1

Radikalizm gʻoyalarining yoshlar ongiga ijtimoiy tarmoqlar orqali singdirilishining oldini olish usullari

Avval xabar berganimizdek, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida “Radikallashuv va yot g‘oyalarga qarshi kurashish hamda axborot iste’moli madaniyatini shakllantirish” o‘nkunligi loyihasi o‘tkazildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida tashkil etilgan mazkur tadbir “Soxta salafiylik: tarixi, g‘oyasi, belgisi, xatarlari”, “Radikallashuvni oldini olishda jamiyatning axborot madaniyati va jamoatchilik ishtirokini oshirish” hamda “Yoshlar radikallashuviga ta’sir etuvchi ijtimoiy psixologik omillar” kabi mavzularda bo‘lib o‘tdi. 

Bugungi tadbir esa “Radikalizm gʻoyalarining yoshlar ongiga ijtimoiy tarmoqlar orqali singdirilishining oldini olish usullari” mavzusiga bag‘ishlandi.

Ushbu oʻnkunlik tadbirlaridan maqsad – yoshlarni radikalizm, terrorizm, ekstremizm, soxta daʼvolar, gʻarazli daʼvatlar, axborot xurujlari, mafkuraviy tazyiqlar, ommaviy madaniyat taʼsiridan himoyalash, ularda vatanparvarlik, sadoqat tuygʻularini shakllantirishdan iborat. 

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Kamilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita bo‘lim boshlig‘i Behzod Soipov, “Kiberxavfsizlik markazi” DUK bo‘lim boshlig‘i Iskandar Aysayev, Imom Moturidiy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi Feruz Xolmo‘minov, Akademiya prorektorlari, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etdi. 

Tadbir uchun tanlangan mavzularni keng va atroflicha yoritib berish uchun ijtimoiy-siyosiy, diniy, madaniy-maʼrifiy sohada nafaqat mamlakatimizda, balki dunyo miqyosida tan olingan davlat va jamoat arboblari, oʻz sohasining dong taratgan ekspertlari o‘z ma’ruzalari bilan qatnashdi. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita, O‘zbekiston musulmonlari idorasi, Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi huzuridagi Ijtimoiy-maʼnaviy tadqiqotlar instituti, “Kiberxavfsizlik markazi” davlat unitar korxonasi hamda Toshkent kimyo-texnologiyalar instituti vakillari ishtirok etdi. 

Spikerlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida davlat va din munosabatlarini tartibga solishning huquqiy mezonlari”, “Radikallashuv va yot g‘oyalarga qarshi kurash ijtimoiy barqarorlik omili”, “Radikallashuv va yot g‘oyalarga qarshi kurashda axborot iste’moli madaniyatining o‘rni” hamda “Yoshlar radikallashuviga ta’sir etuvchi ijtimoiy psixologik omillar” kabi mavzulardagi ma’ruzalar esa yoshlar uchun dolzarb ahamiyat kasb etdi.

Bugungi kunda hech bir xalqning milliy va maʼnaviy anʼanasi, odatlariga toʻgʻri kelmaydigan turli “urf-odatlar” koʻpaymoqda. Achinarli jihati shundaki, koʻpchilik, xususan ayrim yoshlar uning taʼsiriga tushib qolmoqda. Bu narsa yoshlarimizning yurish-turishida, kiyinishida, oʻzini tutishi-yu boshqalar bilan boʻladigan suhbatlarida koʻzga tashlanadi.

Bunday yot gʻoyalar esa bizning milliy qadriyatlarimiz va anʼanalarimizga aslo toʻgʻri kelmaydi. Turli nayrang va xatarlardan ogoh, sergak va hushyor boʻlishimiz lozim. Soʻnggi paytlarda maʼnaviyatimizga zid boʻlgan turli gʻarazli kuchlar “ommaviy madaniyat” niqobi ostida yoshlarimiz ongiga taʼsir oʻtkazishga harakat qilmoqda.

Tadbir davomida ana shu masalalar haqida so‘z yuritildi. Shuningdek, yot gʻoyalar taʼsiriga tushib qolgan ayrim yoshlar hayotga faqat bir tomonlama boqadigan, yengil hayotga intiluvchan boʻlib voyaga yetishi, bu esa ularda buzgʻunchilik, zoʻravonlik, faqat oʻz manfaati uchun harakat qilish kabi illatlarni rivojlanishiga sabab boʻlishi qayd etildi. 

Tadbir yakunida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish