O‘zbekiston dunyo nigohida
BMTning Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha tashkiloti – UNESCO 1945-yil 16-noyabr kuni tashkil topgan bo’lib, 2025-yil holatiga ko‘ra, uning tarkibiga 194 ta davlat kiradi. UNESCO faoliyati va unga doir hujjatlar rasmiy ravishda arab, ingliz, fransuz, ispan, rus va xitoy tillarida yuritiladi.
Ta’lim, fan, madaniyat va axborot sohalarida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish orqali tinchlik, xavfsizlik va barqaror taraqqiyotni ta’minlash UNESCOning bosh maqsadi hisoblanadi. UNESCO ushbu maqsadni amalga oshirish uchun ta’lim sohasida savodxonlikni oshirish, raqamli va inklyuziv ta’limni rivojlantirish; fan sohasida iqlim o‘zgarishi, suv resurslari va bioxilma-xillikni muhofaza qilish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash; madaniyat sohasida butunjahon madaniy va tabiiy merosini saqlash; axborot va kommunikatsiya sohasida so‘z erkinligi va Internetdan tinchlik, taraqqiyot va inson huquqlari uchun foydalanishni rivojlantirish kabi vazifalarni bajaradi.
UNESCOning tashkiliy tuzilmasi Bosh konferensiya (General Conference), Ijroiya kengashi (Executive Board) va Kotibiyat (Secretariat)dan iborat. Shuningdek, UNESCO milliy komissiyalar va global tarmoqlar orqali faoliyat yuritadi. Bunda har bir a’zo davlatdagi milliy komissiyalar UNESCO dasturlarini milliy darajada muvofiqlashtiradi (masalan, UNESCO ishlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy komissiyasi). 50 dan ortiq ofis, maxsus institutlar, markazlar va Butunjahon merosi ro‘yxatidan iborat UNESCO global tarmoqlari esa tashkilot maqsadlarini turli sohalar va jamiyatning turfa qatlamlari orasida amalga oshishini ta’minlaydi (Misol uchun, O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasidagi “Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi “Dinlararo va madaniyatlararo muloqot yo‘nalishiga ixtisoslashgan tarmoq”ga qarashli dunyoning 27 mamlakatida faoliyat yuritayotgan jami 31 ta bo‘linmadan biridir).
Bosh konferensiya UNESCOning qaror qabul qiluvchi oliy organidir. U har ikki yilda bir marta yig‘iladi va tashkilotning siyosati, dasturlari va byudjetini belgilaydi. Shuningdek, har to‘rt yilda Bosh konferensiya Ijroiya kengashi a’zolarini saylaydi va Kotibiyat bosh direktori (Director-General) lavozimiga nomzodni tayinlaydi (Samarqanddagi UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasida yangi bosh direktor, misrlik Xolid Ananiy rasman faoliyatini boshlaydi).
Bosh konferensiyada UNESCOga a’zo davlatlarning vakillari qatnashadi. Unda ilgari surilgan tashabbus va konvensiyalar uchun har bir davlat bir ovoz berish huquqiga ega hisoblanadi. O‘z navbatida, UNESCOga a’zo bo‘lmagan davlatlar, turli hukumatlararo va nodavlat tashkilotlar kuzatuvchi sifatida ishtirok etishi mumkin. Bosh konferensiya sessiyasini tashkil qilish maqsadida tashkiliy va ishchi komissiyalar tuziladi va sessiya ishlarini konferensiya prezidenti (saylov orqali tanlanadi) boshqaradi.
2025-yilning 30-oktabr – 13-noyabr kunlari UNESCO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi Samarqandda bo‘lib o‘tadi. Bu UNESCOning o‘tgan 40 yillik tarixida Parijdan tashqarida bo‘ladigan birinchi katta yig‘ilishi sifatida baholanmoqda. 2023-yilda Parijda bo‘lib o‘tgan 42-sessiyada O‘zbekistonning Bosh konferensiyaning navbatdagi sessiyasini Samarqandda o‘tkazish taklifi bir ovozdan qo‘llab-quvvatlangan edi. 43-sessiya doirasida turli mavzularda tadbirlar o‘tkazilishi rejalangan. Muzeylar eksponatlarini tushuntirishda sun’iy intellektning rolini oshirish, Ramazon va Qurbon hayiti bayramlarini UNESCO madaniy merosiga kiritish, “21-avgust – Xalqaro suv osti madaniy merosi kuni” deb e’lon qilinishi, interaktiv platforma orqali dunyo bo‘ylab o'qituvchilar o‘rtasida muloqotni kuchaytirish kabi masalalar, shular jumlasidandir.
UNESCO Bosh konferensiyaning 43-sessiyasini Samarqandda o‘tkazish O‘zbekistonni global maydonda mintaqaviy markaz sifatida namoyon etadi, desak yanglishmaymiz. Zotan, sessiya doirasida mo‘ljallangan tadbirlar nafaqat mahalliy tarixiy merosni, balki Markaziy Osiyoning madaniy boyliklarini butun dunyoga tanitishda katta rol o‘ynaydi. Sessiya davomida O‘zbekiston shaharlarini UNESCOning “Ijodkor shaharlar” hamda “Ta’limni targ‘ib etuvchi shaharlar tarmoqlari” xalqaro ro‘yxatlariga kiritish rejalashtirilganligi xalqimiz an’analarini umuminsoniy madaniy meros sifatida dunyo miqyosida kengroq targ‘ib qilinishiga zamin yaratadi.
Odiljon Ernazarov,
“Dinshunoslik va jahon dinlarini qiyosiy o‘rganish UNESCO” kafedrasi mudiri
O`Z
РУ
EN
العربية
Izoh qoldirish