
Akademiyada “Dunyo arabshunoslari forumi” o‘tkazildi
Keyingi yillarda yurtimizda xorijiy tillarni o‘rgatishni ommalashtirishni yangi bosqichga olib chiqish va sohani rivojlantirish uchun tizimli ishlarni tashkil etish, ulg‘ayib kelayotgan yosh avlodni har tomonlama barkamol qilib tarbiyalash masalasiga katta e’tibor qaratilmoqda.
Jadid mutafakkirlaridan biri Mahmudxo‘ja Behbudiy ham “Ikki emas, to‘rt til lozim” nomli maqolasida zamona ilmlaridan boxabar bo‘lishni istagan inson bir qancha xorijiy tillarni puxta egallashi kerakligini ta’kidlagan edilar.
Zero, O‘zbekiston jahonga tobora yuz tutib, xorijiy davlatlar bilan aloqalari rivojlanib bormoqda. Xususan, yurtimizning arab mamlakatlari bilan siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy, ilmiy-ma’rifiy aloqalari kengaymoqda. Bu esa barkamol, xorijiy tillarni puxta biladigan mutaxassis kadrlarga ehtiyojni oshirmoqda.
Shu bois, arab tili va arabshunoslik sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash, bilim va tajriba almashish, ilmiy aloqalar o‘rnatish, zamonaviy muammolarni muhokama qilish uchun dunyo arabshunos olimlari ishtirokidagi ilmiy konferensiya va anjumanlarni o‘tkazish, turli forum va simpoziumlar doirasida fikr almashish har doimgidan ham muhim ahamiyatga ega.
Shu maqsadda bugun O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasida “Dunyo arabshunoslari forumi” bo‘lib o‘tdi.
Mazkur anjuman Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi hamda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamkorligida o‘tkazildi.
Ushbu forum O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 23-avgustdagi qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi va Saudiya Arabistoni podshohligi o‘rtasida ustuvor yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga qaratilgan amaliy harakatlar rejasi (Yo‘l xaritasi)” asosida tashkil etildi.
Mazkur forumdan ko‘zlangan maqsad dunyo arabshunoslari uchun arab tili, adabiyoti, tarixi, madaniyati va islomni o‘rganish sohasidagi tadqiqotlar natijalari, yangi metodikalar va yondashuvlar, arabshunoslikning rivojlanish istiqbollarini muhokama qilish, tadqiqotlarning ustuvor yo‘nalishlarini aniqlash va butun dunyo olimlarining sa’y-harakatlarini muvofiqlashtirish uchun platforma yaratishdan iboratdir.
Forum “Filologiya, tilshunoslik va adabiyotshunoslik masalalari, “Tarix, siyosat va xalqaro munosabatlar”, “Zamonaviy arabshunoslik va tarjima masalalari” kabi sho‘ba yig‘ilishlari bilan davom etdi.
Tadbirni O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi rektori Muzaffar Komilov, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi boshqarma boshlig‘i Otabek Bozorov, Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti prorektori Nodir Abdullayev tabrik so‘zlari bilan ochib berdilar. Ular o‘z nutqlarida forumning ahamiyatini ta’kidlab, ishtirokchilarga muvaffaqiyat tiladilar.
Forumda Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti professori Shuhrat Yovqochev, O‘mon Sultonligi Sulton Qobus arab tili instituti professori Salim bin Sulaymon Busaidiy, Misr Arab Respublikasining al-Minya universiteti professori Ahmad Muso Sayfuddin, Rossiya Federatsiyasining Dog‘iston universiteti dotsenti Gusein Tikayev, ICESCO tashkiloti qoshidagi Arab tili markazi eksperti Yusuf Ismoiliy, Misr Arab Respublikasining al-Azhar universiteti professori, Jazoir Respublikasining Varqla universiteti professori Sa’dun Muhammad, Misr Arab Respublikasining al-Azhar universiteti professori Shixata Abu Shisha, Islom hamkorligi tashkiloti huzuridagi Islom tarixi, san’ati va madaniyatini tadqiq etish markazi bosh direktor maslahatchisi Ashirbek Mo‘minov, Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi direktori Shovosil Ziyodov, O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi Ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Zohidjon Islomov, rektor maslahatchisi O‘tkir Hasanboyev, “Arab tili va adabiyoti al-Azhar” kafedrasi mudiri Roziya Matibayeva, kafedra professor-o‘qituvchilari, taniqli arabshunos olimlar, ilmiy tadqiqotchilar, Qozog‘iston, Rossiya, Turkiya, AQSH, Misr, Jazoir, O‘mon Sultonligi kabi mamlakatlardan taniqli arabshunos olimlar, soha mutaxassislari hamda talabalar ishtirok etdi.
Forumda “Sulton Qobus arab tili institutining arab tilini o‘rganish tajribasi”, “O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasining arab tilini o‘qitish tajribasi”, “Til lisoniy ifoda vositasi sifatida”, “Lingvistika ta’limi va uning arab bo‘lmaganlar uchun arab tili o‘qituvchilarini tayyorlashdagi o‘rni”, “Mahmud Zamaxshariy ilmiy merosiga oid zamonaviy tadqiqotlar”, “Xorijliklarga arab tilini o‘rgatishda yuzaga keladigan muammolar”, “Balog‘at fanining tarbiyaviy xususiyatlari (balog‘at va fasohat ilmlari misolida”, “Imlm Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazining xalqaro hamkorlik masalalari”, “Arab tilining islom an’analari bilan bog‘liqligi”, “Arab tilini o‘qitishda zamonaviy pedagogik texnologiyalardan foydalanish” kabi mavzulardagi ma’ruzalar tinglandi.
Anjuman davomida so‘zga chiqqanlar tomonidan turli fikr-mulohazalar tinglandi. Soha rivoji uchun kerakli tavsiyalar, amaliy takliflar bildirildi.
Muxtasar aytganda, forum arabshunoslik sohasining rivojlanishiga katta hissa qo‘shadi va dunyo miqyosida arab tili, adabiyoti, tarixi va madaniyatiga bo‘lgan qiziqishni oshiradi, yangi tadqiqotlar, ilmiy ishlar nashr etilishiga va zamonaviy ta’lim dasturlarini ishlab chiqilishiga yordam berishi shubhasiz.
O‘zbekiston xalqaro islom akademiyasi
Matbuot xizmati
Izoh qoldirish