“Anhor Evolution” masʼuliyati cheklangan jamiyati bilan memorandum imzolandi
Bugun Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi hamda “Anhor Evolution” masʼuliyati cheklangan jamiyati oʻrtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzolash marosimi o‘tkazildi.
Mazkur tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, Akademiya prorektorlari – Habibullo Sadibaqosev, Olim Astanakulov, Zokirjon Ro‘ziyev hamda “Anhor Evolution” MChJ bosh direktori Azamat Raupov hamda “Anhor sayli” MChJ direktori Eldor Ubaydullayev ishtirok etishdi.
Samimiy muloqot davomida ikki tomonlama hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Ma’lumki, “Anhor Evolution” masʼuliyati cheklangan jamiyati poytaxtimizning Abdulla Qodiriy ko‘chasida joylashgan “Navro‘z” bog‘i hududida faoliyatini amalga oshiradi. Mazkur bog‘ shahrimizning eng go‘zal, milliylik va zamonaviylik uyg‘unlashgan, ko‘ngilochar va yashil maskanlariga ega manzil hisoblanadi.
O‘tgan yili bog‘ bilan hamkorlikda “Ekofaollar” aksiyasi o‘tkazilib, mazkur aksiya jamoatchilik uchun yaxshi namunaviy loyiha bo‘lgan edi.
Tomonlar bu kabi tadbirlarni davomiy o‘tkazish nafaqat ekologiya, balki yoshlarning tabiatga bo‘lgan mehri, ijtimoiy tashabbusi, daxldorlik tuyg‘usining ortishiga xizmat qilishini ta’kidlashdi.
Shu maqsadda bugun imzolanayotgan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi memorandum bu kabi tadbirlar uchun dasturulamal bo‘lishini e’tirof etishdi.
Mazkur hamkorlik doirasida tomonlar ekologik madaniyatni oshirish, yashil hududlarni rivojlantirish, suv va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, chiqindilarni kamaytirish va qayta ishlashni targʻib etishga qaratilgan qoʻshma ekologik loyihalarni amalga oshiradilar. Akademiya ilmiy-uslubiy taʼminotni amalga oshirsa, jamiyat esa amaliy infratuzilma va tashkiliy imkoniyatlarni taqdim etadi.
“Anhor Evolution” masʼuliyati cheklangan jamiyati bilan hamkorlikda yoshlar o‘rtasida sport va sogʻlom turmush tarzini targʻib etish, talaba-yoshlar va keng jamoatchilik orasida sport musobaqalari, ommaviy yugurishlar, velomarafonlar, fitness va sogʻlomlashtirish aksiyalari oʻtkaziladi.
Shuningdek, maʼnaviy-maʼrifiy va ijtimoiy targʻibot tadbirlari, milliy va umuminsoniy qadriyatlar, bagʻrikenglik, maʼrifiy tafakkur, vatanparvarlik, ijtimoiy masʼuliyat va fuqarolik faolligini targʻib etishga qaratilgan davra suhbatlari, ochiq muloqotlar, seminar va treninglar oʻtkazilishi belgilandi.
Samimiy muloqot davomida kelishuvga muvofiq, madaniy va ko‘ngilochar tadbirlar, bayramlar, talabalar festivallari, ijodiy kechalar, ko‘rgazmalar, ochiq sahna tadbirlari va oilaviy dam olishga qaratilgan madaniy dasturlarni birgalikda tashkil etishga kelishib olindi.
Bundan tashqari, Akademiya professor-o‘qituvchilari tomonidan bog‘ ma’muriyati xodimlariga ekologiya, sport, maʼnaviyat va taʼlim yoʻnalishlarida maʼruzalar, seminarlar, treninglar va ochiq mashgʻulotlar tashkil etish borasida so‘z yuritildi.
Yakunda Memorandum imzolanib, hamkorlik aloqalari uchun minnatdorlik bildirildi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
Matbuot xizmati
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish