Ilm-ma’rifatli, intellektual salohiyatli yoshlar – jamiyat ravnaqi asosi
O‘zbekiston – yoshlar mamlakati. Shu bois, yoshlar ta’lim-tarbiyasi va kamolotiga alohida e’tibor qaratiladi. Yurtimizning kelajagi boʻlgan yigit-qizlarni har tomonlama yetuk, bilimli, salohiyatli shaxs, komil inson sifatida tarbiyalash masalasi esa doimo eng ustuvor vazifa bo‘lib kelgan. Ayniqsa, butun respublika bo‘ylab ko‘tarinki kayfiyatda o‘tkazilgan “Yoshlar oyligi” tadbirlari yigit-qizlarni bir maqsad atrofida birlashtirdi.
Mazkur tadbirlarda O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi talabalari ham faol ishtirok etdi. Akademiyada “Oltin davrim” shiori ostida 2000 dan ziyod talaba-yoshlarni birlashtirgan 40 dan ortiq tadbirlar, xususan, “Bag‘rikenglik kubogi”, “Rektor kubogi” sport musobaqalari, “Yoshlar akademiyasi liderlari”, Konfessiyalararo muloqot klubi”ning navbatdagi syezdi, “Quvnoqlar va zukkolar”, “Tafakkur egalari”, “Munozara” intellektual-kitobxonlik o‘yinlari, “MUN BMTning o‘zbek modeli” loyihasi, “Islom tarixi bilimdoni”, “Bilimdon dinshunos” ko‘rik-tanlovlari va boshqa tadbirlar o‘tkazildi. Ahamiyatlisi, bu kabi tadbirlarda nafaqat Akademiya talabalari, balki poytaxtimizdagi 20 ga yaqin oliy ta’lim muassasalari o‘g‘il-qizlari ham faol ishtirok etishdi.
Yoshlar oyligi doirasida “Radikallashuv va yot g‘oyalarga qarshi kurashish hamda axborot iste’moli madaniyatini shakllantirish” o‘nkunligi loyihasi o‘tkazildi.
“Soxta salafiylik: tarixi, g‘oyasi, belgisi, xatarlari”, “Radikallashuvni oldini olishda jamiyatning axborot madaniyati va jamoatchilik ishtirokini oshirish”, “Yoshlar radikallashuviga ta’sir etuvchi ijtimoiy psixologik omillar” hamda “Radikalizm g‘oyalarining yoshlar ongiga ijtimoiy tarmoqlar orqali singdirilishining oldini olish usullari” kabi mavzulardagi tadbirlar davomida 1000 nafardan ortiq talaba-yoshlar hamda professor-o‘qituvchilar qamrab olindi.
Albatta, bu kabi tadbirlar yoshlar o‘rtasida sog‘lom diniy-ma’rifiy qarashlarni shakllantirish, huquqiy madaniyatni yuksaltirish hamda axborot makonidagi turli tahdidlarga nisbatan ongli munosabatni qaror toptirishda muhim ahamiyat kasb etdi.
Shu munosabat bilan bugun Akademiyada “Oltin davrim” shiori ostida o‘tkazilgan yoshlar oyligi yakunlariga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy bayram tadbiri tashkil etildi.
“Oltin davrim” deb nomlangan marosimda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, Akademiya prorektorlari, professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlar ishtirok etdi.
Bayram tadbirini Akademiya rektori Muzaffar Kamilov tabrik so‘zi bilan ochib berdi.
Akademiya rektori har bir jamiyatning, unda yashaydigan insonlarning taqdiri va kelajagi albatta davlatlarning yetakchi kuchlari hisoblanmish yoshlar tarbiyasi bilan chambarchas bogʻliq ekani, yurtimizda yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini mustahkamlash, ularning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorligini oshirish borasida ulkan ishlar olib borilayotganini ta’kidladi. Zamonaviy bilim va koʻnikmalarga ega, mamlakatning munosib kelajagi uchun javobgarlikni oʻz zimmasiga ola biladigan barkamol, maqsadga intiluvchan va sergʻayrat yoshlarni tarbiyalash bugunning eng muhim vazifalaridan biri ekanini alohida qayd etdi.
Tadbirda so‘zga chiqqanlar tomonidan bugungi kunda farzandlarimiz taʼlim-tarbiyasini eng asosiy vazifa sifatida bilishlari, yoshlarni xalqimiz mentalitetiga yot, yosh avlod ongi va tafakkuri uchun zararli boʻlgan salbiy taʼsirlardan himoya qilish, millat va davlat taraqqiyotini dunyo hamjamiyatiga koʻrsatishga qodir boʻlgan yosh avlodni tarbiyalash eng muhim vazifa ekani ta’kidlandi.
Bayram davomida “Oltin davrim” shiori ostida o‘tkazilgan talabalar oyligi doirasidagi tanlov va musobaqalar g‘oliblari hamda yil davomida har tomonlama faol bo‘lgan talabalarni taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Talabalar oyligi davomida sport musobaqalari boʻyicha gʻoliblikni qoʻlga kiritgan jamoalar, koʻrik-tanlov va musobaqalarda gʻolib boʻlgan, shuningdek, maʼnaviy-maʼrifiy tadbirlarda faol ishtirok etgan talabalar diplom va esdalik sovgʻalari bilan taqdirlandi.
Rasmiy tadbirlardan so‘ng talabalar ijrosida “Maftuningman” filmining teatrlashtirilgan sahna ko‘rinishi, milliy kuylarga bastalangan popurri qo‘shiqlar havola etildi.
Musiqiy va she’riy chiqishlar yig‘ilganlarda katta taassurot qoldirdi.
O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi
Matbuot xizmati
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish