1

Oʻzbekiston – bag‘rikeng diyor

Maʼlumki, UNESCO tashkiloti tomonidan dunyoda tinchlik, dinlar va konfessiyalararo muloqotni taʼminlash, millatlar va elatlar oʻrtasida hamkorlikni rivojlantirish borasida bir qator ishlar amalga oshirilib, hozirda bagʻrikenglikka oid 70 dan ziyod xalqaro hujjatlar qabul qilingan. 

BMT Bosh Assambleyasining qaroriga ko‘ra, 1997-yildan buyon 16-noyabr har yili butun dunyoda “Xalqaro bag‘rikenglik kuni” sifatida nishonlanib kelinadi. Bu sanani bizda, O‘zbekistonda nishonlash ham yaxshi an’anaga aylangan. Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida joylashgan O‘zbekiston azaldan turli millat, elat va din vakillarining tinch-totuv, o‘zaro hurmat va hamjihatlik muhiti bilan ahillikda hayot kechirgan maskan sifatida e’tirof etiladi.

Hozirgi kunda yurtimizda 130 dan ortiq millat va elat, 16 ta diniy konfessiya vakillari bag‘rikenglik, do‘stlik va hamjihatlik tamoyillari asosida yashab kelmoqda.

Shu munosabat bilan mamlakatimizning barcha hududlarida millatlararo va dinlararo do‘stlik, ahillik va birdamlikni mustahkamlashga qaratilgan turli tadbirlarni o‘zida jamlagan “Bag‘rikenglik haftaligi” tadbirlariga start berildi. 

Shu maqsadda bugun poytaxtimizdagi “Azimut Grand” mehmonxonasida “Oʻzbekiston – bag‘rikeng diyor” mavzusida anʼanaviy xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya boʻlib oʻtdi.

Mazkur konferensiya Din ishlari boʻyicha qoʻmita, Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qoʻmitasi hamda Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi hamkorligida tashkil qilindi.

Anjumanda Din ishlari boʻyicha qoʻmita, dinshunos ekspertlar, islomshunoslar, etnik-madaniy birlashmalar, diniy konfessiya vakillari, shuningdek, jamoat tashkilotlari, fuqarolik jamiyat, milliy madaniy markazlari, Oʻzbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi professor-o‘qituvchilari va talabalari ham qatnashdi.

Konferensiyani O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi Ruslanbek Davletov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisi Sodiqjon Toshboyev, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov hamda O‘zbekiston musulmonlari idorasi raisi, muftiy Shayx Nuriddin Xoliqnazar tabrik so‘zlari bilan ochib berdilar.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining vakillik organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, din va yoshlar masalalari bo‘yicha maslahatchisi o‘rinbosari Muzaffar Kamilov ham ishtirok etib, ma’ruza qildi. 

16-noyabr – Xalqaro bagʻrikenglik kuni munosabati bilan anʼanaviy tarzda oʻtkazilib kelinayotgan ushbu xalqaro anjumanni oʻtkazishdan koʻzlangan asosiy maqsad – soʻnggi yillarda Oʻzbekistonda tinchlik, osoyishtalik omillaridan biri boʻlgan diniy bagʻrikenglik, dinlararo totuvlik va konfessiyalararo hamjihatlikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlarni oʻrganish, istiqboldagi belgilangan vazifalarni tahlil qilish, mavjud muammolarni aniqlash va shu yoʻnalishda oʻz yechimini kutayotgan masalalarni hal etish boʻyicha takliflar ishlab chiqishdan iborat.

Yoshlarni vatanparvarlik, fuqarolik tuygʻusi, bagʻrikenglik, qonunlarga, milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida, zararli taʼsirlar va oqimlarga qarshi tura oladigan, hayotga boʻlgan qatʼiy ishonch va qarashlarga ega shaxs sifatida tarbiyalash, allomalarimiz merosidagi yoshlarni komil inson etib tarbiyalash, ularda bagʻrikenglik madaniyatini rivojlantirish; turli millat yoshlari uchun qoʻshimcha qulay shart-sharoitlar yaratish, ularda fuqarolik burchini anglash, vatanparvarlik, bagʻrikenglikka asoslangan millatlararo muomala madaniyati his-tuygʻusini mustahkamlash bilan bogʻliq masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.

Yurtimizda xilma-xil diniy eʼtiqodga ega boʻlgan kishilarning bir zaminda buyuk gʻoya va sof niyatlar yoʻlida hamkor va hamjihat boʻlib yashashligi bagʻrikenglikning yorqin namunasidir. Chuqur oʻylangan milliy va diniy siyosat tufayli Oʻzbekiston bugun butun dunyo mamlakatlari uchun bagʻrikenglik namunalarini oʻzida mujassam etgan davlat sifatida namuna boʻlmoqda. Oʻzbekistonning bu koʻp asrlik tajribasi oʻzbek millatiga xos bagʻrikenglik xususiyatlari Markaziy Osiyo va boshqa rivojlangan mamlakatlar uchun andoza boʻlib xizmat qilmoqda. 

2019-yildan davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bu sana Oʻzbekistonda haftalik tarzida keng nishonlanadi. Bu yil ham ushbu anʼana davom etib, “Yangi Oʻzbekistonda diniy bagʻrikenglik” shiori ostida “Bagʻrikenglik haftaligi” boʻlib oʻtmoqda. Haftalik doirasida brifing, davra suhbatlari, konferensiyalar va boshqa madaniy-maʼrifiy va ilmiy-amaliy tadbirlar oʻtkazish rejalashtirilgan.

Konferensiya “Dinlararo muloqot va bagʻrikenglikni taʼminlashda yangi Oʻzbekiston va jahon tajribasi”, “Konfessiyalararo va madaniyatlararo muloqotni mustahkamlashdagi hamkorlik” hamda “Ta’lim va ma’rifat – dinlararo totuvlik va barqarorlikni ta’minlashning asosi” kabi sho‘balarga bo‘lingan holda davom etdi.

Diniy bagʻrikenglik turli eʼtiqodlarning bir zamon va makonda birgalikda mavjud boʻlishi, ular oʻrtasidagi hamkorlik va hamjihatlikning shakllanishi bilan bevosita bogʻliq. Bu, oʻz navbatida, yurt tinchligi, taraqqiyoti va umuminsoniy madaniyat rivojiga xizmat qilgan. 

“Oʻzbekiston – bagʻrikeng diyor” mavzusidagi xalqaro konferensiyada koʻrilgan masalalar mamlakatimiz tarixan koʻpmillatli oʻlka sifatida turli din va millat vakillarining emin-erkin yashashlari uchun barcha sharoitlar yaratilganligi va diniy jamoalar jamiyat taraqqiyotida tobora faol ishtirok etayotganini ifodalaydi.

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi

Matbuot xizmati

Izoh qoldirish