6

Dunyoviy va diniy qadriyatlar uyg‘unligi – taraqqiyot omili

Hozirgi kunda diniy mojarolar yer yuzidagi barqarorlik va tinchlikka tahdid solayotgan bir davrda din va siyosatning o‘zaro munosabati, ularning ijtimoiy hayotga ta’siri kabi masalalar yechimi zamonamizning dolzarb mavzusiga aylanib bormoqda. Bu borada O‘zbekiston qadimdan turli millat va elat hamda konfessiya vakillari o‘zaro tinch-totuv yashab, o‘z diniy rasm-rusumlarini emin-erkin ado etib kelgan bag‘rikeng diyor sifatida qadrlanadi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda ushbu yo‘nalishda olib borilayotgan izchil siyosat xalqimiz va jahon hamjamiyati tomonidan haqli ravishda e’tirof etilmoqda. 

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning “Yangi O‘zbekiston strategiyasi” asarida yangi O‘zbekistonni qurish yo‘lida mamlakatimizda ma’naviy taraqqiyot, millatlar va konfessiyalararo hamjihatlikni saqlash va mustahkamlashga qaratilgan davlat siyosatining dastlabki natijalari va kelgusida mazkur ishlarni yangi bosqichga ko‘tarish uchun bir necha vazifa va maqsadlar belgilab olingan edi. 

Xususan, 2025-yil 11-fevral kuni Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida fuqarolarning vijdon erkinligini ta’minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi” to‘g‘risidagi qonunning kuchga kirishi yurtimiz taraqqiyotini yanada yuqori bosqichga ko‘tarilishiga poydevor bo‘ldi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. 

Konsepsiyada vijdon erkinligi, dunyoviylik, dunyoviy davlat, dunyoviy qadriyatlar, umumjamiyat manfaatlari kabi tushunchalar izohlangan bo‘lib, vijdon erkinligi konstitutsiyaviy huquqi dunyoviy davlatdagina to‘laqonli amalga oshirilishi mumkinligi ta’kidlanadi. 

Konsepsiyaning 5-bobiga ko‘ra, dunyoviy davlatgina diniy qadriyatlarning, e’tiqodlarning hurmat va himoya qilinishi, izchil rivojlanishi uchun zarur ijtimoiy muhitni ta’minlashga qodir. Chunki u din ishiga aralashmaydi, shuningdek, diniy jamoalar faoliyatini bevosita yoki bilvosita cheklamaydi. Bunday davlatda din davlatdan ajratilgan, lekin jamiyatdan ajratilmaydi, aksincha, jamiyatning e’tiqod erkinligini ta’minlashga ko‘maklashadi. 

Ma’lumki, O‘zbekiston – dunyoviy davlat bo‘lib, u dunyoviylik tamoyili bir-biridan ajralmas vijdon erkinligi, barcha din va diniy tashkilotlarning qonun oldida tengligi, dinning siyosatdan ajratilganligi kabi qadriyatlarga asoslanadi. Yurtimizda dinga bo‘lgan munosabat muayan meyoriy-huquqiy hujjatlar va qonunlar orqali tartibga solinishi barchaga ayon. Mamlakatimizda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, “Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida”gi qonunlari jamiyatning e’tiqod erkinligini va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlashda asosiy mezon bo‘lib xizmat qilib kelmoqda. 

Barcha dinlarda inson hayotining mohiyati, mazmuni, kishilar o‘rtasidagi ijtimoiy-ma’naviy, axloqiy munosabatlarni tenglik va adolat mezonlari asosida o‘rnatish lozimligi o‘z aksini topgan. Dunyoviy fikr, dunyoviy turmush tarzi ham u bilan yonma-on va u bilan teng yashash huquqiga ega bo‘lgan holda rivojlanib kelgan. 

Binobarin, dunyoviy va diniy qadriyatlar bir-biriga zid emas, balki o‘zaro uyg‘unlikda rivojlanishi kerak. Dunyoviy qadriyatlar inson huquqlari, demokratiya, qonun ustuvorligi, ilm-fan va ta’lim kabi umuminsoniy tamoyillarni o‘z ichiga olsa, diniy qadriyatlar ma’naviy-axloqiy poklik, bag‘rikenglik, mehr-oqibat va sabr-qanoat kabi fazilatlarni targ‘ib qiladi. Diniy qadriyatlar O‘zbekiston xalqining madaniyati, turmush tarzi, urf-odatlari, odob-axloqining shakllanishi hamda ularning avloddan avlodga meros bo‘lib o‘tishiga zamin yaratuvchi, O‘zbekiston xalqini birlashtirish va jipslashtirishga xizmat qiluvchi, oilalarda o‘zaro hurmat-izzat va mehr-oqibatni mustahkamlovchi asriy qadriyatlar manbai hisoblanadi.

Ushbu qadriyatlarning o‘zaro mushtarakligi jamiyatda barqarorlik va taraqqiyotni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etib, tinchlik, totuvlik va bag‘rikenglikni mustahkamlaydi. Bu esa, turli diniy va dunyoviy qarashlar o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirishga, asr vabosiga aylangan ekstremizm va radikalizm kabi g‘oyalarning oldini olishga yordam beradi. Bag‘rikenglik tamoyillari Deklaratsiyasida ta’kidlanganidek, “Bag‘rikenglik (tolerantlik) bo‘lmasa, tinchlik; tinchliksiz esa taraqqiyot bo‘lmaydi”. Tinch va osoyishta yurtdagina mamlakatning iqtisodiy rivojlanishi, investitsiya muhitini yaxshilanishi va xalqaro hamkorlikning kengayishi kuzatiladi. Ta’kidlash joizki, bugungi kunda dunyoviy davlat qurish va shu asosda mamlakatni rivojlantirish yo‘lidan borayotgan O‘zbekistonda “dunyoviylik”ning mazmun-mohiyati to‘g‘ri anglab yetildi. 

Shunday ekan, dunyoviy va diniy qadriyatlarning uyg‘unligi Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot omili sifatida namoyon bo‘lib, fuqarolarning ma’naviy va axloqiy kamolotiga, ularning ijtimoiy hayotda faol ishtirokini ta’mishlashga, mamlakatimizning xalqaro maydonda tinchliksevar va rivojlanayotgan davlat sifatida tanitishga xizmat qiladi.

Dilfuza Sagdullayeva,

O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi

“Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasi dotsenti

Izoh qoldirish