1

Ilmga bag‘ishlangan hayot: jadidlar sabog‘i

Jadidchilik XIX asr oxiri XX asrning birinchi choragida Markaziy Osiyo, Qrim, Kavkaz, Volgabo‘yi hududlarida shakllangan, yangi zamonaviy maktab, matbaa va taraqqiyotning ilg‘or usul va yo‘llarini yoqlab chiqqan ijtimoiy-ma’rifiy harakat hisoblanadi.

Mushtarak tariximizning yorqin sahifalarini tashkil etadigan ma’rifatparvar ajdodlarimizning ibratli faoliyatini, ularning o‘z qimmati va ahamiyatini hamon yo‘qotmasdan kelayotgan boy merosini yoshlar bilan birgalikda teran tadqiq va targ‘ib etish esa ustuvor vazifa sanaladi.

Shu maqsadda bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida jadid mutafakkirlar xotirasiga bag‘ishlab “Ilmga bag‘ishlangan hayot: jadidlar sabog‘i” nomli davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Mazkur tadbir “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi, Iqtidorli talabalar ilmiy-tadqiqot faoliyatini tashkil etish bo‘limi hamda Axborot-resurs markazi hamkorligida tashkil etildi. 

Davra suhbatida Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektor Irgash Daminov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Tarix instituti direktorining ilmiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari, tarix fanlari doktori Dilnoza Jamolova, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi direktorining o‘rinbosari Murod Zikrullayev, “Islom tarixi va manbashunosligi IRCICA” kafedrasi mudiri G‘ayrat Rasulov, “Mahmudxo‘ja Behbudiy” nomli maxsus stipendiya sohiblari, Akademiya talabalari hamda professor-o‘qituvchilar ishtirok etishdi.

Davra suhbatini Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Irgash Daminov kirish so‘zi bilan ochib berarkan, taraqqiyparvar ajdodlarimizning ilg‘or g‘oya va qarashlarini tadqiq etish va tizimlashtirish, Turkiston jadidlarining milliy davlatchilik rivojidagi o‘rni va ta’sirini o‘rganish, Yangi O‘zbekiston va Uchinchi Renessansni bunyod etishda ushbu merosning mustahkam poydevor bo‘lib xizmat qilishi bilan bog‘liq masalalar bugungi tadbirning asosiy muhokama mavzulari etib belgilanganini alohida ta’kidladi.

So‘zga chiqqan ma’ruzachilar tomonidan jadidchilik harakatining rivoji, g‘oya va maqsadlari haqida so‘z yuritishdi.

Xususan, Turkiston jadidlik harakatining asoschisi Mahmudxo‘ja Behbudiyning mashaqqatli va sermahsul faoliyatiga to‘xtalib o‘tishdi.

Keyingi yillarda Mahmudxo‘ja Behbudiy xotirasini abadiylashtirish, hayoti va faoliyatini chuqur tadqiq qilish, ilmiy va badiiy asarlarini keng ommalashtirishga alohida e’tibor qaratilayotgani qayd etildi.

Taniqli olimlar hamda “Mahmudxo‘ja Behbudiy” nomli maxsus stipendiya sohiblari bo‘lgan Akademiya talabalari tomonidan Mahmudxo‘ja Behbudiyning asarlari yoshlarning intellektual va ma’naviy salohiyatini oshirishga, shu asosda ularni yangi O‘zbekiston bunyodkorlari, chinakam vatanparvar insonlar etib tarbiyalashga xizmat qilishi, buning uchun esa allomaning bebaho merosini yanada kengroq o‘rganish va targ‘ib etish kerakligi alohida ta’kidlandi.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish