)ga boʻlib tashkil etishga asoslangan taʼlim usulini joriy etish. Boshqacha aytganda, har bir modul muayyan mavzu yoki kompetensiyaga bagʻishlanadi; modulda maqsad, oʻquv materiallari, amaliy topshiriqlar va nazorat (baholash) boʻladi; oʻquvchi modulni oʻzlashtirib boʻlgandan keyin keyingi modulga oʻtadi. Modul taʼlimi tizimi quyidagi tamoyillarning hayotga tatbiq etilishi imkonini beradi:
1. Mustaqillik (oʻquvchi materialni oʻz surʼatida oʻrganadi);
2. Tizimlilik (bilimlar izchil beriladi); 3. Amaliy yoʻnalganlik (nazariya amaliyot bilan bogʻlanadi);
3. Natijaga yoʻnalganlik (har bir modul aniq natijaga ega boʻladi). Natijada talabalar bilimlarni yaxshiroq oʻzlashtirishadi, har bir talabaga individual yondashuv imkoniyati paydo boʻladi va qayta oʻqish hamda olingan bilimlarni mustahkamlash oson kechadi.
Amaliyotga yoʻnaltirilgan oʻqitish, yaʼni dual taʼlim amalga oshiriladi. Dual taʼlim bu taʼlimning shunday shakliki, unda oʻquvchi nazariy bilimni taʼlim muassasasida, amaliy koʻnikmani esa ish joyida (korxonada) bir vaqtning oʻzida egallaydi. Boshqacha aytganda, taʼlim ikki joyda, yaʼni taʼlim muassasasida va korxonada olib boriladi; oʻquvchi oʻqish bilan birga ishlab, amaliy tajriba toʻplaydi; korxona mutaxassislari taʼlim jarayonida ishtirok etadi.
Bu holat nazariya va amaliyotning uygʻunligini, talabalarda mehnat bozori talabiga mos tayyorgarlikni va kasbiy koʻnikmalarni erta shakllantirish imkoniyatini beradi. Prezidentimiz bu haqda shunday deb yozadi: “Endi texnikum va ish beruvchilar oʻrtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqamiz. Xususan, “dual taʼlim” asosida oʻqitishni samarali tashkil qilgan korxonalarga 7 yil muddatga 5 milliard soʻmgacha imtiyozli kredit ajratiladi; tadbirkorlik reytingida qoʻshimcha 5 ball beriladi; korxonalar ishga olgan texnikum oʻquvchisi uchun 1 foizli ijtimoiy soliq imtiyozi yana uch yilga uzaytiriladi”.
Kasblar roʻyxatini yangilash, yaʼni mehnat bozoridagi oʻzgarishlar, yangi texnologiyalar va iqtisodiyot ehtiyojlarini hisobga olgan holda amaldagi kasblar roʻyxatini qayta koʻrib chiqish, toʻldirish yoki yangilarini kiritish. Buning mohiyati shundan iboratki, eskirgan va talabga javob bermaydigan kasblarni chiqarib tashlanadi; yangi, zamonaviy va raqobatbardosh kasblar qoʻshiladi; kasblarning mazmuni va malaka talablarini yangilanadi.
Roʻyxatni yangilashdan koʻzlangan asosiy maqsad taʼlimni mehnat bozori talabiga moslashtirish, kadrlar tayyorlash sifatini oshirish hamda yoshlarni ish bilan taʼminlash imkoniyatini kengaytirishdan iboratdir. Kasblar roʻyxatini yangilash natijasida taʼlim dasturlari zamonaviylashadi, ish beruvchilar ehtiyojiga mos mutaxassislar tayyorlanadi hamda iqtisodiyot tarmoqlari uchun malakali kadrlar shakllanadi.
