Raqamli avlod tarbiyasida ma’naviy immunitetni shakllantirish masalasi
Hozirgi shiddatli texnologiyalar asrida mamlakatning raqamli salohiyatini oshirish eng muhim vazifadir. Xususan, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida respublikani mintaqaviy “IT-HUB”ga aylantirish va hududlarni uzluksiz internet bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Shu bilan birga, raqamli makon nafaqat imkoniyatlar, balki yoshlar ma’naviy-axloqiy qiyofasiga salbiy ta’sir etuvchi xatarlar manbai hamdir. Bu esa raqamli avlod vakillarida axborot xurujlariga qarshi ma’naviy immunitetni qaror toptirish zaruratini yuzaga chiqarmoqda.
Raqamli avlod deganda tug‘ilganidan boshlab gadjetlar va global tarmoq qurshovidagi axborot texnologiyalari bilan hamnafas voyaga yetayotgan avloddir. Ular uchun ma’lumot olish chegara bilmaydi, biroq bu borada virtual olamdagi har qanday axborot ham foydali emasligini unutmaslik lozim. Bugungi axborot xurujlari davrida yoshlarni noto‘g‘ri g‘oyalardan himoya qilishda aynan ma’naviy immunitet asosiy qalqon vazifasini o‘taydi.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasining bosh g‘oyasi bo‘lgan inson salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun, birinchi navbatda, yosh avlodning ichki olami barkamol bo‘lishi shart. Yuksak texnologiyalar va globallashuv shiddat olgan asrda faqat ma’naviy jihatdan bardoshli, o‘zligini anglagan va milliy qadriyatlariga sodiq avlodgina mamlakatning strategik maqsadlarini amalga oshirishga qodir bo‘ladi.
Mazkur sharoitda milliy qadriyatlar va vatanparvarlik tuyg‘usi shunchaki tushuncha emas, balki yoshlarni yot g‘oyalar va axborot xurujlaridan himoya qiluvchi asosiy ma’naviy qalqon vazifasini o‘taydi. Zero, milliy o‘zlikni anglash bu kelajakdagi har qanday global o‘zgarishlar ichida o‘z yo‘lini yo‘qotmaslikning yagona kafolatidir.
Ma’naviy immunitetni shakllantirish bu yosh avlodni axborotdan uzib qo‘yish emas, balki ularga raqamli olamda to‘g‘ri yo‘nalish berish jarayonidir. Bu borada quyidagi tizimli usullar strategik ahamiyatga ega:
Birinchidan, yoshlarda axborotni saralash ko‘nikmasini tarbiyalash lozim. Zero, global tarmoqdagi cheksiz ma’lumotlar oqimining foydali va zararli jihatlarini tahlil qila olish va ularni bir-biridan farqlash – ma’naviy immunitetning birinchi va eng muhim bosqichi hisoblanadi.
Ikkinchidan, oilada va ta’lim muassasalarida milliy urf-odatlarni zamonaviy hayot tarzi bilan oqilona uyg‘unlashtirish zarur. Bunda milliy qadriyatlarni yoshlar ongiga “eskilik sarqiti” emas, balki raqamli asrda inson ma’naviy qiyofasini belgilovchi mustahkam poydevor sifatida singdirish maqsadga muvofiqdir. Bunday yondashuv yosh avlodning ham texnologik jihatdan ilg‘or, ham ma’naviy jihatdan barkamol bo‘lib voyaga yetishini ta’minlaydi.
Uchinchidan, yoshlarni jamiyat hayotidagi islohotlarga keng jalb etish orqali ularda daxldorlik hissini uyg‘otish lozim. Zero, mamlakatda amalga oshirilayotgan o‘zgarishlarga o‘zini daxldor deb bilgan va shaxsiy mas’uliyatni his qilgan yoshlarda turli buzg‘unchi g‘oyalarga nisbatan tabiiy to‘siq, ya’ni mustahkam ma’naviy immunitet hosil bo‘ladi.
To‘rtinchidan, internetdan foydalanishda nafaqat texnik ko‘nikmalarni, balki odob-axloq me’yorlarini ham yoshlar ongiga singdirish davr talabidir. Virtual olamda ham milliy qiyofani saqlab qolish va raqamli madaniyatga rioya qilish bugungi avlodning asosiy fazilatiga aylanishi lozim. Bunday yondashuv yoshlarning nafaqat axborot xurujlaridan himoyalanishiga, balki jamiyatning faol va mas’uliyatli a’zosi sifatida namoyon bo‘lishiga xizmat qiladi.
Xulosa qilib aytganda, ma’naviy immuniteti kuchli yosh avlod “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi doirasida qurilayotgan Yangi O‘zbekistonning eng katta boyligi va yengilmas kuchidir. To‘g‘ri yo‘naltirilgan bilim va yuksak ma’naviyatgina yoshlarni yuksak marralar sari yetaklaydi.
Dilfuza Sagdullayeva,
“Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasi dotsenti
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish