Avlodlar saodatining yoʻl xaritasi
Mashoyixlar inson dunyoga baxtli boʻlish uchun kelgan deydilar. Saodat izlab sargardon boʻlganlar qancha. Baxt uchun jonini qurbon qilganlar qancha. Alloh insonni baxt uchun yaratgan boʻlsa, uning yoʻli shunchalar uzoqmi? Yoxud qoʻl yetmas osmondami? Yoki tubsiz ummondami?
Bu savollarga ham ulamo va fuzalolar javob berishgan: saodat insonning yonginasidan joy oladi, omad va muvaffaqiyat atrofimizda kezib yuradi. Uni koʻrmoq uchun oddiy koʻz emas, tafakkur nazari kerak, qalb koʻzi bilan topiladi baxt manzillari. Hakimlardan biri “Oʻzgalar baxtini izlash bilan biz oʻz baxtimizni topamiz” deganda qanchalar haq edi.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 26-dekabrda Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga murojaatnomasini diqqat bilan oʻrgangan inson qalbidan yuqoridagi fikrlar oʻtishi tabiiy. Sababi, Murojaatnomaning pirovard maqsadlarini bayon qilar ekan, Prezidentimiz quyidagi fikrlarni ilgari surdi:
“Hammamizga ayonki, Mirzo Ulugʻbek bobomiz bundan olti asr muqaddam insoniyat uchun yulduzlar xaritasini yaratgan edi. Bugun esa biz hozirgi va kelajak avlodlarimiz uchun baxtli hayotga olib boradigan yoʻl xaritasini yaratishimiz lozim”.
Shubhasiz, Yangi Oʻzbekiston uchun baxt yoʻli xaritasi – Prezidentning Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga murojaatnomasi. Shu o‘rinda raqamlarga eʼtibor qaratsak:
– bir vaqtlar 100 milliard dollarlik marra orzu boʻlganida bugun yalpi ichki mahsulotimiz 145 milliardlik marradan oʻtdi;
– oltin-valyuta zaxiralarimiz 60 milliard dollarga yetdi;
– davlatlarning texnologik yetuklik indeksida Oʻzbekiston 71 pogʻona yuqori koʻtarilib, dunyoning TOP-10 ta mamlakati qatoridan joy oldi;
– elektr ishlab chiqarish 2017-yildan beri qariyb 1,5 barobarga oshib 85 milliard kilovatt-soatga yetkazildi;
– 8 million 100 ming kvadrat metrli, 135 ming xonadondan iborat koʻp qavatli uylar topshirildi;
– 2025-yilda 5 million aholimiz daromadli boʻlib, ishsizlik darajasi 5,5 foizdan 4,9 foizga tushdi;
– qariyb 1,5 million ehtiyojmand aholi kambagʻallikdan chiqdi;
– ilk bor 1 ming 435 ta mahalla “kambagʻallikdan xoli” hududga aylandi, kambagʻallik darajasi yil boshidagi 8,9 foizdan 5,8 foizga tushdi;
– milliy terma jamoamiz ilk bor Jahon chempionatiga yoʻllanmani qoʻlga kiritdi;
– mohir shaxmatchilarimiz Jahon kubogi musobaqalarida munosib ishtirok etib, navqiron grossmeysterimiz Javohir Sindorov eng yosh jahon kubogi sohibi boʻldi.
Bularning barchasi Prezidentning oʻtgan yillarda Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga yoʻllagan murojaatnomasining amaliy natijasi ekani barchaga ayon haqiqat.
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 26-dekabrda Oliy Majlis va Oʻzbekiston xalqiga murojaatnomasida bugungi kunda mamlakat hayoti uchun dolzarb boʻlgan olti yoʻnalishdagi aniq maqsadlar bayon qilindi. Bu maqsadlarga erishish yoʻllari ham barchaga tushunarli tarzda mohirona ayon qilindi.
Prezident Murojaatnomasidagi birinchi ustuvor yoʻnalish sifatida mahalla infratuzilmasini yanada yaxshilash, ularga Yangi Oʻzbekiston qiyofasini olib kirish belgilandi. Davlatimiz rahbari yurt obodligi mahalladan boshlanishini taʼkidlab, 2026-yilni mamlakatimizda “Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb nomlashni taklif qildi va bu taklif Oliy Majlis va Senat aʼzolari tomonidan qoʻllab-quvvatlandi.
Murojaatnomada ikkinchi ustuvor yoʻnalish sifatida – iqtisodiyotni texnologik va innovatsion oʻsish modeliga oʻtkazish belgilandi. “Oʻzbekiston – 2030” strategiyasida milliy yalpi ichki mahsulot hajmini 2030-yilgacha 160 milliard dollarga yetkazish belgilangan edi. Bu marra 2026-yildayoq zabt etilishi imkoniyati yuqori ekani maʼlum boʻldi. Prezident bu natijani yanada yuksaltirish maqsadida 2030-yilga qadar yalpi ichki mahsulot hajmini 240 milliard dollardan oshirishni taklif qildi. Bu yoʻnalishdagi eng toʻgʻri yoʻl – barcha sohalarni texnologik va innovatsion oʻsish modeliga oʻtkazish ekanini taʼkidladi. Texnologik va innovatsion oʻsishga Oʻzbekiston iqtisodiyotining strategiyasi ekan, har bir ziyoli, fan va taʼlim vakili oʻz faoliyatini aynan maqsad nuqtayi nazaridan tahlil qilishi va belgilangan vazifalar ijrosi yoʻlida muntazam mehnat qilishi zarur.
