
Bilimli va ma’rifatli yoshlar – yangi O‘zbekiston bunyodkorlari
Ma’lumki, har qanday davlatning eng katta boyligi va eng buyuk kuchi bu uning yoshlaridir. Hech bir millat yoki mamlakatda yoshlarsiz rivojlanish va o‘sish bo‘lmaydi, mamlakat taraqqiyoti yoshlar qo’lida.
Yurtimizda yoshlar ta’lim-tarbiyasi davlat siyosatining eng muhim yoʻnalishlaridan biri sanaladi. Yoshlarning barkamol inson boʻlib ulgʻayishi uchun maʼnaviy tarbiyaga ham alohida eʼtibor qaratilmoqda. Bu borada qabul qilinayotgan turli qaror va farmonlar, amalga oshirilayotgan tadbirlar, amaliy ishlar natijasida ertamiz egalari barcha sohalarda ildamlab, yuksak muvaffaqiyatga erishmoqda.
Zero, davlatimiz rahbari har bir chiqishlari, murojaatlarida ham yoshlar kelajagiga qayg‘urishlari bejiz emas. Ayniqsa, joriy yilning 14-fevral kuni Ko‘ksaroy qarorgohida yoshlar bilan o‘tkazilgan muloqotda ularning ma’naviy tarbiyasi va mafkuraviy immunitetini kuchaytirish, ularni yot g‘oyalardan asrash har birimizning vazifamizga aylanishi shartligi yana bir bor ta’kidladilar.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ham yoshlar bilan uchrashuvlar, turli ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilib, ularning muammolari, takliflari tinglanadi. Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha mas’ullarga tegishli topshiriqlar beriladi.
Shu maqsadda bugun Mumtoz sharq filologiyasi fakulteti talabalari uchun “Rahbar va yoshlar” muloqoti o‘tkazildi.
Unda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori Habibullo Sadibaqosev, O‘quv ishlari bo‘yicha prorektor Zokirjon Ro‘ziyev, rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev, fakultet dekani Ilyos Mirziyotov, professor-o‘qituvchilar, tyutorlar hamda talabalar ishtirok etdi.
Muloqotni Akademiya rektori kirish so‘zi bilan ochib berarkan, bugungi kunda yurtimiz davlati siyosatining eng asosiy omillaridan biri – yoshlar ekani, barcha sohalar qatori yoshlarga ham katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. Amalga oshirilayotgan barcha islohotlar zamirida yoshlar uchun yetarli imkoniyatlar yaratilishi turganini qayd etdi.
Samimiy muloqot davomida Akademiya rektori talabalarning muomala madaniyati, xulqi-odobi bilan barchaga o‘rnak bo‘lishi zarurligini, buning uchun esa talabalar shaxsiy namuna ko‘rsatishi, Akademiyaning ichki tartib-qoidalariga rioya etishi shart ekanini qayd etdi.
Bu borada mavjud ayrim kamchiliklarni bartaraf etish, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi talabalari o‘zlarining odob-axloqi, yuksak tafakkuri, aql-idroki bilan boshqa oliy ta’lim muassasalarining yoshlariga namuna bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.
Yig‘ilishda fakultetda ta’lim tizimidagi kamchiliklar muhokama etildi. Bugungi kunda fakultetda 460 nafar tahsil olmoqda. Ammo talabalar oraida til sertikati borlar kamligi, til sertifikati bor yoshlarni ko‘paytirish, bunda eng avvalo, sifatga e’tibor berish, xorijiy tillarni o‘rganishlarini yanada kuchaytirish lozimligi ta’kidlandi.
Shuningdek, Prezidentimiz topshiriqlariga asosan, yuqori darajadagi til sertifikati bor talabalarga Akademiyada xorijiy tillarni o‘qitishi uchun kurs ochadigan bo‘lsa, ularga sharoit yaratilishi, kerak bo‘lsa, maosh ham berilishi qayd etildi.
Ilmiy yo‘nalishdagi iqtidorli talabalar, nomdor stipendiya sohiblari, ilmiy maqolalar muallif bo‘lgani, republika va xalqaro konferensiyalardagi ishtirok etgan, monografiyalar yozgan talabalar sonini 10 nafardan o‘quv yili oxiriga qadar ularning sonini 50 nafarga yetkazish kerakligi ta’kidlandi.
Ma’naviyat va ma’rifat yo‘nalishidagi iste’dodli talabalar soni 9 nafar. She’riyat, sport, musiqaga qiziqadigan yoshlar har tomonlama barkamol bo‘lishi, bunin uchun esa ularning sonini orttirish qayd etildi.
85 nafar talaba ijara uylarda istiqomat qilmoqda. Talabalar turar joyidagi sharoitlar tahlil etildi. Yig‘ilishda mutasaddilarga ularning holidan doimiy ravishda xabardor bo‘lish kerakligi bildirildi.
Shuningdek, muloqot davomida dunyoviy va diniy bilimlarning sayozligi, sof diniy tushunchalarning asl mazmunini bilmaslik ham diniy ekstremistik gʻoyalarning tarqalishiga sabab boʻlayotgani qayd etildi. Bu borada yoshlarga to‘g‘ri tushuncha berish, targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borish kerakligi ta’kidlandi.
Muloqot davomida talabalar tomonidan o‘qitish tizimini yanada maqbullashtirish, sport to‘garaklari tashkil etish kerakligi qayd etildi.
Tadbir davomida talabalar o‘zlarini qiziqtirgan savollari, takliflari bilan murojaat qildi. Muloqot yakunida kelgusida amalga oshirilishi kerak bo‘lgan vazifalar belgilab olindi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish