
Turizm va madaniy meros: muhofaza qilish va o‘zaro ta’sir masalalari
Turizm bugungi kunda dunyo rivojlanishining drayver tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Mutaxasislarning fikricha, turizm XXI asrning eng daromadli sohasiga aylangan. Shuning uchun ham turizm BMT tomonidan qabul qilingan 2030-yilgacha barqaror rivojlantirish dasturining asosiy maqsadlardan biri sifatida belgilangan. Zamonaviy turizmning yo‘nalishlari orasida “ziyorat turizmi” tushunchasi esa turizm industriyasining eng qadimiy va tarixiy turi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.
Xabaringiz bor, 21-fevral – Butunjahon gidlar kuni munosabati bilan yurtimizda an’anaviy VIII Xalqaro O‘zbekiston gidlari forumi o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi, Turizm qo‘mitasi va Turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti hamda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamkorligida tashkil etilgan forum bugun ham davom etdi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida tashkil etilgan forum “Turizm va madaniy meros: muhofaza qilish va o‘zaro ta’sir masalalari” mavzusiga bag‘ishlandi.
Forumda davlat organlari vakillari, xorijiy va milliy ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalarining taniqli olimlari va ekspertlari, ekskursiya va turizm faoliyati yo‘nalishi bo‘yicha xalqaro assotsiatsiyalar vakillari, xalqaro trenerlar, taniqli spikerlar, shuningdek, respublikamizning Buxoro, Samarqand, Xorazm va boshqa viloyatlari hamda Toshkent shahridan gid-ekskursiya yetakchilari, gid-tarjimonlar, yo‘riqchi-yo‘l boshlovchilar, shu jumladan, oliy toifali gidlar qatnashdi.
Tadbirni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori Ilyos Mirziyotov hamda O‘zbekiston Respublikasi turizm qo‘mitasi huzuridagi turizmni rivojlantirish ilmiy-tadqiqot instituti bo‘lim boshlig‘i Alim Muxitdinov kirish so‘z bilan ochib berdilar.
Forumga O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi mudiri, professor Olim Astanakulov hamda O‘zbekiston Respublikasi fanlar akademiyasi milliy arxeologiya markazining katta ilmiy xodimi Elena Gordeeva moderatorlik qildi.
Davra suhbatida Toshkent shahridagi Xalqaro Kimyo universiteti katta oʻqituvchisi (Misr Arab Respublikasi) Ossama Mostafa Elsetoxi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi dotsenti Margarita Filanovich, Volga-Ural arxeologiyasi va etnografiyasi ilmiy-ta’lim markazi direktori, akademik S.P.Korolev nomidagi Samara milliy tadqiqot universitetining arxeologiya ilmiy-tadqiqot laboratoriyasining ilmiy rahbari Sergey Zubov, Rus pravoslav cherkovi Moskva patriarxiyasining Markaziy Osiyo metropolit okrugi Toshkent va O‘zbekiston yeparxiyasi madaniyat va sport ishlari boshqarmasi boshlig‘i Igor Fedenko, Akademik B.G‘ofurov nomidagi Xo‘jand davlat universiteti “Tojik xalqi tarixi” kafedrasi dotsenti (Tojikiston Respublikasi) Jamoliddin Abdukarimov, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Milliy arxeologiya markazi katta ilmiy xodimi Elena Gordeeva, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi prorektorlari – Ilyos Mirziyotov, Zohidjon Islomov, “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi professori, akademik Nurislom To‘xliyev, “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi professor-o‘qituvchilari, ilmiy tadqiqotchilar hamda talabalar ishtirok etdi.
Forum doirasida “Madaniy meros obyektlarining tarixiy-madaniy turizmni rivojlantirishdagi ahamiyati”, “Rivojlangan bozorning turizm sanoatiga taʼsiri: Xitoy, Hindiston va Misr tajribasi”, “O‘zbekiston Respublikasining saqlanib qolgan qadimiy madaniy-tarixiy merosi ilm-fanni rivojlantirish va turizm tizimida ommalashtirishda bebaho asos sifatida”, “Toshkent va O‘zbekiston yeparxiyasining madaniy-tarixiy merosi”, “Arxitektura yodgorliklari va shaharlarning tarixiy asl muhitini saqlash O‘zbekistonda turizmni rivojlantirishning muhim omili sifatida”, “O‘zbekiston madaniy merosini asrashda 3D texnologiyalarining ahamiyati”, “ O‘zbekistonning madaniy merosini saqlash maqsadida ziyorat turizmi resurslarini samarali boshqarish” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.
Ma’ruzachilar respublika iqtisodiyotining strategik tarmog‘i sifatida turizm va mehmondo‘stlik sohasini yanada rivojlantirish, professional gidlar hamjamiyatini ko‘p tarmoqli va sifatli shakllantirish va boshqa dolzarb masalalar bo‘yicha o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashishdi.
Ma’lumki, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida ziyorat turizmini yanada rivojlantirish masalalari yangi bosqichga ko‘tarildi. Bugungi kunda O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Islom iqtisodiyoti va moliyasi, ziyorat turizmi” kafedrasi faoliyat ko‘rsatib, unda mazkur soha bo‘yicha talaba-yoshlar saboq olib kelmoqda. Shuningdek, Akademiya hududida muqaddas qadamjolar – Shayx Xovandi Tohur, To‘labek (Qaldirg‘ochbek) hamda Yunusxon maqbaralari mavjud. Mazkur ziyoratgohlarga keluvchilar soni yanada ortib bormoqda.
Muhokamalar davomida O‘zbekiston ichki turizmini rivojlantirishning strategik rejasini shakllantirish, ziyorat turizmini rivojlantirish, turizm industriyasi rivojlanish istiqbollari masalalari yoritib berildi. Xalqaro turizm rivojlanishining zamonaviy tendensiyalari, xalqaro mehmonxonalar tizimining turizmning rivojlanishidagi ahamiyatiga oid axborotlar ham taqdim etildi.
Anjumanda O‘zbekistonda ziyorat turizmining yagona brendini yaratish masalalari, ziyorat turizmini rivojlantirish bo‘yicha hududlarning dolzarb muammolari va tajribasi muhokama qilindi. Shuningdek, ishtirokchilar tomonidan ziyorat turizmi – madaniyatlararo almashinuv va bag‘rikenglikni mustahkamlash sohasi sifatida ko‘rib chiqildi.
Ma’ruzalardan so‘ng bildirilgan mavzular yuzasidan savol-javoblar o‘tkazildi.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish