1

Ulug‘ mutafakkir ijodida tabiat madhi

Ulug‘ mutafakkir Alisher Navoiy ijodiyoti nihoyatda rang-barang va sermazmundir. Bularning orasida shoirning tabiat va unda qo‘llagan she’riy san’atlari ham alohida diqqatga sazovordir. Tabiat olami uning go‘zal manzaralari, fayz-u saxovatlari Navoiy she’riyatini mavzu jihatdan boyitganidek, g‘oyaviy-badiiy jihatdan ham takomillashtiradi. 

Binobarin, Navoiy sevimli qahramonlarining tashqi qiyofasi va ma’naviy olamini, shaxsiy xususiyatlari va umumbashariy fazilatlarini, ona-yurt tabiati va unga bo‘lgan cheksiz muhabbatini, tabiat ehsonlaridan fayz-iqbol topishi va davr ahlidan ko‘rgan jabr-u sitamlarini aks ettirar ekan, peyzaj va poetikaga qayta-qayta murojaat qiladi. 

Navoiy turmush va turmush ziddiyatlarini, bir-biriga qarama-qarshi bo‘lgan manzara va ko‘rinishlarni, tasvir va obrazlarni, his va tuyg‘ularni kengroq aks ettirish uchun tabiat tasviridan va mumtoz adabiyotning tazod, tadrij, talmeh, tashbeh, mubolag‘a, ruju’ kabi ko‘plab badiiy san’atlaridan ijodiy foydalanadi. Bu hol muallif maqsad-muddaosining, tasvir obyektining yanada to‘laroq va yorqinroq namoyon bo‘lishiga xizmat etadi. Buni alloma shoirning nazmiy merosidan olingan quyida tabiat lavhalari va ularda qo‘llanilgan badiiy san’atlar misolida yaqqol ko‘rish mumkin. Misol uchun peyzaj va ruju’ san’atini olaylik.

Alisher Navoiy qahramonlarini sevadi, ardoqlaydi. Uning fikricha xotin-qizlar yanada ko‘proq e’zozga, muhabbatga loyiq. Zotan mutafakkir shoir xotin-qizlar vasfida, ularning husn-tarovati, aql-zakovati va fazilatlari haqida ehtiros bilan so‘zlaydi:

Daryoyi malohat ichra gavhar,

Gavhar neki, aksi mehri xovar.

Gap Laylining go‘zalligi haqida ketyapti. Ma’shuqaning husni dastlab malohat darysining gavhariga o‘xshatilyapti. Biroq bundan qanoatlanmagan muallif, keyingi misrada uni porloq Sharq quyoshi deb ta’riflaydi, tasvirda ruju’ san’atini qo‘llagan.

Shuningdek, satrlardagi “gavhar” so‘zi tasbe san’atini vujudga keltirgan bo‘lsa, bir xil ma’nodagi ikki xil so‘zning (“mehr” – “xovar” – quyosh) takrori mukarrarni; ma’shuqa chiroyining gavharga nisbati tashbehni; uning ikkinchi bor quyoshga monand qilib berilishi tashbehi musalsalni; daryo bilan gavhar orasidagi bog‘liqlik talmehni; nihoyat daryo va gavhar modda va jism orasidagi tafovut tazod kabi qator san’atlarni vujudga keltirgan. Xullas, bir bayt she’rda qator lafziy va ma’naviy san’atlarning be’nuqson qo‘llanishi shoirning yuksak salohiyatidan dalolat beradi.

Dostonda Layli obraziga katta e’tibor berilgan. Uning tengsiz go‘zalligi tasvirlangan. Laylining sifat va fazilatlari haqida zavq bilan so‘zlagan shoir, tasvirda yangi-yangi bo‘yoqlar keltiradi, badiiy til vositalari va usullarini qo‘llaydi:

Bir sham’ ila hujrasi muzayyan,

Kim charx uyi andin erdi ravshan.

Sham’iyu ne sham’, chashmai nur,

Nuriki yomon ko‘z olidin dur.

Baytda Laylining jamoli shamga o‘xshatilgan. Sham – yorug‘lik. U o‘z nuri bilan uylarga yorug‘lik baxsh etadi. Lekin shomr tilga olayotgan sham yanada porloq. Uning ziyosidan nafaqat uy, balki “charx uyi” – osmoni falak ham “yorishmoqda”. Navoiyning fikricha haqiqiy sham Layli go‘zalligini ifodalashga “ojiz”. Ushbu mubolag‘ali tashbehidan qanoatlanmagan muallif, endi mahbubaga xos xususiyatlar nisbatini tabiatdan, koinotdan, butun borliqdan qidiradi, va nihoyat, yer yuzining munavvarligini nur bulog‘iga qiyoslaydi.