Texnikumlar rolini kuchaytirish oʻrta maxsus kasbiy taʼlim muassasalarini mehnat bozori talabiga mos, raqobatbardosh va amaliy koʻnikmaga ega kadrlar tayyorlaydigan asosiy boʻgʻinga aylantirish deganidir. Buning mohiyati shundan iboratki, birinchidan texnikumlar zamonaviy kasblar boʻyicha taʼlim markaziga aylantiriladi, ikkinchidan taʼlim jarayonida amaliyot ulushi oshiriladi hamda uchinchidan ish beruvchilar bilan oʻzaro hamkorlik kuchaytiriladi. Texnikumlar rolini kuchaytirish quyidagi yoʻnalishlarda amalga oshiriladi:
1) dual taʼlim va modulli oʻqitishni joriy etish;
2) oʻquv dasturlarini mehnat bozoriga mos yangilash;
3) moddiy-texnik bazani mustahkamlash;
4) bitiruvchilarni ishga joylashtirishni taʼminlash. Natijada malakali oʻrta boʻgʻin mutaxassislar tayyorlanadi, ishsizlik kamayadi va iqtisodiyot tarmoqlari kadrlar bilan taʼminlanadi. Texnikumlar kollej va litseylar oʻrnida oʻrta boʻgʻin mutaxassislar tayyorlaydigan asosiy muassasaga aylanadi.
Milliy sertifikatlash va meʼyoriy bazani yangilash kadrlar tayyorlash, baholash va kasbiy malakani tan olish tizimini xalqaro talablar va mehnat bozori ehtiyojlariga moslashtirish hisoblanadi. Boshqacha aytganda, kasbiy bilim, koʻnikma va malaka milliy sertifikat orqali tasdiqlanadi; amaldagi qonunlar, standartlar va nizomlar qayta koʻrib chiqiladi hamda eskirgan meʼyorlarni yangilash va zamonaviy talablarni joriy etish amalga oshiriladi. Natijada malaka va kompetensiyalarni shaffof baholash; taʼlim sifati va ish beruvchi ishonchini oshirish hamda diplomdan tashqari malaka eʼtirofini taʼminlash imkoniyati paydo boʻladi.
Milliy sertifikatlash va meʼyoriy bazani yangilash natijasi oʻlaroq paydo boʻlgan yangi vakolatli organ – “Vocational Education Agency” tashkil etildi. Bu agentlik texnik kollejlar faoliyatini muvofiqlashtiradi, dasturlar mazmunini belgilaydi va bitiruvchilar uchun yagona milliy malaka standartini joriy etadi. 2027-yildan boshlab mehnat bozorida faoliyat yuritish uchun diplom/sertifikat “Milliy kvalifikatsiya tizimi (NQF)” ga muvofiq boʻlishi shart boʻladi.
Oʻzbekistonda texnikumlar xalqaro standartli taʼlim dasturlarini joriy etilmoqda. Kelajakda Germaniya, Shveysariya, Koreya, Xitoy va Buyuk Britaniyaning ilgʻor taʼlim modullari texnik kollejlarga kiritiladi. Masalan, Buyuk Britaniyaning BTEC dasturi 14 ta texnikumda yoʻlga qoʻyilgan. Bu dasturlar bitiruvchilarga xalqaro sertifikat olish imkoniyatini beradi.
Oʻqituvchilar salohiyatini oshirish pedagoglarning kasbiy bilimlari, amaliy koʻnikmalari, pedagogik mahorat va zamonaviy texnologiyalardan foydalanish qobiliyatini rivojlantirishga qaratilgan tizimli jarayondir. Boshqacha aytganda, gap oʻqituvchilarning kasbiy bilim va kompetensiyalarini yangilash; zamonaviy taʼlim metodlari va raqamli texnologiyalarni oʻzlashtirish; amaliyot va ishlab chiqarish bilan bogʻliq tajribani oshirish haqida ketyapti. Malaka oshirish va qayta tayyorlash ishlari malaka oshirish va qayta tayyorlash kurslarini tashkil etish; seminar, trening va master-klasslar oʻtkazish; ishlab chiqarishda stajirovka oʻtash; ilgʻor tajribalarni joriy etish yoʻnalishlarida olib boriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga Murojaatnomasida 2026-yilda amalga oshiriladigan eng muhim 6 ta ustuvor yoʻnalishning toʻrtinchisi “Kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratish” deb nomlanib, uning hayotga tatbiq etilishi mamlakatimizdagi taʼlim tizimining rivojlanishiga olib keladi.
Xoʻjageldi Alimov,
“Din psixologiyasi va pedagogika” kafedrasi professori v.b.
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish