1

Prezident Murojaatnomasi – barqaror taraqqiyot sari ishonchli qadam

Xabaringiz bor, 2025-yilning 26-dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasi yo‘llandi. 

Mazkur Murojaatnoma mazmun-mohiyati, qamrov doirasi va strategik ahamiyati bilan har qachongidan ham zalvorli boʻldi. Unda davlatimiz rahbari soʻnggi toʻqqiz yil davomida amalga oshirilgan islohotlarni izchil tahlil qilib, mamlakat taraqqiyotida erishilgan yutuqlarni aniq raqam va dalillar asosida koʻrsatib berdi. 

Jamiyat hayotining har bir jabhasini yanada rivojlantirish, xalqimiz farovonligini taʼminlashga doir muhim vazifalar, aniq rejalarni taqdim etadigan Murojaatnoma yil davomida dasturulamal boʻlishi shubhasiz.

Shu bois, joylarda Murojaatnomaning mazmon-mohiyatiga bag‘ishlangan davra suhbatlari, o‘quv seminarlar tashkil etilmoqda. 

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Milliy yuksalishning yangi O‘zbekiston modeli” nomli maxsus kurs o‘quv mashg‘ulotlari o‘tkazilmoqda.

Bugungi ma’ruzalar Akademiya professor-o‘qituvchilari – Ravshan Abdullayev hamda G‘olib Mustafoyev tomonidan olib borildi. 

Mashg‘ulotlarda “Iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish” hamda “Ichki bozorda talabni rag‘batlantirish” mavzusida ma’ruza darslari tashkil etildi.

Darslarda davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va xalqimizga Murojaatnomasi mazmun-mohiyati, asosiy yo‘nalishlari, unda ilgari surilgan fikrlar, iqtisodiy va ijtimoiy sohalarda amalga oshirilishi belgilangan asosiy vazifalar, ularni samarali tashkil etish yo‘llari xususida so‘z yuritildi. 

Ta’kidlanganidek, mazkur Murojaatnoma davlat va jamiyat hayotining turli jabhalarini yanada rivojlantirish, inson huquq va manfaatlarini ta’minlash, taraqqiyotimizning yangi bosqichi uchun dolzarb vazifalarni belgilab berdi. 

Mashg‘ulotlar doirasida Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasi bo‘yicha tayyorlangan videorolik namoyish etildi. Muloqot tarzida o‘tgan tadbirda ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob oldilar.

Izoh qoldirish