Oʻzbekiston taraqqiyotining uchinchi ustuvor yoʻnalish sifatida davlatimiz rahbari ichki bozorda talabni ragʻbatlantirishni belgilab berdi. Fuqarolarimizning xarid qilish qobiliyati oʻsgani nafaqat milliy, balki xorijlik ekspertlar tomonidan ham eʼtirof etilmoqda. Turmush sifatining yaxshilanayotganini koʻrsatadigan eng asosiy omil sifatida bozorlardagi toʻkinlik, narx-navo barqarorligi, aholining isteʼmol talabi ortib borayotganini Prezident tomonidan alohida taʼkidlandi. 2020-yilda aholi tomonidan yiliga 210 mingta xonadon, 600 mingta avtomobil xarid qilingan boʻlsa, 2025-yil 270 mingta uy, 1 millionta mashina sotib olinganining yuqoridagi soʻzlarga ochiq va oydin misol boʻladi.
Murojaatnomada toʻrtinchi ustuvor yoʻnalish sifatida kasblarni rivojlantirish va yangi mehnat bozori arxitekturasini yaratishni belgilandi. Davlatimiz rahbari kasb, malaka, taʼlim va texnologiya yagona mexanizmga aylanishi zarurligini taʼkidladi. Sababi, yaqin besh yilda mavjud kasblarning 30 foizi toʻliq avtomatlashtirilishi, 50 foizi boʻyicha esa yangi malakalar talab qilinishi kutilmoqda. Shuning uchun mehnat bozorining mutlaqo yangi arxitekturasini shakllantirish sohaga mutasaddi boʻlgan barchaning, xususan, oliy va oʻrta maxsus taʼlim sohasi vakillarining strategik maqsadiga aylanishi muhimligi aniq raqamlar asosida taʼkidlandi.
2026-yilda mamlakat taraqqiyot strategiyasining beshinchi ustuvor yoʻnalishi sifatida ekologik muvozanatni taʼminlash, “yashil” energetika va suv resurslaridan oqilona foydalanish davlatimiz rahbari tomonidan belgilanib, bu borada amalga oshiriladigan aniq vazifalar bayon qilindi. Yirik korxonalarga filtr, tozalash inshooti va havoga chiqariladigan zararli moddalarni monitoring qilish stansiyasini oʻrnatish uchun birinchi bosqichda 100 million dollarlik kredit liniyasi ochilishi, 2026-yilda Samarqandda Global ekologik jamgʻarmaning navbatdagi assambleyasi va Markaziy Osiyo xalqaro ekokoʻrgazmasi oʻtkazilishi, mazkur tadbirlar tarmoqlar, hududlar va biznes uchun hamkorlar topish, yangi ekoloyihalarni birgalikda boshlashga katta imkoniyat yaratishi davlatimiz rahbari tomonidan alohida taʼkidlandi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston taraqqiyoti strategiyasining oltinchi ustuvor yoʻnalish sifatida zamonaviy davlat boshqaruvi va adolatli sud-huquq tizimi borasidagi islohotlarni davom ettirish yoʻnalishini koʻrsatib berdi. Bunda 2026-yildan boshlab Elektron hukumat platformasi tubdan yangilanishi, davlat idoralarining 1 mingdan ziyod davlat xizmatlari; 5 mingdan ortiq funksiya va vazifalari; 200 ta maʼlumot bazasi va axborot tizimi; 100 mingdan ziyod davlat xizmatchisining mahalla, tuman, viloyat, respublika darajasidagi vakolatlari Yagona raqamli platformaga integratsiya qilinishi alohida taʼkidlandi. Mazkur platformaga kelib tushgan murojaatlar, ularni ijrochilarga taqsimlash va koʻrib chiqish muddatini nazorat qilish sunʼiy intellekt orqali amalga oshirilishi, mahalladan tortib, respublika darajasida hal boʻladigan har bir masalaning ijrochisi, muddati, resursi bir joyda koʻrinib turishi taʼkidlandi. Prezident davlat xizmatlarini koʻrsatishda inson omilisiz, korrupsiya va ortiqcha byurokratiyadan xoli ekotizim yaratilishini murojaatnomada alohida qayd etib oʻtdi.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oʻzbekiston xalqi va Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnoma 2026-yil Oʻzbekistonda davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimi, iqtisodiyot tarmoqlari, taʼlim, ilm-fan, tibbiyot, madaniyat, sport, ekologiya tizimini – barcha-barcha sohalarni rivojlantirishda tub burilish yili boʻlishi zarurligini taʼkidlab, bu maqsadlarni amalga oshirish yoʻlida katta hayotiy tajribaga ega mahalla raislari va faollari, nuroniylar, opa-singillarimiz, sergʻayrat yoshlarimiz, ziyolilarimiz, ishbilarmon tadbirkorlarimiz, Vatan posbonlari, bir soʻz bilan aytganda, butun xalqimiz bilan birlashishi zarurligiga alohida eʼtibor qaratdi.
Saodat manzili uzoqda emas. Vatan ravnaqi, yurt taraqqiyoti, xalq farovonligi yoʻlida xizmat qilayotgan har bir inson baxtlidir. Murojaatnomada belgilangan yoʻnalishlar, maqsadlar va vazifalar bugungi va kelajak avlodlar uchun saodat yoʻli xaritasidir. Ularning mukammal ijrosi yoʻlida harakat qilish taʼlim sohasining har bir vakili uchun ham masʼuliyat, ham sharafdir.
Saidafzal Saidjalolov,
Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi dotsenti
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish