1

Akademiyada muhim lavozimga tayinlov amalga oshirildi

Bugun O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi majlislar zalida rektor Muzaffar Komilov, Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining birinchi o‘rinbosari Davronbek Maxsudov, professor-o‘qituvchilar va xodimlar ishtirokida yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Majlisni O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi rektori Muzaffar Komilov olib borar ekan, kun tartibidan o‘rin olgan masala yuzasidan so‘z yuritib, Akademiyaning muhim va mas’uliyatli lavozimiga munosib nomzodni tayinlash haqida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita raisining tegishli buyrug‘i qabul qilinganini bildirdi.

Daminov Ergash Inoyatovich O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasining Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori etib tayinlangani haqidagi buyruq o‘qib eshittirildi. 

Akademiyada ilmiy ishlar va innovatsiyalar yo‘nalishida amalga oshirilishi zarur bo‘lgan faoliyat yuzasidan topshiriqlar berildi.

Xususan, ilm-fan va jahon sivilizatsiyasi rivojiga ulkan hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning insonparvarlik, ezgulik, tinchlik va bag‘rikenglik kabi umuminsoniy va olijanob g‘oyalarga asoslangan diniy-falsafiy merosini chuqur o‘rganish hamda keng targ‘ib etish uchun zamonaviy mutaxassislarni tayyorlashni yangi bosqichga olib chiqish kerakligi qayd etildi.

Shuningdek, bugungi globallashuv davrida har jihatdan yetuk, yosh tadqiqotchilar safini kengaytirish kabi masalalar belgilab olindi.  

O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasi bir necha yildan beri oliy taʼlim muassasalari professor-o‘qituvchilarining ilmiy salohiyati reytingida 1-o‘rinni qo‘ldan boy bermay kelyapti. Yig‘ilishda mazkur natijani yanada yaxshilash kerakligi alohida ta’kidlandi. 

Yig‘ilish davomida so‘zga chiqqanlar tomonidan Daminov Ergash Inoyatovichning kelgusi ish faoliyatiga muvaffaqiyat tilandi.

Izoh qoldirish