Hazrat Navoiy personajlar ruhiy dunyosini yoritishda, ular qalbining sevgi iztiroblaridan zirqirashi va hijron azoblaridan o‘rtanishini chuqurroq ochishda tabiat hodisalari va tazod san’atidan mohirona foydalanadi:

Ishq ichraki jismi to‘lg‘onur bil,

Ul na’vdururki o‘t uza qil.

Tong yo‘q bu o‘t etsa ashk aro g‘arq,

Yomg‘ur yog‘ar andakim tushar barq.

Baytlarda tazod san’atini “o‘t” va “ashk”, “yomg‘ir” va “barq” hamda “barq” – chaqmoq majoziy olov va “yomg‘ir” ko‘chma sovuq so‘zlar orasida kuzatish lozim. Endi bu parchadagi ruhiy holat tasviriga e’tibor beraylik. Ishq Majnunni o‘zligini barbod etgan. Biroq, hijronning cheki yo‘q, Layli vasliga yetishishning chorasi yo‘q. Sabr-bardoshi tugagan oshiq qattiq o‘rtanmoqda. Agar shu holat davom etaversa, oshiqning kuyib kul bo‘lishi aniq. Ikkinchi tomondan shoirning ko‘z yoshlari shashqator. Oqibat g‘arq bo‘lishga olib kelishi mumkin. Xullas, ikkisi ham imkonsiz. Lekin Majnun hayot. Chunki uning vujudidagi ikki holat o‘zaro kurashda, ular ma’lum darajada biri ikkinchisiga “kushanda”...

Alisher Navoiy dostonda sevishganlarning qora qismati haqida so‘zlar ekan, fikriy ifodani kuchaytirish, psixologik tasvirni yanada chuqurroq ochish maqsadida tun tasviri va badiiy san’tlardan hojibga yanada katta vazifalar yuklanganini ko‘ramiz:

Davron o‘za abri qir monand,

Tun qiri yuziga qir payvand .

Shoir kechaning nihoyat darajada qorong‘i ekanligini ta’kidlash maqsadida “abr”, “qir”, “tun” so‘zlaridan, ularning ekvivalentlaridan, shuningdek, she’riy san’atlardan hojib va uning imkoniyatlaridan mohirona foydalanadi. Birinchi misrada “abr” – bulut, ma’no bo‘yog‘iga ko‘ra qora. Ikkinchi misradagi “tun” – kecha, mohiyati jihatidan qorong‘ulik olami. “Tun qiri” – zimiston oqshom, biror ziyodan nomu nishona bo‘lmagan tun, va yana “qir” qora mum. Shundan ko‘rishimiz mumkinki, tunning mahobati tasodifiy tarzda emas, balki tadrijiy ravishda ortib boradi.

Xullas, oshiqlar qalbidagi eng nozik tuyg‘ulargacha buyuk mutafakkir, hassos bir rassom kabi yorqin bo‘yoqlarda tasvir etgan san’atkor shoir, ularning ayni paytdagt holatini – chuqur ruhiy kechinmalarini mohirona ochib beradi. Bunda shoirning badiiy mahorati, hayot haqiqati va tabiat qonunlari zaro uyg‘unlashib asosiy maqsad uchun, tasvir ob’yektining yanada mukammalroq, yorqinroq bo‘lishi uchun xizmat qiladi. Bu kitobxon qalbiga, uning estetik tuyg‘ulari olamiga kuchli ta’sir ko‘rsatadi. 

Shu ta’sir natijasida kitobxon “hush xirmanlari yonib kul bo‘lgach, behush yiqilgan” Majnun bilan Laylining ayanchli ahvolini ko‘rib behad qayg‘uradi, qattiq azob chekadi. Insonni uning haq-huquqlarini poymol etgan, samimiy sevgini fojiaga aylantirgan  muhitning zolim va zo‘ravon “ustun”lariga nisbatan nafrat hislari tug‘yon uradi. Zotan, Navoiy asarlarining o‘quvchilarga estetik zavq, lirik sarchashmaning bag‘oyat mamnunlik bag‘ishlashi boisi ham mana shundadir.

Feruza Nizamova,

“O‘zbek va xorijiy tillar” kafedrasi dotsenti

Izoh qoldirish